Bolalardagi autizm kasalligi qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi — shifokor javobi

Bolalar - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 22.10.2023
Obuna bo‘lish
Autizm — ruhiyatning buzilishi bilan bog‘liq holat. U miya faoliyatiga bevosita ta’sir qiluvchi nevrologik buzilishlar natijasida kelib chiqadi.
TOShKENT, 22 okt — Sputnik. ​Bolalarda autizm belgilarini aksariyat ota-onalar o‘z vaqtida payqmaydi. Bu haqda tibbiyot fanlari doktori Shoanvar Shomansurov ma’lum qildi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyo bo‘yicha taxminan har 50 nafar boladan biriga autizm tashxisi qo‘yilmoqda. Bu, o‘tgan 10-yilga yaqin vaqt ichida ko‘rsatkichlar qariyb to‘rt barobar oshganini tasdiqlaydi.
Autizm qanday kasallik? U qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?
Autizm — ruhiyatning buzilishi bilan bog‘liq holat. U miya faoliyatiga bevosita ta’sir qiluvchi nevrologik buzilishlar natijasida kelib chiqadi.
Ushbu tashxis qo‘yilgan jajji bemorlar tashqi olam, atrofdagilar bilan muloqot qilishni istamaydi. Yolg‘izlikni xush ko‘radi. Bir xil xatti-harakat va so‘zlarni takrorlaydi.
Autizmga chalingan bola o‘z olamida yashaydi. Fikrlashi boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Ularning xatti-harakatlarida hissiy kechinmalar asosiy o‘rin tutadi.
"Ushbu kasallik ko‘p hollarda 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarda paydo bo‘ladi. Ammo uning ilk belgilarini aksariyat ota-onalar o‘z vaqtida payqay olmaydi. Yaqqolroq alomatlar esa 2-3 yoshli bemorlarda ko‘zga tashlanishi ehtimoli yuqori", — dedi Shoanvar Shomansurov.
Autizmning ilk bosqichlarida bola ota-onaning ayrim harakatlariga javob qaytarmaydi. Masalan, uni ismi bilan chaqirganingizda qaramaydi. Atrofdagi odamlar, qarindosh-urug‘lar, ularning farzandlari bilan do‘stona va iliq munosabatlar o‘rnata olmaydi.
Kasallikka xos asosiy simptomlardan yana biri bemor bolalarning o‘zgalar ko‘zlariga tik qaray olmasligidir. Bu kabi vaziyatlarda ular nigohlarini olib qochishga harakat qilishadi.
Qolaversa, bunday bemor bolalar ba’zida gaplarni eshitmaydi, u yoki bu o‘yinchoq bilan qanday o‘ynashni bilmaydi, boshqalarga jilmaymaydi. Go‘dak 12 oylik bo‘lsa-da indamaydi, atrofga qiziqib boqmaydi, 2 yoshida ham gapira olmaydi. Uyqu buzilishlari, tajovuzkorlikka moyillik va qo‘rquv ham autizm belgilari bo‘lishi mumkin.
Ushbu xastalikka chalingan bolalarga tibbiy amaliyotda taxminan 4 yoshligida aniq tashxis qo‘yiladi. Lekin bu ancha kech muddat. Vaholanki, bunday bemorlarda 18-24 oyligidayoq tegishli muolajalar boshlansa, ularning sog‘lom hayotga qaytishi oson kechadi.
Hozirgi kunda autizm bilan kasallangan bolalarga ijtimoiy moslashuv muassasalarida tibbiy, pedagogik, psixologik va reabilitatsion yordam ko‘rsatiladi.
Yangiliklar lentasi
0