Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtiriladi

© Sputnik / Aktan TemirkanovZdaniya na territorii kompleksa Tashkent-Siti.
Zdaniya na territorii kompleksa Tashkent-Siti. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.05.2024
Obuna bo‘lish
Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi.
TOShKENT, 1-may — Sputnik. Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtiriladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish vakolatiga ega loyiha ofisi tashkil etiladi.
Shuningdek, quyidagi tartiblar o‘rnatiladi:
2025 yil 1-yanvardan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va obyektlarni foydalanishga qabul qilishda qurilish xarajatlarni baholashning “hajm” uslubiga (hajm va sifat ko‘rsatkichlarini hisobga olishga) o‘tiladi;
2024 yil 1-iyuldan obyektlarning smeta qiymati “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasi ma’lumotlari asosida shakllantiriladi;
2024 yil 1-oktabrdan qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilgan holda, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi.
Qolaversa, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish ishlari bo‘yicha texnik nazorat xizmatini ko‘rsatishga autsorsing asosida tadbirkorlar jalb qilinadi.
Qarorga ko‘ra, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida:
2024 yil 1-iyuldan avtomobil yo‘llari va yo‘l inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan loyihalar bo‘yicha jalb qilinadigan yordamchi pudrat tashkilotlari ro‘yxatga olinadi;
tender savdolari oferentlari tomonidan takliflar to‘liq raqamlashtirilgan holda kiritiladi;
har oyda kamida bir marotaba davlat dasturlariga kiritilgan obyektlardagi qurilish jarayonining joriy holati bo‘yicha fotosuratlar joylashtirib boriladi.
Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari bo‘yicha texnik nazorat xizmatini ko‘rsatishga quyidagi obyektlarda autsorsing asosida tadbirkorlarni jalb qilishga ruxsat beriladi:
2025 yil 1-yanvardan – tajriba tariqasida qurilish (ta’mirlash) ishlari yangidan boshlanadigan maktab, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida;
2026 yil 1-yanvardan – boshqa qurilish (ta’mirlash) obyektlarida (davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan obyektlar bundan mustasno).
Yangiliklar lentasi
0