Toshkent aeroportidagi yagona taksi xizmati qonunni buzmoqda — Raqobat qo‘mitasi

© Uzbekistan Airports Uzbekistan Airports yagona taksi xizmati
Uzbekistan Airports yagona taksi xizmati - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.07.2023
Obuna bo‘lish
Raqobat qo‘mitasi "Uzbekistan Airports" tomonidan yagona taksi xizmatining yo‘lga qo‘yilishini noqonuniy harakat deb atadi.
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. “Uzbekistan Airports”ga yagona taksi xizmatini yo‘lga qo‘yib raqobatni cheklashga olib keladigan harakatlariga chek qo‘yish yuzasidan tegishli ko‘rsatma berilgan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Aytilishicha, “Uzbekistan Airports”ga tegishli Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hududidagi avtoturargohlar uchun to‘lovlar miqdori oshirilganligi, shuningdek, aeroport hududida faqat yagona taksi xizmati yo‘lga qo‘yilishi natijasida boshqa tadbirkorlik subyektlari kirishiga sun’iy to‘siqlar qo‘yilganligidan noroziliklar bildirilib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Qo‘mita tomonidan o‘rganishlar davomida quyidagi holatlar o‘rganilgan:
yo‘lovchilar kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning birinchi qatoriga faqat bitta tadbirkorlik subyektiga tegishli avtomobillarning kirishiga shart-sharoit yaratib berilgan;
ushbu subyektdan to‘lovlar undirilmagan;
unga tashish uchun qat’iy belgilangan tarif qo‘llanilishi va har qanday narxlar o‘zgarishlari kelishilishi belgilangan;
texnik topshiriq shartlari talabiga mos keluvchi litsenziyaga ega bo‘lgan taksi xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning avtomobillarini kiritmagan;
aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorining oshirilgan.

“Ushbu holatlar “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonun 16-moddasi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun 11-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga nisbatan noqonuniy harakat hisoblanadi”, - deyiladi xabarda.

Raqobat qo‘mitasi 2022-yil 23-dekabrda “Uzbekistan Airports” tomonidan qonunchilik talablari buzilgan deb qaror qilgan va majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
“Uzbekistan Airports”ga quyidagi mazmundagi majburiy ko‘rsatmalar berilgan:
tegishli talablarga mos keluvchi va belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo‘lgan taksi xizmatini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar avtomobillarining kiritilishiga teng shart-sharoit yaratib berilishini ta’minlash;
yo‘lovchilar va bagaj tashuvchi taksi xizmatini tashkil etish uchun “texnik topshiriq”dan, unga tegishli joyni ijaraga berish shartnomasidan yo‘lovchilarni tashish uchun qat’iy belgilangan tariflar qo‘llanilishi hamda tariflardagi har qanday o‘zgarishlar “Uzbekistan Airports” AJ bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi bandlarini chiqarib tashlash;
yo‘lovchilar kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning birinchi qatorida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar mavjudligi to‘g‘risida iste’molchilarni xabardor qilinishini ta’minlash;
aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorini qayta ko‘rib chiqish.
Shu o‘rinda, “Uzbekistan Airports” qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2023-yil 28-martdagi hal qiluv qarori bilan shikoyat rad etilib, qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirilgan.
Shuningdek, mazkur ish Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan ham ko‘rib chiqilib, 2023-yil 12-iyunda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etildi.
Yangiliklar lentasi
0