Endi tadbirkorlar 5-yil foydalangan davlat mulkini sotib olishi mumkin bo‘ladi

© iStock / ktasimarrDelovie lyudi. Arxivnoe foto
Delovie lyudi. Arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.03.2025
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
TOShKENT, 27 mar — Sputnik. O‘zbekistonda endi tadbirkorlar kamida besh yil ijarada foydalangan davlat mulkini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi sotib olishi mumkin bo‘ladi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi.
Ma’lum qilinishicha, 2021-2024 yillarda 47 trillion so‘mlik davlat aktivlari sotilgan. Bu – oldingi o‘n yillikdagi ko‘rsatkichdan 30 karra ko‘p.
“Bular hisobiga davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 karra qisqardi, iqtisodiyotda davlat ulushi 13 foizga kamaydi. Xususiylashgan mulk samaradorligi ham bir necha barobar oshdi. Oldinlari, asosan, kichik korxona va obyektlar sotilgan bo‘lsa, endilikda yirik davlat aktivlari ham sotuvga chiqarilmoqda. Jumladan, Qo‘ng‘irot soda zavodi, “Foton”, “Temiryo‘lkonteyner” kabi yirik korxonalar, “International” va “Lotte” mehmonxonalari xususiylashtirildi. O‘tgan yili noyabrda ilk bor “xalq IPO”si bo‘yicha Tovar-xomashyo birjasining 3 milliondan ortiq aksiyasi aholiga sotildi, 11 ming odam aksiyadorga aylandi”, — deyilgan xabarda.
Tizimdagi kamchiliklar:
hududning ixtisoslashuvi, kommunikatsiya o‘tkazish imkoniyati o‘rganilmasdan auksionga chiqarilgan 1,5 ming gektar yer 1-yildan ortiq sotilmagan;
4 mingta yer uchastkasini auksionga chiqarishda kelishish jarayonlari kechikkan;
vazirlar va hokimlar o‘tgan yili sotilishi kerak bo‘lgan 243 ta mulkni Davlat aktivlari agentligiga o‘tkazib bermagan;
“Avtosanoat”, “Kimosanoat”, “Metallurgiya kombinati”, “O‘zbekneftgaz” kabi 22 ta korxona haligacha xalqaro moliyaviy hisobot yuritishga o‘tmagan;
“O‘zbekiston pochtasi”, “Uzbekistan Airports”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” haligacha kredit reytingi olmagan.
Xususiylashtirish sohasidagi 2025-yilgi maqsadlar belgilab olindi.
30 trillion so‘mlik davlat mulkini sotib, budjetga kamida 10 trillion so‘m tushumni ta’minlash;
116 ta korxonadagi davlat ulushini va 581 ta ko‘chmas mulk obyektini sotuvga chiqarish;
6,1 ming gektar yerni auksionga qo‘yib, sotish hajmini 6 trillion so‘mga yetkazish;
kamida 300 ta kon va maydonni tashabbuskorlarga taklif etib, 500 milliard so‘m tushum tushirish.
“Bularning natijasida iqtisodiyotga qo‘shimcha investitsiyalar kirib kelib, tadbirkorlikka imkoniyat kengayadi, minglab ish o‘rinlari paydo bo‘ladi”, — deyilgan xabarda.
Quyidagi yengilliklar beriladi:
endi tadbirkorlar kamida besh yil ijarada foydalangan davlat mulkini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi sotib olishi mumkin bo‘ladi;
bugungi kunda 632 ta shunday obyekt bor. Ushbu mulklarni ijarachilarning o‘ziga sotish orqali kamida 2 trillion so‘m tushum qilish mumkin;
Paxtasanoatning sotilmay qolgan 131 ta aktivlarini boshlang‘ich bahosi 50 foizgacha pasaytirilib, auksionga chiqariladi. Bunda, tadbirkorlarga to‘lovlarni uch yilgacha bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi;
respublikadagi 537 ta bozor va savdo majmualarining kamida 51 foiz ulushi mahalliy hokimliklarga tegishli. Endi bu tartib ham o‘zgaradi. Bozorlarda mahalliy hokimlikning majburiy ishtirok etishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi;
auksionda uzoq vaqtdan buyon sotilmay turgan, maydoni kichik bo‘lgan yonma-yon joylashgan yer uchastkalari birlashtirilib, qayta auksionga chiqariladi.
Aytilishicha, Toshkentda munitsipal toifadagi joylar xatlov qilinib, elektron bazasi yaratildi. 102 ta samarasiz bino hamda 97 gektar bo‘sh yer aniqlanib, auksionga chiqarish boshlandi.
"O‘tgan yili bino-inshootlar ostidagi 118 gektar yer uchastkalarini xususiylashtirishdan 60 milliard so‘m tushum bo‘ldi. Bu – 2022-yilga nisbatan 5 karra ko‘p degani. Endi ushbu tajriba barcha viloyat markazlarida, keyingi yil tumanlarda joriy qilinadi", — deya qayd etilgan xabarda.
Mutasaddilarga ekspertlarni jalb qilgan holda davlat ishtirokidagi korxonalarni xalqaro bozorga olib chiqish jarayonlarini davom ettirish vazifasi qo‘yildi.
Bu yil xalqaro bozorlarda yana 28 ta, keyingi yil 10 ta yirik korxona aksiyalari ommaviy savdoga chiqarilishi belgilandi.
Yangiliklar lentasi
0