Farg‘onada taksi oynasini sindirgan shaxs javobgarlikka tortildi — video

© Sputnik / Pavel Bednyakov / Mediabankka o‘tishTaksi haydovchisi
Taksi haydovchisi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.08.2023
Obuna bo‘lish
Gumonlanuvchi mazkur holatni "qizishib ketdim" deb izohlagan.
TOShKENT, 3 avg — Sputnik. Farg‘ona shahrida taksi haydovchisi bilan janjallashib, avtomashina oynasini sindirgan shaxs javobgarlikka tortildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan ikki nafar shaxsning o‘zaro janjallashayotganligi aks etgan video Farg‘ona viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, 1-avgust kuni Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro Sh.S. “Yandeks” taksi buyurtma qilgan. Haydovchi buyurtmani qabul qilib, birozdan so‘ng o‘z boshqaruvidagi “Cobalt” rusmli avtomashinasida S.Temur ko‘chasiga yetib kelgan.
Biroq fuqaro Sh.S. haydovchining telefon apparati o‘chib qolganligidan va uning qo‘ng‘irog‘iga javob bermaganidan jahli chiqib, u bilan o‘zaro janjallashgan. Keyin avtomashina oynalarini tosh bilan urib sindirib yuborgan.

“Qizishib ketdim. Bir birimizni tushunmadik. Jamoat joyida qonunni buzganim uchun javob berib o‘tiribmiz. Pushaymonman. Hammadan uzr so‘rayman. Boshqa qaytarilmaydi”, - deydi gumonlanuvchi.

Holatning barcha ishtirokchilari shaxsiga oydinlik kiritilib, taksi mijozi qo‘lga olingan. Video xabardagi IIO xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

“Holat yuzasidan ushbu gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, Jinoyat protsessual kodeksning 221- moddasi taribida ushlangan. IIO xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, - deydi viloyat IIB axborot xizmati boshlig‘i Ismoil Sharipov.

Jinoyat kodeksining 277-moddasiga ko‘ra, bezorilik, ya’ni urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish bilan bog‘liq holda sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Yangiliklar lentasi
0