Muqimiy — biografiya

© ziyouzMuqimiy
Muqimiy - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.10.2023
Obuna bo‘lish
Muqimiy - XIX asr o‘zbek adabiyotining eng yirik namoyandalaridan, o‘z ijodi bilan jahon adabiyotshunosligida “devon adabiyoti” deb nomlanadigan Sharq adabiyotining davomchilaridan biri.
Tarjimai holi
Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li Muqimiy 1850-yili Qo‘qon shahridagi Bekvachcha mahallasida novvoy oilasida tug‘ildi. Otasi Mirzaxo‘ja asli toshkentlik, onasi Bibioysha xo‘jandlik bo‘lib adabiyot va san’atni ulug‘lovchi, so‘zga usta ayol bo‘lgan. Uni yaqinlari “Xumorbibi” deb atagan. Yosh Muhammad Aminxo‘janing she’riyatga ixlos qo‘yishiga onasi sababchi bo‘lgan. U dastlab eski maktabda xat-savod chiqargach, 1864-yildan Qo‘qon shahridagi “Hokim oyim” madrasasada ta’lim oldi. So‘ngra, 1872-1873 yillarda Qo‘qon madrasasani bitirib, Buxoroga yo‘l oladi. 1876-yilgacha Buxoro madrasalaridan birida tahsil olib, Qo‘qonga qaytadi.
Muqimiy hayotining so‘nggi yillari kasallikda kechadi. Quloq va jigar xastaligi shoirni qiynab qo‘yadi. 1902-yilning 16-dekabrida Andijonda bo‘lgan dahshatli zilzila butun shaharni bir zumda vayronaga aylantiradi. 4652 kishining yostig‘ini quritadi. Shoir bundan qattiq iztirobga tushadi. Ofat oqibatlarini Andijonga borib o‘z ko‘zlari bilan ko‘radi. Unga atab ta’rix-marsiya bitadi va unda ofat sabablarini o‘z aqidasiga ko‘ra jamiyat axloqi bilan bog‘laydi. Ayrim odamlarning fe’l-atvori yomonlashishidan ko‘radi. She’r shoir o‘limidan bir oy oldin “Turkiston viloyatining gazeti”da chop etiladi. Muqimiy 1903-yilning 25-mayida Quqon shahrida 53 yoshida olamdan o‘tadi.
Faoliyati
1877 yili Muhammad Aminxo‘ja Qo‘qondagi yer qurilishi mahkamasiga mirzalik vazifasiga ishga kiradi. Yer o‘lchovchi amaldorlarning hiyla-nayranglarini guvohi bo‘ladi va bu to‘g‘risida mashhur “Tanobchilar” hajviyasini yozadi. So‘ng Sirdaryo bo‘yidagi Oqjar paromida pattachi bo‘lib ishlaydi. Bu yerdagi ahvol ham shoirga yoqmaydi. 70-yillarning oxirlaridayoq pattachilikni yig‘ishtirib, Qo‘qonga qaytadi. “Muqimiy” (turg‘un, turib qolgan) taxallusida she’rlar yozib, butunlay ijodga beriladi.
Muqimiy 1887-1888 yillarda Toshkentga keladi, ota qarindoshlari bilan uchrashadi. Almaiy, Nodim Namangoniy bilan tanishadi. Ular bilan yaqindan aloqa o‘rnatadi.
Ijodiy yo‘li
Muqimiyning ijodiy merosi 10 ming misradan iborat bo‘lib, ular asosan lirika va hajviyotdan iborat. Muqimiy tabiatan so‘zga chechan, hozirjavob bo‘lib, o‘zbek va tojik tilida bemalol ijod qila olardi. Uning eng sara lirik she’rlaridan biri shubhasiz, “Navbahor”dir. Navbahor - yangi bahor, uyg‘onish fasli degani. Tiriklik nishonasi, tabiatning uzoq mashaqqatli qishdan keyingi qayta jonlanishi, qorlar erib, chor atrof yashillik bilan qoplanadi. Shoir bu manzaradan to‘lqinlanadi, zavq-shavq oladi. Tiriklikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini his etadi:
Navbahor! Ochildi gullar, sabza bo‘ldi bog‘lar!
Suhbat aylaylik, kelinglar, jo‘ralar, o‘rtog‘lar!
Xush bu mahfilda tiriklik ulfatu ahbob ila,
O‘ynashib, gohe tabiatni qilaylik chog‘lar!...
Lekin, afsuski, zamona – zo‘rniki. Aqlli, dono kishilar xor, bulbul o‘rnini qarg‘a (zog‘)lar olgan:
Hayfkim, ahli tamiz ushbu mahalda xor ekan,
Oldilar har yerda bulbul oshiyonin zog‘lar.
Kutilmaganda shoirning kayfiyati tushadi. Agar zamona adolatli bo‘lsa, har kim o‘ziga munosib qadr topadi. Shoirning e’tirozi shunda.
Muqimiy ko‘plab hajviy she’rlar yozgan. Poraxo‘r tanobchilar, tovlamachi va yulg‘ich amaldorlar, pul sochish musobaqasiga aylangan saylovlar, firibgar savdogarlar haqidagi "Saylov", "Dar mazammati zamona" va boshqa satirik asarlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Muqimiy Farg‘ona vodiysi bo‘ylab qilgan sayohatlari taassurotlarini she’r qilib yozdi va ular “Sayohatnoma” nomi bilan shuhrat qozondi. Qo‘qon-Farg‘ona, Qo‘qon-Shohimardon, Qo‘qon-Isfara sayohatlari taassurotlaridir. Har uch sayohatnoma yaxlit bir asar shaklida bo‘lib, to‘rtliklardan tarkib topgan, 244 misradan iborat. Asarda sayohat maqsadi, turli manzildagi qishloqlar, ularning tabiati, manzaralari tasvirlangan. Joylardagi odamlar fe’l-atvori, udumlar haqida batafsil hikoya qilinadi.
Hozirgi kunda Toshkentdagi ko‘plab ko‘chalar va O‘zbekiston davlat musiqali teatri Muqimiy nomi bilan ataladi.
Yangiliklar lentasi
0