Deputatlar yangi qonunlarni qabul qilib, bitta hujjatni qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarishdi

© Spuntik / Dmitriy AstaxovPapka s dokumentami
Papka s dokumentami - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 26.01.2025
Obuna bo‘lish
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida qator qonun hujjatlari qabul qilindi.
TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingan qator hujjatlar Oliy Majlis Senatiga yuborildi, deya xabar berdi quyi palata matbuot xizmati.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda suv resurslarini boshqarish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasidagi ijtimoiy munosabatlar 10 ga yaqin qonun hujjatlari, shu jumladan, O‘zbekiston Konstitutsiyasi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlari, shuningdek 20 tadan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.
“Ushbu hujjatlar suv munosabatlarini huquqiy tartibga solishga asos solgan bo‘lsa-da, sohadagi munosabatlarni izchil va tizimli hal etadigan, suv qonunchiligining yagona muvofiqlashtirilgan tizimini shakllantirishni yetarli darajada ta’minlay olmadi. Shundan kelib chiqib, suv va suvdan foydalanish sohasida yagona huquqiy hujjat yaratish maqsadida ishlab chiqilgan Suv kodeksi loyihasida bir qator muhim normalar o‘z aksini topmoqda”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Aytilishicha, kodeksda belgilanayotgan normalar suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, suv yetkazib beruvchilar va suv iste’molchilarining mas’uliyati oshirishga, suvdan foydalanishda ruxsatnoma olish tartibi soddalashtirilishiga xizmat qiladi.
Kodeks loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida mas’ul organlarning vakolatlari, vazifa va funksiyalarini aniq belgilash;
suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish;
suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlarini soddalashtirish;
suvni iste’molchilar orasida taqsimlashning yangi mexanizmlari joriy etish;
suv resurslarini boshqarish, ulardan foydalanish va muhofaza qilishga doir kompleks hamda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
suv tejovchi texnologiyalaridan keng foydalanishni rag‘batlantirish;
suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari.
“Deputatlarning fikricha, kodeks loyihasining qabul qilinishi suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, texnologik modernizatsiya qilishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Majlisda ayrim normalarni maromiga yetkazish uchun Kodeks loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi”, — deyilgan xabarda.

Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat

Dputatlar “Harbiy xizmatchilar, harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervida oylik yig‘inlarni o‘tayotgan shaxslarning moddiy javobgarligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.
Aytilishicha, ushbu qonun loyihasi bilan amaldagi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonun bilan belgilangan harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarligiga oid normalarga oydinlik kiritilib, mazkur masala yuzasidan yaxlit qonun hujjatini qabul qilish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasida quyidagi normalar aniqlashtirilmoqda:
harbiy xizmatchilarni moddiy javobgarlikka tortish asoslari;
harbiy xizmatchilarning cheklangan yoki to‘liq moddiy javobgarligi masalalari;
yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash tartib-taomillari;
yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi kabi muhim normalar.
“Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga, harbiy intizomning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi”, — deya qayd etilgan xabarda.

Qurilish maydonlarida atmosfera havosi talablarini buzganlik uchun javobgarlik

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, qurilish va urbanizatsiya ko‘lamlarining kengayishi, qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishi hollarining ortishi atmosfera havosi sifatining yomonlashuviga olib kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilmoqda.
Muhokamalar davomida qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazilgani, ularda deputatlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan berilgan takliflar chuqur tahlil qilingani va ularning aksariyati loyiha matnida aks ettirilib, u maromiga yetkazilgani qayd etildi.
“Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish huquqlarini ta’minlashga, tartibsiz ravishda tashlanadigan chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf qilishga xizmat qiladi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi”, — deyiladi xabarda.

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash

Majlisda oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Aytilishicha, hozirda jamiyatda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, shu jumladan ularning xavfsizligi va munosib sharoitlarda yashash huquqini ta’minlash zarurati yuzaga kelmoqda.
“Ushbu qonun loyihasi bilan Uy-joy kodeksining 32-moddasi turar joydan foydalanish haqidagi nizolarni ko‘rib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga ko‘ra, uy-joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mutanosib sharoitga ega bo‘lgan boshqa turar joyga kiritishi yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini mulkdorga yuklashi mumkinligi bo‘yicha norma kiritilmoqd”, — deyilgan xabarda.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi uy-joy nizolarini ko‘rib chiqishda mulkdorning manfaatlarini inobatga olish bilan birga, xotin-qizlarga yashash uchun qulay sharoit yaratish hamda oila va xotin-qizlar boshqaruvi tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi

Majlisda ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
“Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasida nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi (ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, O‘zbekiston hududiga olib kirish, olib chiqish) taqiqlanmoqda. Bundan tashqari, aylanmasi taqiqlangan chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda”, — deyilgan xabarda.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholining hayoti va sog‘lig‘ini yanada himoya qilish, millat genofondini saqlash, atrof-muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qiladi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish

Deputatlar aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratish orqali protsessual qonunchilikni takomillashtirish zarurati mavjud.
Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeklariga aholiga sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etishning huquqiy asoslarini yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi quyidagilarga xizmat qiladi:
aholining sud majlislarida qatnashish uchun sud binolariga kelishlari bilan bog‘liq ovoragarchiliklarining oldini olishga;
tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirishga;
ortiqcha sarf-xarajatlarini tejalishini ta’minlashga.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Milliy gvardiya faoliyati yanada takomillashtiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy va ma’muriy islohotlar talablari, milliy va xorijiy tajriba tahlili hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalari Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
Milliy qonunchilik va jamoatchilik fikridan kelib chiqib “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi qonun “fuqaro bilan muloqotga kirgan harbiy xizmatchi (xodim) zimmasiga o‘zini tanishtirish, fuqaroga uning huquqini tushuntirish shartligi haqida”gi yangi majburiyat bilan to‘ldirilmoqda. Bu majburiyat Milliy gvardiya xodimlarining kundalik faoliyatida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar talablariga rioya etish bilan birga, aholining ushbu davlat organiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida Milliy gvardiya tarkibiy va hududiy bo‘linmalarining zamonaviy talablarga javob beradigan, xalqchil va professional qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi”, — deyilgan xabarda.

Avtomobil yo‘larini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashdagi o‘zboshimchaliklar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida transport sohasida davlat nazoratini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, bugun kunda transportda yuk va yo‘lovchi tashishlarga bo‘lgan talabni qondirish, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, avtomobil transportida tashish uchun belgilangan meyordan ortiq yuk ortilishini oldini olish va transport sohasida davlat nazoratini ta’minlash zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi quyidagilar uchun javobgarlik belgilanmoqda:
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga temir yo‘l transporti va metropolitenda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi qoidalarini buzish;
haydovchilarining mehnat va dam olish rejimini nazorat qiluvchi nosoz qurilmadan (taxografdan) foydalanish, haydovchining mehnat va dam olish rejimini buzish;
avtomobil transportida yo‘lovchilarni muntazam yo‘nalishlarda tashish huquqini tasdiqlovchi guvohnomasiz yo‘lovchi tashish;
belgilangan yo‘l haqi tariflarini oshirish;
muntazam yo‘nalish bo‘yicha tasdiqlangan qatnov jadvaliga amal qilmaslik;
belgilangan harakat hamda yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit o‘lchamlari, shuningdek, umumiy haqiqiy vazni, o‘qqa tushuvchi og‘irligi belgilangan normalardan oshirgan holda yo‘lga va ruxsatnomada ko‘rsatilgan harakat yo‘nalishidan chetga chiqish.
Qonun loyihasi bilan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi, “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Transport to‘g‘risida”gi qonunlarga Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi tashkil etilgani sababli, sohadagi davlat nazorati yuklatilgan vazifalar va tashkilotning nomlanishi bilan bog‘liq o‘zgartirishlar ham kiritilyapti.
Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi transport sohasidagi xizmatlar sifatini oshirish, yo‘lovchilar uchun muntazam yo‘nalishlarda maqbul narxlarda tashish jarayonlarini olib borish, avtomobil yo‘larini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’minlash jarayonlaridagi o‘zboshimchiliklarni oldini olish, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarida xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi obdon muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir qator vakolatlar berilmoqda. Ya’ni, tuzni va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlashda ishlatiladigan yod preparatlari tarkibi, ularga qo‘yiladigan talablar, tuzni va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash, tuzni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va sotishga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.
Shuningdek, yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, ishlab chiqarilishi, saqlanishi, olib kirilishi hamda realizatsiya qilinishi nazoratini olib boradi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi aholini endemik buqoq kasalligining oldini olish maqsadida profilaktik tadbir to‘laqonli amalga oshiriladi, axolining extiyoji uchun zarur bo‘lgan sifatli va xavfsiz bo‘lgan osh tuzi bilan ta’minoti to‘liq qoplanadi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Yer osti suvlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida yer osti suv resurslarini muhofaza qilishga qaratilgan qonuni loyihasi ham muhokama etildi.
Aytilishicha, co‘nggi yillarda aholini yer osti suvlari hisobiga ichimlik suvi bilan ta’minlash 67 foizga yetgan. Ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojning ortayotganligi, yer osti suvlarining asosan yerlarni sug‘orish va boshqa maqsadlarda olinishi natijasida yer osti suvlari sathining ko‘p yillik o‘rtacha sathdan pasayib ketish holatlari kuzatilmoqda.
Shuningdek, sohaga oid ruxsat beruvchi tartib-tamoyillar soddalashtirilgan va shaffoflashtirilgan bo‘lishiga qaramasdan, yer osti suvlariga quduqlarning ruxsatsiz burg‘ilanishi va suvdan nazoratsiz, hisobsiz foydalanish holatlari yildan-yilga ortib bormoqda.
“Yuqoridagi holatlarning oldini olish hamda yer osti suv resurslarini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasida yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berish tartibi o‘rniga yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyati uchun ruxsatnoma berish tartibini kiritish ko‘zda tutilmoqda. Shundan kelib chiqib, 2 ta kodeks va 2 ta qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda”, — deyiladi matbuot xabarida.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Harbiy hisobni yuritish tizimi raqamlashtiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Qayd etilishicha, aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan 73 turdagi ma’lumotnoma va hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinib, davlat organlari tomonidan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda ushbu ma’lumotlarni olish tizimi joriy etildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda aholiga qulay va oson shaklda davlat xizmatlarini ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarning sarson bo‘lishining oldini olish, harbiy hisobni yuritish tartibini yanada soddalashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilmoqda:
harbiy hisob ishlarini yanada takomillashtirish;
harbiy xizmatga majburlarni harbiy ro‘yxatga qo‘yish va undan chiqarish tizimini raqamlashtirish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan harbiy ro‘yxatda turgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Mudofaa vazirligiga axborot tizimlaridan foydalangan holda taqdim etish tartibini joriy etish.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Yangiliklar lentasi
0