Ayrim tadbirkor va yuridik shaxslar davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi

© Depositphotos / VadymvdrobotRabochee mesto
Rabochee mesto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.01.2025
Obuna bo‘lish
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritildi.
TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda ayrim tadbirkor va yuridik shaxslar davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi. Bu haqda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, tadbirkor va yuridik shaxslar quyidagi holat uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi:
ma’muriy-hududiy birliklar tuzilganligi yoki tugatilganligi, ularning chegaralari yoki bo‘ysunuvi o‘zgartirilganligi natijasida tadbirkorlik subyektlarining va boshqa yuridik shaxslarning joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganda ular qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun.
Shuningdek, sug‘urta qildiruvchilar majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bunda sug‘urta qildiruvchilar (sug‘urtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda va Iqtisodiy sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy to‘lovdir.
Davlat boji turlari jumlasiga quyidagilar ham kiradi: O‘zbekiston konsullik muassasalari tomonidan konsullik harakatlarini amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan konsullik yig‘imi, ixtirolarga, foydali modellarga, sanoat namunalariga, seleksiya yutuqlariga, tovar belgilariga, xizmat ko‘rsatish belgilariga, geografik ko‘rsatkichlarga, tovar kelib chiqqan joy nomlariga, integral mikrosxemalar topologiyalariga huquqiy muhofaza berish bilan bog‘liq yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan patent boji.
Vakolatli muassasalarga va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan va o‘ziga nisbatan yuridik ahamiyatga molik harakat va (yoki) hujjatlar berish amalga oshiriladigan yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini to‘lovchilardir.
Yangiliklar lentasi
0