Probatsiya nazoratidagi shaxslarga elektron braslet taqish va yechish tartibi belgilanadi

© Press-slujba SenataPlanernoe zasedanie Senata
Planernoe zasedanie Senata - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.10.2023
Obuna bo‘lish
Elektron braslet kimlarga nisbatan qo‘llanilmasligi aniq belgilanmoqda.
TOShKENT, 27 okt — Sputnik. Oliy Majlis Senatining qirq oltinchi yalpi majlisida "Probatsiya to‘g‘risida"gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Bu qonun bilan probatsiyani amalga oshirish sohasidagi munosabatlar, jumladan probatsiya tizimining asosiy tushunchalari, probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqiy holati, probatsiya nazorati va ijtimoiy moslashtirish shakllarini qo‘llash tartibi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini baholash mezonlari, ularga nisbatan elektron kuzatuv vositasini qo‘llash masalalari tartibga solinmoqda.
Probatsiya nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi subyektlar jumlasiga mehnat organlari, davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari, ta’lim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ta’lim tashkilotlari, Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari kiritilmoqda.
Shuningdek, probatsiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularning ta’lim olishiga, kasb-hunar o‘rganishiga va ishga joylashishiga ko‘maklashish vositasida jamiyatning to‘la huquqli a’zosiga aylanishiga qaratilgan faoliyat tartibga solinmoqda.
Probatsiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish, jumladan, tuman (shahar) probatsiya bo‘linmalarining vakolatlariga kirmaydigan ijtimoiy va huquqiy masalalar bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga tuman (shahar) probatsiya bo‘linmalarining yo‘llanmasi asosida davlat organlari tomonidan ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat qilish uchun elektron kuzatuv (elektron braslet) vositasini taqish va yechish hamda foydalanish tartibi belgilanmoqda.
Jumladan, elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra elektron kuzatuv vositasini (elektron brasletni) taqish tavsiya etilmaydigan boshqa shaxslarga qo‘llanilishi mumkin emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilda probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslar tomonidan 1086 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 845 tani, 2023-yilning 9 oyida esa 353 tani tashkil qilgan.
Yangiliklar lentasi
0