Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qo‘shimcha vazifa yuklandi
© Sputnik / Elina BeknazarovaFVV
© Sputnik / Elina Beknazarova
Obuna bo‘lish
Vazirlikda yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘limi hamda bo‘linmalari tashkil etiladi.
TOShKENT, 7 noya — Sputnik. “Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ-357-son, 06.11.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu sohada belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari yuklandi.
Vazirlikda, shunga ko‘ra, yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘limi hamda bo‘linmalari tashkil etiladi.
2024 yil 1-yanvardan:
respublikaga olib kirilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimoviy moddalar va ularni olib kiruvchi subyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Bojxona qo‘mitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali Vazirlikka real vaqt rejimida taqdim etib boriladi;
kimoviy moddalar faqat favqulodda vaziyatlarning (yong‘inlarning) oldini olish va sanoat xavfsizligi talablariga javob beradigan omborlarda saqlanishiga ruxsat beriladi.
Respublikaga kimoviy moddalarni olib kiruvchi subyektlar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimoviy moddalar va ularni saqlash joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish imkoniyatiga ega bo‘lgan axborot platformasi yaratiladi.
2024 yil 1-yanvardan O‘zbekistonga kimoviy moddalarni olib kirish, tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini doimiy nazorat qilishning quyidagi tartibi joriy etiladi, jumladan:
Bojxona qo‘mitasi kimoviy moddalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazadi hamda 1 kun muddatda Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kimoviy moddalar turi, miqdori va ularni olib kiruvchi subyekt to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markaziga taqdim etadi;
kimoviy moddalarni olib kiruvchi subyektlar ushbu moddalar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kunning o‘zida axborot platformasi orqali kimoviy moddalarning saqlanadigan joyi (ombor) haqidagi ma’lumotlarni Milliy markazga taqdim etadi.