Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

© Sputnik / Zafar XalilovTashkent. Sentralniy bank Uzbekistana
Tashkent. Sentralniy bank Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.07.2023
Obuna bo‘lish
Ta’kidlanishicha, yil yakuniga qadar inflyatsiyaning prognoz doirasida bo‘lishini ta’minlash maqsadida asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilgan.
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 2023-yil 27-iyuldagi yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.
Regulyatorning qayd etishicha, inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishiga qaramasdan, narxlarga talab omillari bilan bog‘liq bosimlarning saqlanib qolayotganini inobatga olib, yil yakuniga qadar inflyatsiyaning prognoz doirasida bo‘lishini ta’minlash maqsadida asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayuvchi dinamikani ko‘rsatib, iyun oyida yillik 9 foizni tashkil qildi. Bunda o‘tgan yilgi yuqori baza effekti ta’sirlari tugab borishi, import tovarlari va tartibga solinadigan narxlar nisbatan barqaror bo‘lganligi asosiy pasaytiruvchi omillardan bo‘lgan. Xizmatlarga bo‘lgan yuqori talabning saqlanib qolishi hisobiga xizmatlar inflyatsiyasida sezilarli pasayish kuzatilmagan.
Ma’muriy va mavsumiy omillarning narxlarga ta’sirisiz hisoblangan bazaviy inflyatsiya kutilganidan ko‘ra sekinroq pasaygan va iyun oyida 11,3 foizni tashkil etgan.
Natijada bazaviy inflyatsiya va umumiy inflyatsiya o‘rtasidagi tafovutning oshib borishi kuzatilmoqda. O‘rtacha yillik inflyatsiya ham joriy inflyatsiyadan yuqori shakllangan. Bu holat narxlar shakllanishida fundamental talab omillari ta’siri saqlanib qolayotganligi, iste’mol bozorlaridagi talab va taklifning to‘liq muvozanatlashmaganligini ko‘rsatmoqda va iste’mol savatida narxlari 10 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlar ulushining yuqoriligida ham ko‘rinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank mart oyida stavkani 15 foizdan 14 foizga pasaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Shunday buyon asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.
Yangiliklar lentasi
0