Aqiqa, beshikto‘yi, bolaqochdi: sunnat to‘yi bilan bog‘liq marosimlarni bilasizmi?

© Sputnik / Vsevolod TarasevichMladshee pokolenie semi Turakullovix, Uzbekskaya SSR.
Mladshee pokolenie semi Turakullovix, Uzbekskaya SSR. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.08.2023
Obuna bo‘lish
“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknimizning navbatdagi soni sunnat to‘yi bilan bog‘liq marosimlarga bag‘ishlangan.
Farzand – ota-ona uchun buyuk baxt, chunki u avlod davomchisi va tayanchi. Uning tug‘ilishi oilaning kattayu kichigiga birday quvonch bag‘ishlaydi. Bola tug‘ilganidan ma’lum bir yoshga yetguncha turli marosimlarni o‘tkazish, to‘y-tantanalar qilishdek an’analar ham dunyo xalqlarida keng tarqalgan. Bunday urf va an’analarning paydo bo‘lishiga esa insonlarning o‘z yaxshi kunlarini, quvonchlarini yaqinlari bilan baham ko‘rish istagi sabab bo‘lgan. O‘zbek xalqida ham bu kabi oilaviy, mahalliy urf-odatlar, marosimlar ko‘p. Bu galgi maqolamizda ana shunday udumlarga to‘xtalamiz.

Beshikto‘yi

Chaqaloqni beshikka belash-bog‘lash marosimi nomi. Xalqimiz orasida shakllangan qadimiy an’anaga ko‘ra, beshik asosan tut, jiyda, o‘rik kabi mevali daraxtlar yog‘ochidan tayyorlanadi. M.Jo‘rayev va L.Xudoyqulovaning fikricha, mevali daraxtlar qadimgi ajdodlarimiz tasavvurida hosildorlik, qut-baraka timsoli sifatida qaralganligi uchun yaxshi niyat bilan – beshikka bog‘lanayotgan bola kelajakda “o‘zidan ko‘paysin” degan umidda bu daraxtlarning yog‘ochidan beshik tayyorlangan. Ajdodlarimiz mevali daraxtlarga xos sermevalilik, ya’ni hosildorlik xususiyati beshik orqali bolaga ham o‘tadi, deb ishonganlar. Odatda, chaqaloqning “kindigi tushgandan” keyin – bola 3, 5, 7, 9 kunlik bo‘lganda beshikka belash marosimi o‘tkazilgan.

Aqiqa

Chaqaloq tug‘ilganligi munosabati bilan u 7 yoki 14 yoxud 21 kunlik bo‘lganda oila yaqinlari yoki mahalla-ko‘y ishtirokida o‘tkaziladigan ziyofat marosimi nomi. Aqiqa sof diniy mazmundagi marosim bo‘lganligi sababli sobiq ittifoq davrida o‘tkazmay kelindi. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida yana ommalasha boshladi. Mazkur marosimda, albatta, biron-bir jonliq so‘yilishi va ehson marosimi o‘tkazilishi kerak. Aqiqa so‘zi arab tilida “qurbonlik qilish” ma’nosini bildirgani uchun marosim shunday atalgan. Aqiqa davomida diniy ulamo Qur’oni karimdan oyatlar o‘qib, duolar qiladi.

Do‘ppisupurdi

Kelajakda qudalashishni istagan tomon vakilining bo‘lajak kelin eshigi bo‘sag‘asini supurib kelish odati nomi. “Marosimnoma” kitobida qayd qilinishicha, o‘zaro yaqin munosabatdagi oilalar kelgusida qudalashishni niyat qilishsa va shu oilalarning birida qiz, ikkinchisida o‘g‘il tug‘ilsa, o‘g‘il bolaning onasi o‘g‘lining do‘ppisi bilan qiz chaqaloq dunyoga kelgan xonadon eshigining bo‘sag‘asini supurib kelgan. Supurish harakati, albatta, ramziy ma’noga ega bo‘lgan. Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Jig‘achi, Tangachar, Vahm, Osiyo qishloqlarida qayd etilgan bu udum bajarilgandan keyin bu qizaloq do‘ppi egasi bo‘lgan o‘g‘il bolaning “do‘ppisupurdi”si hisoblangan, unashtirilgan deb qaralgan [Jo‘rayev M., Xudoyqulova L. Marosimnoma. (O‘zbek xalqining urf-odat va marosimlari haqida qisqacha ma’lumotnoma). – Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2008. 37 – 38-betlar]. Bolalar ulg‘aygach, bir-biriga ko‘ngli bo‘lsa, ular oila qurishgan.
Xuddi shu udum Xorazm viloyati qishloqlarida ham bo‘lganligini J.Yusupov qayd qilib o‘tgan: o‘g‘il farzandi bo‘lgan ota-ona o‘zi qudalashmoqni niyat qilgan xonadonlardan birida qiz bola dunyoga kelsa, qarindoshlaridan bo‘lgan bir kampirga bolasining do‘ppisini berib, qizaloq tug‘ilgan oilaga jo‘natgan. Kampir ana shu do‘ppi bilan qiz tug‘ilgan uy ostonasini supurib kelgan [Yusupov J. Xorazm ertagi va hayot haqiqati. – Toshkent: Fan, 1997. 75-bet].
Musulmon dunyosida o‘g‘il farzandni xatna qilish sunnat amallardan sanaladi. Islomni komil din sifatida mahkam tutgan o‘zbek xalqi ham o‘g‘il bolalarni sunnat qilish va u bilan bog‘liq marosimlarni o‘tkazib keladi. Sunnat to‘yi degan nom ham shundan kelib chiqqan. O‘zbekistonning turli hududlarida xatna qilish marosimi bolaning kichik to‘yigacha yoki to‘yi kuni yoxud to‘yidan bir kun keyin o‘tkaziladi. Bu marosimlar nomi ham har xil atalgan. Biz ulardan eng qiziq ikkitasining izohini quyida berib o‘tamiz.

Gulaqilish

Surxon vohasida bolani xatna qilish marosimi nomi. “Marosimnoma” kitobidagi ma’lumotga ko‘ra, Oltinsoy tumanida sunnat to‘yi kuni to‘ybola yotgan uyning devoriga zar matodan tikilgan kichkina to‘n, oyna va non osib qo‘yilgan. Qumqo‘rg‘on tumanida bola xatna qilinadigan xonaning devoriga gilam osib, ustiga ikkitadan – to‘rtta non, bolaga atab tikilgan choponcha hamda “bolaning hayot yo‘li oynaday yorug‘ bo‘lsin” uchun oyna ilib qo‘yiladi. Bu o‘rinda non – rizq-ro‘z ramzi bo‘lsa, oyna – sunnat qilinadigan xonani ziyon-zahmatlardan tozalash vositasi sifatida ko‘rilgan. Bu yurt vakillarining tasavvuriga ko‘ra, to‘ybolaga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan yovuz kuchlar oynada o‘zlarini ko‘rishdan cho‘chiydi va xonani tark etadi [Jo‘rayev M., Xudoyqulova L. Marosimnoma (O‘zbek xalqining urf-odat va marosimlari haqida qisqacha ma’lumotnoma). – Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2008. 34-bet].

Chukburron

To‘ybolani sunnat qilish marosimi nomi. Odatda, sunnat to‘yi chukburron bilan, ya’ni o‘g‘ilni sunnat qilish bilan yakunlangan. “Buron” so‘zi fors-tojikcha bo‘lib, “kesish, qirqish” degan ma’noni bildiradi.

Kovushbekitdi

Xatnachi ustaning oyoq kiyimini berkitib qo‘yish odati nomi. “Marosimnoma”da yozilishicha, sunnat to‘yi kuni bola xatna qilinayotganda to‘ybolaning otasi va qarindoshlaridan sovg‘a olish maqsadida ustaning oyoq kiyimi berkitib qo‘yilgan. Bu udum Andijon shahrida “kalish olib qochdi”, Baliqchi tumanida “kavush yashirdi”, Xorazm viloyatida “kovush gizladi”, ya’ni “kovush bekitdi” deyiladi. Bu odat sunnat to‘yining o‘ziga xos udumlaridan biri hisoblangan. Xatnachi to‘ybolaning qo‘lini halollash bilan bandligigan foydalanib, kattalar ko‘rsatmasi bilan biror bola yoki o‘smir uning kovushini “o‘g‘irlagan”. Haligi bola to‘y egalaridan sovg‘a olgach, kovush “topib berilgan”.

Boylandi

Sunnat to‘yida qo‘li halollanayotgan bolaning onasini qo‘lini bog‘lab, ayollar uning atrofida aylanib “yor-yor” aytish udumi nomi. M.Jo‘rayev hamda L.Xudoyqulovalarning ma’lumotiga ko‘ra, bu udum Andijon shahrida “qo‘li bog‘landi”, “bog‘landi”, “bog‘ladi”, Qo‘rg‘ontepa tumanida “boylandi”, “bog‘landi-bog‘landi”, Qo‘qonda “bog‘lar” deyilgan. Hozirgi kunda juda siyrak uchraydi. Izboskan tumanida to‘ybola onasining emas, balki to‘y qilayotgan oilaning yaqin qarindoshi hisoblangan bir keksa kampirning qo‘li bog‘lanadi va shu bois udum “kampir bog‘ladi” deyiladi.
Xalqimiz o‘rtasida sunnat qilinayotgan bolani atay olib qochib ketish, bolani yashirib qo‘yish va topib berish bilan bog‘liq udumlar bo‘lgan. “Bolaqochdi”, “Bolaberkitar”, “Bolako‘rdi”, “Xo‘rozso‘ydi” odatlari shular jumlasidan.

Bolaqochdi

To‘ybolani xatna qilishdan oldin qochirib yuborish udumi nomi. “Marosimnoma” kitobida aytilishicha, Andijonda to‘y kuni bolani yaqin qarindoshlaridan birining uyiga olib borib bekitib qo‘yish udumi “bola berkitdi”, “bola olib qochdi”, “o‘g‘il yashirish” deb atalgan. Kasbi tumani Komilon qishlog‘ida xatnadan avval atay “bolaqochdi” marosimi o‘tkazilgan. Bunda to‘ybolaga chopon kiygizib olgan yigitlar, uni ko‘tarib tog‘asi yoki birorta qo‘shnisinikiga olib borganlar. Oqshomda to‘y boshlanayotganda yigitlar mash’ala yoqib, to‘ybolani to‘yxonaga ko‘tarib kirganlar.

Bolaberkitar

Xatna qilinishi kerak bo‘lgan bolani yashirib qo‘yish odati nomi. Bu udum yo‘liga, hazil tariqasida o‘tkazib kelingan bo‘lib, to‘ychilardan biron-bir sovg‘a olib, keyin to‘ybola xatnachi ustaga “topib berilgan”. Bu kabi odatlar qirg‘izistonlik o‘zbeklarda hozir ham saqlangan. U yerlik o‘zbeklar orasida bu udum “bolako‘rdi” udumiga ulanib ketadi.

Bolako‘rdi

Mahalladosh o‘smirlar va “bolaberkitar”da qatnashgan bolalarning xatna qilingan bolani ko‘rgani kelishdan iborat udumi nomi. Bu udumga ko‘ra, to‘ybola shirinlik, meva-cheva va boshqa sovg‘alar bilan ko‘rib ketilgan. Albatta, to‘ychilar ham kelgan mehmonlar oldiga osh-non tortgan.
O‘tgan haftada "Xalaj, qavola, rog‘, toroj, tizziq so‘zlarining ma’nosini bilasizmi? degan maqola bergandik.
O‘zbekning o‘z so‘zlari ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlarni bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.
Avvalgi materiallar:
Shashlik yo kabob: qaysi biri o‘zbekchaligini bilasizmi?
Almisoqdan qolgan, go‘riga o‘t qalamoq: iboralar tarixini bilasizmi?
Eng ko‘p xato yoziladigan so‘zlar — ro‘yxat
Bu qiziq: o‘zbek milliy bolalar o‘yinlarini bilasizmi?
“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi.
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?
Parrandalar o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Qo‘l uchida, bir pul: o‘zbekcha iboralarga oid qiziqarli test, Bilimingizni sinab ko‘ring
Yakshanba kuni test o‘tkazamiz, bilimingizni sinab ko‘rishingiz mumkin! Telegram-kanalimizga obuna bo‘lib, kuzatib boring.
Yangiliklar lentasi
0