Ombudsman mobil ilovasi ishga tushdi: murojaatchilar qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi?
© Unsplash / Luis VillasmilMobilniy telefon v ruke mujchini
Obuna bo‘lish
Fuqarolar istalgan vaqt va masofadan turib 24/7 rejimida murojaat yuborishi mumkin.
TOShKENT, 27 avg — Sputnik. Ombudsmanning mobil ilovasi ishga tushirildi, deya ma’lum qildi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot kotibi Fotima Madrahimova Sputnik O‘zbekiston muxbiriga.
“Ombudsman.uz mobil ilovasining maqsadi murojaatchilarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, jumladan, fuqarolarga onlayn maslahat berish, murojaatning ijro holatini onlayn ravishda monitoring qilib borish, mobil ilova orqali murojaat ijrosi yuzasidan tegishli tashkilotlardan yuborilgan javob xatlari, statistik ma’lumotlar bilan tanishish kabi xizmatlar joriy etishdan iborat”, — deydi Madraximova.
Ilova o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishlaydi.
Mobil ilovaning vazifalari:
tezkor va qisqa murojaat yuborish;
murojaatlarni ko‘rib chiqish holatini kuzatib borish va natijasi bilan tanishish;
yuborilgan murojaatlar statistikasi bilan tanishib borish;
ombudsman faoliyatiga oid yangiliklardan xabardor qilish;
onlayn maslahat olish uchun ko‘maklashish.
ombudsman, uning mintaqaviy vakillari va markaziy apparati haqida ma’lumot olish;
qabul kunlari haqida ma’lumot olish.
Qayd etilishicha, fuqarolar istalgan vaqt va masofadan turib 24/7 rejimida murojaat yuborishi mumkin.
"To‘g‘ri sayt orqali ham murojaat yuborish mumkin, lekin ilovada yuborilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish holati va natijasi bilan tanishish imkoniyati bor", — deya qo‘shimcha qildi matbuot kotibi.
Ro‘yxatdan o‘tishda OneID yagona identifikatsiya tizimidan foydalanish talab etiladi. Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar uchun mobil ilovaga tez va oson kirish va unda ishlashni davom ettirish mumkin.
Mobil ilovani "Google Play" va "App Store" orqali yuklab olish mumkin.