Reimbursatsiya dasturi: kimlarga bepul dorilar beriladi?

© Sputnik / Aleksandr Krajev / Mediabankka o‘tishRabota apteki v Novosibirske
Rabota apteki v Novosibirske - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 05.01.2025
Obuna bo‘lish
Reimbursatsiya dasturi 2026-yilning yakuniga qadar mamlakatning barcha hududlarida joriy etiladi.
TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. Surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga bepul dori-darmonlar beriladi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, reimbursatsiya (xarajatlarni qoplash) tizimi 2020 — 2024-yillar davomida Sirdaryo viloyatida sinovdan o‘tkazildi. Hozirda esa Toshkent shahrida ham amaliyotga tatbiq etilmoqda.
“Reimbursatsiya dasturi 2026-yilning yakuniga qadar mamlakatning barcha hududlarida joriy etiladi”, — deyilgan xabarda.
Bunda prezidentning 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept asosida dori vositalari bemorga dorixonalar tomonidan bepul beriladi. Barcha xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
“Hozir dasturga 7 xil surunkali xastalik — gipertoniya, yurak-ishemik kasalligi, qandli diabetning 2 turi, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv xastaligi kiritilgan bo‘lib, ularga chalingan bemorlarga 27 xil dori-darmonlar bepul beriladi”, — deyiladi xabarda.

Tizim qanday ishlaydi?

Tizimdan foydalanish imkon qadar soddalashtirilgan. Fuqaro, oilaviy shifokorga borib uchraydi, yuqoridagi kasalliklardan biri yoki bir nechtasi aniqlanadigan bo‘lsa, shifokor elektron retsept shakllantiradi. So‘ng bemor telefoniga SMS kod keladi va shu kod Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan dorixonaga ham boradi. Bemor yoki uning yaqinlaridan biri shu SMS kodni dorixona xodimiga ko‘rsatib, retseptdagi dorilarni olishi mumkin bo‘ladi.
“SMS yaxshi ishlamaydigan joylardagi bemorlar nima qiladi? Albatta, bu masala ham hisobga olingan. Oilaviy shifokor tomonidan QR-kodli elektron retsept shakillantiriladi va bemorga beriladi. Bemor yoki uning yaqinlaridan biri QR-kodli elektron retseptni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan dorixona xodimiga taqdim etadi va o‘ziga kerakli dori vositalarini oladi”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.
Bemor o‘zi olgan dorilarni qabul qilib bo‘lgach, yana shifokor huzuriga keladi. Shifokor uni tekshirib bo‘lgach, yangi elektron retseptni shakllantiradi. Bu galgi dorilar miqdori, ya’ni dozasi farq qilishi mumkin. Muhimi, ana shu jarayon to bemor darddan to‘liq forig‘ bo‘lib ketgunicha davom etadi.
“Shu o‘rinda yana bir jihatni ko‘zdan qochirmaslik joiz. Gap bemorlarda kuzatiladigan o‘ziga xos “injiqlik” haqida bormoqda. Ayrim bemorlarning dori vositalarini vaqtida qabul qilmasligi holatlari uchrab turadi. Bu jihat ham dastur ijodkorlari e’tiboridan chetda qolmagan. Potranaj hamshirasi o‘zining hududida dastur doirasidagi necha bemor borligini yaxshi biladi va tez-tez ularning uyiga borib, narozat qilib turadi. Kimdir dorini vaqtida qabul qilmayotgan bo‘lsa, hamshira tushuntirish ishlari olib boradi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Yangiliklar lentasi
0