Mirziyoyev: maqsadimiz - 2030-yilgacha O‘zbekistonni burokratiyadan xoli hududga aylantirish

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Yangi O‘zbekistonda “Qog‘ozsiz hukumat” tizimiga to‘liq o‘tilib, qog‘oz aylanmasidan butunlay voz kechiladi.
TOShKENT, 28 noya – Sputnik. Pirovard maqsadimiz – 2030-yilga qadar O‘zbekistonni ortiqcha burokratiyadan xoli bo‘lgan hududga aylantirishdan iborat, deya ma’lum qildi prezident Shavkat Mirziyoyev burokratiyani bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forumda so‘zlagan nutqida.
Davlat rahbari bugun burokratiyani kamaytirish bo‘yicha alohida dastur tasdiqlanganini ma’lum qildi. Ushbu hujjat, eng avvalo, davlat va aholi, davlat va biznes hamda davlat tuzilmasining ichki munosabatlarida burokratiyani bartaraf etish, har tomonlama qulay davlat xizmatlari ekotizimini yaratishni nazarda tutadi.
Dastur doirasida 2030-yilga qadar amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, davlat xizmatlari soni 1,5 mingtaga, elektron xizmatlar ulushi 95 foizga yetkaziladi. Kelgusi yilning o‘zida 250 ta xizmatlar elektron shaklga o‘tkaziladi. Masalan, avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish kabi xizmatlardan elektron foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi O‘zbekistonda “Qog‘ozsiz hukumat” tizimiga to‘liq o‘tilib, qog‘oz aylanmasidan butunlay voz kechiladi. Mavjud 40 million hujjatlardan 25 millioni, shundan keyingi yilning o‘zida 5 millioni raqamlashtiriladi.
Onlayn va kompozit xizmatlarning soni 400 taga yetkaziladi. Kelgusi yilning o‘zida 180 turdagi bunday xizmatlar joriy etiladi.
“Natijada fuqaro murojaat qilmasdan unga xizmat ko‘rsatiladigan tizimga o‘tamiz”, – dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, barcha davlat xizmatlari xatlovdan to‘liq o‘tkaziladi. Bunda bir-birini takrorlovchi, keraksiz, fuqarolarga yuk bo‘layotgan talablar bekor qilinadi.
Xususan:
litsenziya va ruxsatnomalar berish, kommunal tarmoqlarga ulanish, qurilish sohasida 300 tadan ortiq davlat xizmatlari soddalashtiriladi. Masalan, 4 ta kommunal tarmoqqa yagona ariza asosida ulanish imkoniyati yaratiladi;
xizmat ko‘rsatish muddatlari keskin qisqartiriladi hamda ortiqcha hujjat va ma’lumotlar talab qilish bekor qilinadi;
100 tadan ziyod davlat xizmatlarining ko‘rsatish muddatlari 50 foizga qisqaradi. 110 tadan ortiq ma’lumot va hujjatlar talab qilish to‘liq bekor qilinadi;
Davlat xizmatlari portali, “Litsenziya” tizimi, “Yagona darcha” bojxona platformasi va koll-markazlar to‘liq sun’iy intellekt asosida ishlashga o‘tadi.
Har yili vazirlik va idoralar faoliyati maxsus raqamli platforma orqali baholanadi. Eng yaxshi natijaga erishgan idoralar va xodimlarni rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.
Dastur natijadorligini doimiy ravishda monitoring qilish, vazirlik va idoralarning burokratiyani qisqartirishga doir faoliyatini muvofiqlashtirish uchun alohida Dastur ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Aholi va biznes vakillari uchun dasturga qo‘shimchalar va yangi tashabbuslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritish, shu bilan birga, ular tomonidan vazirlik va idoralarning dastur doirasidagi faoliyatini baholash imkoniyati yaratiladi. Buning uchun 3 million dollar miqdorida mukofot jamg‘armasi tashkil etiladi.
Ushbu jamg‘arma hisobidan burokratiyani bartaraf etish bo‘yicha yangi tashabbus bilan chiqqan aholi, biznes vakillari hamda davlat xizmatchilari alohida pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etiladi.
“Burokratiyani bartaraf etish – davlatning xalqqa xizmat qilishga qaratilgan ustuvor vazifasidir. Biz birgalikda shunday tizimni yaratishimiz kerakki, fuqaro davlat idorasiga emas, davlatning o‘zi har bir fuqaroning oldiga borishi va muammosini hal qilishi lozim. Bu – Yangi O‘zbekiston davlat boshqaruvining zamonaviy va insonparvar qiyofasi bo‘lishi zarur”, – dedi prezident
Shundan so‘ng davlat rahbari ramziy tugmani bosib, Burokratiyani bartaraf etish dasturini ishga tushirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana