Birinchi oktabrdan nimalar o‘zgaradi

© rawpixel.com / JiraKalendar s datami.
Kalendar s datami. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.09.2023
Obuna bo‘lish
TOShKENT, 29 sen — Sputnik. O‘zbekiston qonunchiligida 2023-yil 1-oktabrdan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi.
Quyida asosiy o‘zgarishlar bilan tanishish mumkin.
Tadbirkorlarga moliyaviy sanksiyalar faqat sud tartibida qo‘llaniladi
Tadbirkorlarga miqdori 10 million so‘mdan yuqori bo‘lgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkorlik subyekti huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga olganlarga subsidiya beriladi
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir shaxs uchun 3 oydan ortiq muddatda mehnat faoliyatini davom ettirgandan so‘ng BHMning 3 baravari (990 ming so‘m) miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.
Budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav (fondi) kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno.
Shuningdek, quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi:
- “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish;
- jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni tashkilotlardagi mavjud bo‘sh (vakant) hamda zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish tizimi.
Shamol stansiyasida ishlab chiqarilgan elektr uchun sertifikat
Elektrning qayta tiklanuvchi manbalar asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikati tizimi quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun joriy etiladi.
Tabiiy gaz shartnomalariga oid ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritiladi
O‘zbekistondan tabiiy gazni quvurlar orqali tashiydigan korxonalarning gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga xromatograf hamda elektron hisoblagichlar o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.
Shuningdek, tabiiy gaz va suyuq uglevodorodni realizatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomalarga oid ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritib boriladi va mazkur shartnomalar yuzasidan elektron hisobvaraq-fakturalar Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.
Xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlari qoplab beriladi
Qonunchilikka ko‘ra, B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega fuqarolar tomonidan tegishli yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi joriy etiladi.
Seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi bino va inshootlar mutaxassislarini sertifikatlash
Seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo‘nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.
Nafaqa va moddiy yordamlar bo‘yicha arizalar qabuli
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, aholiga ko‘rsatiladigan barcha turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar, shu jumladan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordamlar bo‘yicha arizalar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.
Eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar reyestri
Qonunchilikka ko‘ra, eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning reyestri (ro‘yxati) joriy etiladi;
- Raqobat qo‘mitasi bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga (ustun muzokara kuchiga) ega bo‘lgan subyektlarni aniqlaydi va ular tomonidan ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlaydi;
- raqobatga qarshi kelishuvni tuzgan yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan yuridik yoki jismoniy shaxs bu haqda Raqobat qo‘mitasiga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, u raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etiladi.
Munitsipal mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar
Adliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kadastr agentligi, Soliq qo‘mitasi va boshqa davlat organlari axborot tizimlaridagi munitsipal mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu tizimlarni o‘zaro integratsiya qilish orqali “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga yuklanadi.
Shuningdek, Toshkent shahrida belgilangan obyektlar negizida kompaniya tomonidan loyiha qiymati 1 million dollargacha ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.
Suv havzalarini ijaraga berish
Tadbirkorlarga “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn auksion orqali quyidagilar ijaraga beriladi:
- davlatga tegishli tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) – baliqni sanoat usulida yetishtirish, ovlash va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlar uchun;
- tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari – suv bo‘yida plyaj zonalarini tashkil etish, sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi, qayiqda suzish va suv sayohati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, baliq mahsulotlari, shu jumladan baliq taomlari savdosi, umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish hamda ushbu maqsadlarda yengil konstruksiyali qurilmalarni (o‘tov lagerlari majmuasi, konteynerlarni) joylashtirish uchun.
Shaharsozlik sohasidagi mutaxassislarni sertifikatlash
Shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3-yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi:
- loyiha boshqaruvini va texnik nazoratni, shu jumladan yo‘nalishlar bo‘yicha nazoratni olib boruvchi mutaxassislar;
- loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib boruvchi mutaxassislar, shuningdek, loyiha bosh muhandislari va bosh arxitektorlari;
- pudrat tashkilotlarining ichki nazoratini amalga oshiruvchi mutaxassislar.
Kapital bozorini rivojlantirish
"Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qaroriga ko‘ra:
- davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarning aksiyalari fond bozorida ommaviy taklif qilish orqali joylashtirilgandan so‘ng kamida 7-yil davomida mazkur korxonalar sof foydasining kamida 30 foizi dividend to‘lashga yo‘naltiriladi;
- davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi anderrayterlarning xizmat haqi qimmatli qog‘ozlar rejalashtirilganga nisbatan qimmatroq va (yoki) ko‘proq joylashtirilganligi natijasida shartnomada kelishilgan miqdordan oshgan hollarda, shartnoma boshlang‘ich narxini 10 foizdan ortiqqa oshirmaslik to‘g‘risidagi cheklov bekor qilinadi.
Ona va bola salomatligi
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning 14 hududiy filiali tashkil etiladi.
Elektr ta’minoti va gaz uchun tariflar o‘zgaradi
Yoqilg‘i-energetika resurslari uchun yangi tariflar joriy etiladi. Iste’molchilarning 1- va 2-guruh toifasi uchun elektr energiyasi 1 kvt/soat uchun 1 000 so‘mgacha (NKMK, OTMK, O‘zbekiston metallurgiya zavodi, budjet tashkilotlari), qolgan biznes va yuridik shaxslar uchun kvt/soatiga 900 so‘mgacha oshirilmoqda. Tabiiy gaz tariflari esa NKMK, OTMK, “O‘zbekiston metallurgiya zavodi” va budjet tashkilotlari uchun bir kubiga 1 800 so‘mgacha, boshqa tashkilotlarga kubiga 1 500 so‘mgacha miqdorda belgilanmoqda.
Davlat xizmatlarini uyda turib olish
Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda ko‘rsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun Toshkent shahrida BHMning 50 foizi, viloyat markazlarida — BHMning 40 foizi, tuman (shahar)larda — BHMning 30 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi. O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.
ID-karta va xorijga chiqish pasportlarini pochta orqali olish
Hukumat qarori bilan, 1-oktabrgacha ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini fuqarolarning yashash joyiga pochta jo‘natmasi sifatida jo‘natish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Maqolani yozishda Adliya vazirligi ma’lumotlaridan foydalanildi.
Yangiliklar lentasi
0