ShHT hamjihatligi zaiflashishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim: Mirziyoyevning sammitdagi asosiy fikrlari
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev prinyal uchastie v ocherednom zasedanii Soveta glav gosudarstv-chlenov ShOS, sostoyavshemsya v gorode Astane.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, ushbu sammit xalqaro vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda o‘tmoqda.
TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Hozirgi kunda ShHT hamjihatligi zaiflashishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostonadagi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ma’lum qildi.
O‘zbekiston yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, ushbu sammit xalqaro vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda o‘tmoqda.
“Bunday murakkab vaziyatda ShHTning asosi bo‘lgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimdir. Ana shu tamoyillar tufayli Tashkilot bugungi yutuqlarga erishdi, xalqaro masalalarda yuksak nufuz va barqarorlashtiruvchi o‘ringa ega bo‘ldi”, — dedi Mirziyoyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda ShHT hamjihatligi zaiflashishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir.
“Biz “ShHT oilasi” jipsligini kuchaytirishimiz, birgalikda rivojlanish tamoyilini hayotga izchil tatbiq etib, ochilayotgan yangi imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishimiz zarur. Buning uchun bizda barcha shart-sharoitlar mavjud. Jahon aholisining 40 foizdan ortig‘i, global yalpi ichki mahsulotning chorak qismidan ko‘prog‘i mamlakatlarimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Hech shubhasiz, ushbu beqiyos salohiyatni ro‘yobga chiqarish bizdan iqtisodiy sheriklikning yangi modellarini shakllantirishni va ShHT doirasida barqaror rivojlanishning uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqishni talab etadi”, — deya qayd etdi mamlakat yetakchisi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev prinyal uchastie v ocherednom zasedanii Soveta glav gosudarstv-chlenov ShOS, sostoyavshemsya v gorode Astane.
Shavkat Mirziyoyev prinyal uchastie v ocherednom zasedanii Soveta glav gosudarstv-chlenov ShOS, sostoyavshemsya v gorode Astane.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
O‘zbekiston yetakchisi ShHT oldida turgan eng dolzarb vazifalar haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:
Birinchi. Hozirgi paytda umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamjihatlik bo‘yicha biz ilgari surgan Samarqand tashabbusining ahamiyati har qachongidan ham dolzarbdir. ShHTning Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksi qabul qilinishi hozirgi yangi sharoitda muloqotni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkonini beradi, deb hisoblaymiz.
Ikkinchi. ShHT doirasida savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha bitimni ishlab chiqish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Hujjatga savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglamentlar va sertifikatlash, fitosanitariya va veterinariya nazorati tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni kiritish mumkin. Bundan tashqari, transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha jahondagi tendensiyalarni hisobga olgan holda, ushbu sohada amaldagi raqamli savdo platformalari integratsiyasini ko‘zda tutuvchi hamkorlik dasturini tayyorlashni taklif etamiz.
Uchinchi. Infratuzilma, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlari va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz. Bunda ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini puxta o‘ylab ko‘rish, ShHT Jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga qaytish muhim.
To‘rtinchi. “Sharq–G‘arb” va “Shimol–Janub” yo‘nalishlari bo‘yicha inklyuziv transport tizimlarini shakllantirish mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirish imkonini beradi. Transport yo‘laklari ko‘p variantli bo‘lishi – bu butun mintaqamiz barqaror rivojlanishining eng muhim shartidir. Shuningdek, Logistika jarayonlarini raqamlashtirish rejasini ishlab chiqish, shu jumladan, mamlakatlarimiz chegaralari orqali o‘tadigan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarning elektron almashuvini tashkil etishni taklif qilamiz.
Beshinchi. Qayta tiklanadigan energetikaga investitsiya va texnologiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlikning kompleks rejasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Oltinchi. IT parklarning tizimli hamkorligini rivojlantirish maqsadida “ShHT kelajak texnologiyalari” dasturini ishlab chiqish tarafdorimiz.
Yettinchi. Ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasida ShHT mamlakatlari hamkorligi bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.
Sakkizinchi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularni yetkazib berish imkoniyatlari nomma-nom aks ettirilgan mamlakatlarimizning agrosanoat sohasidagi salohiyati haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradigan “ShHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi” qo‘shma elektron platformasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
“Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lgan va mintaqaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Afg‘onistonning hozirgi ma’muriyati bilan munosabatlarni o‘rnatish borasidagi yondashuvlar turli ekani ma’lum. Aminmanki, Kobul bilan muloqotlarni saqlash butun mintaqaning xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot borasidagi manfaatlariga mos keladi. Tobora ko‘proq davlatlar buni tushunib yetmoqda. Shu munosabat bilan, “ShHT–Afg‘oniston” muloqot guruhining faoliyatini qayta tiklash haqidagi taklif hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.
Shavkat Mirziyoyev o‘z so‘zida “biz ShHTni yanada rivojlantirish jarayonlari tarafdorimiz va Tashkilotimizning faoliyatini takomillashtirish haqidagi taklifni qabul qilishga tayyormiz”, deya xulosa qildi.
Ma’lumot uchun, 3-4 iyul kunlari Ostonada ShHT sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qatar, Qirg‘iziston, Xitoy, Mo‘g‘uliston, BAA, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etmoqda. Sammitda ShHT bosh kotibi Chjan Min va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham ishtirok etmoqda.