Vibori prezidenta Uzbekistana — 2023 - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 08.05.2023
O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023
O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezidenti saylovi 2023-yil 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Abdushukur Xamzayevning saylovoldi dasturi

© ecouz.uz Abdushukur Xudoykulovich Xamzayev kandidat v prezidenti ot Ekologicheskoy partii
 Abdushukur Xudoykulovich Xamzayev kandidat v prezidenti ot  Ekologicheskoy partii  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 22.06.2023
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xudoykulovich Xamzayevning saylovoldi dasturi.

MUQADDIMA

Dunyoda insoniyatni o‘ylantirayotgan ekologiya muammolari tobora ortib bormoqda. Yildan-yilga global iqlim o‘zgarishlari, havo haroratining ko‘tarilishi, qurg‘oqchilik kabi o‘tkir ekologik tahdidlar dunyo afkor ommasini o‘ylantirmoqda, olimlar, siyosatchilar, har bir mamlakat, mintaqa oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Abdushukur Xudoykulovich Xamzayevning tarjimai holi
Markaziy Osiyo va butun dunyo uchun dolzarb ahamiyatga ega Orol fojiasi, shuningdek, yer va suv resurslari muammolari, biologik xilma-xillikning qisqarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining, atmosfera havosining yomonlashuvi, sanoat va maishiy chiqindilarning to‘planishi kabi ekologik muammolar har bir mamlakatni bu masalaga yanada jiddiy e’tibor qaratishini taqozo etapti.
Yuqorida keltirilgan muammolar O‘zbekiston uchun ham dolzarb hisoblanadi. Mamlakatimiz ekologiya sohasida o‘nlab xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilgan. Mazkur majburiyatlar yuzasidan milliy dastur va qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugun yurtimizda atrof-muhit holatini yaxshilash va ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish har doimgidan dolzarb va muhimdir. Barqaror ekologik rivojlanish maqsadlariga erishish orqali atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini jadallashtirish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, aholining qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini hamda ekologik xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Bu borada jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish talab etiladi.
Mazkur vazifalarni hal etish uchun mamlakatimiz siyosiy maydonida yangi kuch sifatida shakllangan O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida quyidagi dasturimizni taklif etamiz:
“Yashil taraqqiyot uchun!” shiori ostida saylovoldi dasturimizning bosh maqsadi – mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish orqali aholimizning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda farovon jamiyatni barpo etishdan iboratdir.

MAMLAKATNING BARQAROR RIVOJLANIShINI TAЪMINLASh VA “YaShIL” IQTISODIYoTGA O‘TIShINI JADALLAShTIRISh

Partiya ekologik barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan “yashil” siyosatni hayotga tatbiq etish g‘oyasini ilgari suradi.
Bu maqsadga erishish uchun quyidagilar ustuvor vazifalar etib belgilanadi:
atrof muhitni muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilash;
atrof tabiiy muhit obyektlaridan oqilona foydalanish va biologik resurslarning qayta tiklanishini ta’minlash;
iqtisodiy faoliyatning atrof muhitga va aholining salomatligiga salbiy ta’sirini pasaytiruvchi innovatsion texnologiyalarni joriy etish hisobiga barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish;
iqtisodiyotning barcha sohalarini “yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosat yuritish;
“yashil” texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish hajmlarini oshirish, tadbirkorlik subyektlarini “yashil” texnologiyalarga o‘tishini iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
biznesni yashil texnologiyalarga yo‘naltirish, yangi texnologiyalarni joriy etish hamda atrof muhitga zarar yetkazuvchi tashkilotlar uchun to‘lovlarni keskin oshirishni nazarda tutuvchi “Yashil soliqqa tortish” tizimini joriy etish;
mahsulotlarni yetishtirishda pestitsidlardan foydalanishdan to‘liq voz kechishga yo‘naltirilgan “Yashil O‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish;
iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, mamlakatga yuqori malakali kadrlar va zamonaviy, ekologik toza texnologiyalar kirib kelishini kengaytirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish maqsadida “Yashil viza” (“Green Visa”) dasturini joriy etish;
tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish;
“yashil” energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi tamoyillarini keng tatbiq etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, sohaga energiya va resurs tejovchi texnologiyalarni keng tatbiq etish va bu orqali asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini o‘rtacha 30-40 foizgacha oshirishni ta’minlash.

EKOLOGIK XAVFSIZLIKNI TAЪMINLAShGA QARATILGAN DAVLAT SIYoSATINI AMALGA OShIRISh

Biz aholining qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda quyidagilarga e’tibor qaratamiz.
Birinchidan, ekologiya sohasida qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish borasida:
xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, mamlakat manfaatlariga mos keluvchi xalqaro huquqiy hujjatlarga, xususan, “Xalqaro savdoda ayrim xavfli kimoviy moddalar va pestitsidlarga nisbatan oldindan asoslangan kelishuv tartib-taomili to‘g‘risidagi konvensiya”, “Atrof muhitga ta’sirni transchegaraviy nuqtayi nazardan baholash to‘g‘risidagi konvensiya”, “Havoni uzoq masofalargacha transchegaraviy ifloslanishi to‘g‘risidagi konvensiya”ga qo‘shilish choralari ko‘riladi;
davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish strategiyasi“ ishlab chiqiladi;
ekologiya sohasidagi tarqoq qonunchilik hujjatlarini kodifikatsiya qilish orqali tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tartibi va talablari yagona sohaviy kodekslar jumladan, Ekologiya kodeksi, Suv kodeksi, O‘rmon kodeksida mustahkamlanadi;
ekologik sug‘urtalash tizimi rivojlantiriladi, ekologik ekspertiza, ekologik baholash va ekologik audit institutlari xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtiriladi;
shaharlar bosh rejalarini tuzishda ularda yashil maydonlar kamida 30 foizni tashkil etishi, yangi turar joy binolarining qurilishida “yashil zonalar” aholining soniga mutanosib ravishda qurish lozimligi haqidagi talab qonunchilikda belgilanadi;
aholi bilan uzviy hamkorlikda obodonlashtirish ishlarini rejalashtirilib, mavjud moddiy resurslar va infratuzilma imkoniyatlaridan samarali va oqilona foydalaniladi;
yashil hududlarda, tog‘ yon bag‘irlari, daryo va ko‘llar sohillarida har qanday qurilishlarni albatta ekologik ekspertiza va jamoatchilik nazoratidan so‘ng amalga oshirilishi ta’minlanadi;
xavfli chiqindilar, tibbiyot va biologik hamda qurilish chiqindilarini boshqarish va qayta ishlashni tartibga soluvchi hamda atrof-muhitga zarar yetkazuvchi qadoqlash materiallari va tovarlarga ekologik yig‘imning huquqiy mexanizmlarini belgilab beruvchi “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilinadi;
energiya iste’moli tejamkorligi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etganlik uchun imtiyoz va preferensiyalar berishning huquqiy mexanizmlari soddalashtiriladi;
biologik xilma-xillikni va ekotizimlarni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlari muhofazasini kuchaytirish maqsadida tegishli qonunchilik hujjatlari takomillashtiriladi.
Ikkinchidan, ekologik muammolarni bartaraf etish, amalga oshirilayotgan ishlarning atrof-muhitga ta’sirini baholash va bu borada keng jamoatchilikni xabardor etish yo‘nalishida:
har qanday investitsiya loyihasini ishlab chiqishda, tabiiy resurslar bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishda, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda ularning atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimi joriy etiladi;
qonunchilikda atrof-muhitga ta’sirini baholash talab etiladigan holatlarning asos va mezonlari, baholash mexanizmi, atrof-muhitga ta’sirni baholovchi subyektlarga nisbatan qo‘yiladigan talablar belgilanadi;
iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirishning muhim strategik dasturlarini ishlab chiqishda ekologik xavfsizlik mezonlari majburiy tartibda kiritiladi;
shaharsozlik faoliyati hamda loyiha qurilish hujjatlari ishlab chiqilishida jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi, noqonuniy qurilishlarning oldi olinadi, aniqlangan har qanday holat javobgarlikka tortilishi va jazo muqarrarligi ta’minlanadi;
aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv tarmoqlarini rivojlantirish, atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish, chiqindilarni qayta ishlashni rag‘batlantirishga qaratilgan izchil davlat siyosati amalga oshiriladi;
qishloq xo‘jaligida “aqlli” va resurstejamkor texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga erishiladi;
yerning unumdor qatlamini muhofaza qilish, undan samarali foydalanish, tuproq eroziyasining oldini olish va unumdorligini saqlash, uni qayta tiklashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
mamlakatda yashil maydonlar yanada kengaytiriladi, ulardan samarali foydalanish darajasi oshiriladi, yashil maydonlarni sug‘orish jarayoniga zamonaviy avtomatlashgan tizimlar joriy etiladi;
qarovsiz hayvonlar va uy hayvonlarini nazorat qilish bo‘yicha maqsadli dasturlar qabul qilinadi;
mamlakatda polietilen, poliamid tarkibli qadoqlash mahsulotlari, bir martalik ishlatiladigan plastik va boshqa idishlardan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechiladi;
mamlakatning ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot ishlari kuchaytiriladi;
ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal etishga doir strategiya va dasturlarni amalga oshirish uchun davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari jalb etiladi;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan parlament hamda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi;
ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish, ularni bartaraf etishda davlat va jamoatchilik ishtiroki hamda nazorati samaradorligi oshiriladi, elektron tizimlardan foydalanish orqali jamoatchi ekolog - inspektorlar faoliyati huquqbuzarliklarning profilaktikasiga ko‘proq yo‘naltiriladi;
atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalarida yoshlar faolligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

MAMLAKATNING ENERGETIKA XAVFSIZLIGINI TAЪMINLASh

Mamlakatimizda iqtisodiyot sohalari va aholini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, ekologik toza qayta tiklanuvchi energiya turlariga bosqichma-bosqich o‘tish va bu borada ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish partiyaning diqqat markazida bo‘ladi.
Ushbu maqsadlarda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan “Yashil energetika strategiyasi” ishlab chiqiladi;
iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, xususan quyosh, shamol, kichik suv oqimlari, geotermal va biomassa energiyasidan foydalaniladi hamda ushbu yo‘nalishlarga ilg‘or innovatsion texnologiyalar joriy etiladi;
iqtisodiyotning ko‘p resurs talab qiladigan – energetika, qurilish, qishloq xo‘jaligi, transport kommunikatsiya tizimi va kommunal sohalarida energiya, resurs tejovchi va boshqa innovatsion, ekologik hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish qo‘llab-quvvatlanadi;
qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanishga o‘tiladi, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya ishlab chiqaruvchilarga iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yanada kengaytiriladi;
chekka va olis hududlarda qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanuvchilar qo‘llab-quvvatlanadi;
xususiy investorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar joriy etish orqali sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish kengaytiriladi.

ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISh, TABIIY RESURSLARDAN OQILONA FOYDALANISh, ShUNINGDEK, AHOLI UChUN QULAY ATROF-MUHIT ShAROITLARINI YaRATISh

Mamlakatimiz aholisi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish maqsadida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi salomatligini saqlash borasida barcha choralarni ko‘ramiz.
Inson salomatligi va xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan markazlashgan ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash bo‘yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirish orqali aholining toza ichimlik suvi ta’minoti yanada yaxshilanadi.
Ushbu maqsadlarda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
aholining, ayniqsa, qishloq joylarda yashayotganlarning toza ichimlik suvi ta’minoti va sifati yaxshilanadi;
ichimlik suvi ta’minoti loyihalarida bozor mexanizmlarini joriy etishga, loyiha tashabbuskorining tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar suv hisoblagichlarning o‘rnatilishi natijasida suv resurslaridan samarali foydalanishga erishiladi;
aholi yashash punktlarida badbo‘y hid chiqarayotgan, oqova suv tozalash inshootlari bo‘lmagan har qanday korxona faoliyati belgilangan talablarga javob beradigan texnologiyalar joriy etilmaguncha to‘xtatilish amaliyoti joriy etiladi;
oqova suvlarni tozalash inshootlarining samaradorligi past bo‘lgan hududlarda oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda yangilarini qurish choralari ko‘riladi;
kollektor-drenaj suvlarini qayta foydalanishning zamonaviy va ilmiy asoslari ishlab chiqilib, joriy etish orqali suv resurslarini muhofaza qilish ta’minlanadi;
sanoat korxonalarining suv havzalariga salbiy ta’sirini kamaytirishda avtomatik tahlil stansiyalarini o‘rnatish va axborotlar bazasiga integratsiya qilish orqali doimiy nazorat olib borish tizimi joriy etiladi.
Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil bo‘lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko‘rsatkichlarini ekologik normativlarga muvofiqligini ta’minlash strategik maqsadimiz bo‘lib qoladi.
Atmosfera havosini muhofaza qilishni ta’minlovchi ekologik xavfsizlik talablari quyidagilardan iborat bo‘lishi lozim deb hisoblaymiz:
joylarda atrof-muhitni meyoridan ortiq ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash orqali ularning texnologik jarayonlarini modernizatsiya qilish, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etishning huquqiy asoslari ishlab chiqiladi;
mamlakatimizning yirik va sanoati rivojlangan shaharlarida atmosfera havosiga chiqarilayotgan uglerod, azot birikmalari, metan va boshqa zararli gazlar miqdorini 2 baravarga kamaytirish orqali atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichlari belgilangan meyorlar darajasiga keltiriladi va ularning aholiga salbiy ta’siri kamaytiriladi;
atrof-muhitga meyordan ortiqcha ifloslantiruvchi moddalarni chiqarganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari 5-10 baravargacha oshiriladi;
atrof-muhitga zaharli gazlar chiqishining oldini olishda birinchi navbatda davlat organlari mas’uliyati oshiriladi;
jamoat joylarida va shahar ko‘chalarida chekish uchun mo‘ljallangan maxsus xonalar tashkil etiladi, boshqa joylarda chekish qat’iyan taqiqlanadi;
2030 yildan boshlab, 2009-yildan keyin tug‘ilganlarga yoshidan qat’iy nazar sigaret sotish taqiqlanadi;
atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday xo‘jalik faoliyati turlarini ifloslantiruvchi moddalarni tozalash uskunalari bilan jihozlanmasdan loyihalashtirish taqiqlanadi;
atrof-muhitga ta’sir xavfi yuqori daraja (I toifa) dagi obyektlarning ifloslantiruvchi manbalaridan namunalar olish va tahlil qiluvchi avtomatik jihozlar keng tatbiq etiladi;
ozonni yemiruvchi moddalarni ozon uchun xavfsiz moddalar bilan almashtirish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etiladi;
yirik shaharlarda jamoat transporti jozibadorligini oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlar kuchaytiriladi, xususan elektr avtobuslarni ko‘paytirish orqali shahar atmosfera havosini barqarorlashtirish ta’minlanadi;
yuk tashish yirik yuk mashinalaridan temir yo‘l transporti va atrof-muhitga kamroq ta’sir ko‘rsatadigan boshqa transport turlariga o‘zgartiraladi;
2030 yildan boshlab mamlakatda ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillarni sotish, chetdan olib kirish taqiqlanadi;
shaharlar markazlarida har haftaning juma kuni avtomobilsiz kun sifatida belgilanadi va shaxsiy transport vositasidan foydalanmaslik keng targ‘ib qilinadi;
aholi punktlarida yashil hududlar barpo etishni jadallashtirish, Toshkent shahri va viloyat markazlarida avtomobil yo‘llarini qisqartirish hisobidan piyodalar va velosiped yo‘laklarini tashkil etish, aqlli svetoforlarni keng joriy etish ta’minlanadi;
innovatsion va o‘ziga xos yashil jamoat transporti hisoblangan hamda xorijiy davlatlarda rivojlanayotgan zamonaviy transport infratuzilmalari (SKY WAY va b.) joriy etiladi.
Yer resurslari mamlakatimiz aholisining turmush farovonligi, respublikamizning iqtisodiy salohiyati uchun moddiy ne’mat bo‘lib, undan har qanday sharoitda oqilona, unumli foydalanishni tashkil etish mamlakat buguni va kelajagi uchun o‘ta muhim hisoblanadi.
Shu bois yer resurslari muhofazasini ta’minlovchi quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshiramiz:
yer resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasidagi huquqiy baza “aqlli” va resurstejovchi qishloq xo‘jaligi tamoyillari asosida takomillashtiriladi;
tuproq sho‘rlanishining oldini olishda ilm-fan yutuqlarini keng joriy etishga alohida e’tibor beriladi;
“organik” qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kuchaytiriladi, kimoviy vositalar va geni o‘zgartirilgan organizmlardan foydalanish tartibga solinadi;
atrof tabiiy muhitni, bino va inshootlarni yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning zararli ta’siridan muhofaza qilish ta’minlanadi hamda yer osti boyliklaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanishga barham beriladi;
tuproqning unumdor qatlami buzilishi bilan bog‘liq jarayonlarda, keyinchalik yerni biologik rekultivatsiyalash yoki unumdorligi past yerlarda foydalanish uchun tuproqning unumdor qatlami olinishi, saqlanishi borasida davlat va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi;
yerlarni tuproq va shamol eroziyasidan muhofaza qilish, degradatsiya, cho‘llanishdan saqlash maqsadida biomeliorativ tadbirlarni kengaytirish, ixotazorlar barpo etish va qayta tiklash ishlari amalga oshiriladi.
Suv resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish, jamiyatimizda suv iste’moli madaniyatini oshirish va suvga nisbatan tejamkor munosabatni shakllantirish eng ustuvor vazifalarimizdan hisoblanadi.
Ushbu maqsadda quyidagilar amalga oshiriladi:
qishloq xo‘jaligi, sanoat va iqtisodiyot tarmoqlarida suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan Milliy dastur ishlab chiqiladi;
suv resurslarining hisobini yuritish to‘liq raqamlashtiriladi, suvning isrof bo‘lishi keskin kamaytiriladi va suvdan samarasiz foydalanish bartaraf etiladi, suvni isrof qilganlik uchun mansabdor shaxslarning mas’uliyati oshiriladi;
aholining suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, tabiatni muhofaza qilish borasidagi milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash, rivojlantirish, suvga bo‘lgan oqilona munosabatni muqaddas burchga aylantirish g‘oyasi targ‘ib qilinadi;
avtotransport vositalarini yuvish shoxobchalari uchun suvdan foydalanish shartlari qayta ko‘rib chiqiladi, ularning har biriga foydalanilgan suvni qayta ishlash hamda suvdan takroran foydalanish tizimi joriy etiladi;
suv tejovchi texnologiyalarni (tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret va boshqa) joriy etishda iqtisodiy omillarni yanada kengroq qo‘llash orqali yerlardan olingan daromad soliq solinmaydigan daromadlar turiga kiritiladi;
suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari hamda sanitariya-muhofaza zonalari hududlarida xavfli obyektlarni joylashtirishni taqiqlash va mavjudlarini bosqichma-bosqich ko‘chirish ishlari olib boriladi;
rivojlangan xorijiy davlatlarning megapolislarida mavjud zamonaviy drenaj tizimini o‘rganish asosida poytaxtdagi va yirik shaharlardagi mavjud suv oqizish va tozalash tizimlari modernizatsiya qilinadi;
mamlakatdagi barcha darolar, yer osti suvlari va boshqa suv resurslari ifloslanishining oldini olish va ulardan foydalanish talablari takomillashtiriladi.
Sanoat korxonalari chiqindilari va qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash orqali atrof-muhit musaffoligini ta’minlash dolzarb vazifalarimizdan ekanligini qayd etamiz. Chiqindi muammolarini samarali hal etish maqsadida hosil bo‘layotgan sanoat chiqindilarini qayta ishlash hajmi oshiriladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagilar amalga oshiriladi:
sanoat va maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida zamonaviy texnologiyalar keng joriy etiladi;
chiqindilarni utilizatsiya qilish, ularni to‘plash va qayta ishlashda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish choralari ko‘riladi, uy xo‘jaliklaridan chiqadigan plastik chiqindilarni ajratish majburiy etib belgilanadi;
plastmassa mahsulotlari uchun muqobil materiallar va mahsulotlar ishlab chiqishni rag‘batlantirish, plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarish, ulardan foydalanish va utilizatsiya qilish qoidalari ijrosi ustidan nazorat kuchaytiriladi;
sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, maishiy va boshqa chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish, ularni qayta ishlash hamda ikkilamchi foydalanish chora-tadbirlari amalga oshiriladi;
xo‘jalik va boshqa faoliyat obyektlari chiqindilarini zararsizlantirish va xavfsiz joylashtirilishini texnik vositalar bilan jihozlash bo‘yicha talablar kuchaytiriladi;
chiqindilarni aholi punktlari yerlarida, tabiatni muhofaza qilish obyektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zarar yetkazish xavfi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda saqlash va zararsizlantirish cheklanadi;
chiqindilardan energiya manbai sifatida foydalanish texnologiyalari keng joriy etiladi.
Bugungi kunda butun dunyoda bioxilma-xillik kamayib borayotgani oldimizga biologik xavfsizlikni ta’minlashdek muhim vazifalar turganligidan dalolat beradi.
Shu sababli ushbu sohada quyidagilarni amalga oshirish dolzarb deb hisoblaymiz:
bioxilma-xillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish imkonini beruvchi huquqiy baza takomillashtiriladi;
bioxilma-xillikni va ekotizimlarni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanish maqsadida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini mamlakat hududining hozirgi 14 foizdan 20 foiziga yetkazish choralari ko‘riladi;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari va suvli akvatoriyasida ularning maqsadli vazifalariga zid bo‘lgan har qanday faoliyatga chek qo‘yiladi;
kamob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlarni ovlash va o‘simlik turlarini tabiatdan ajratib olishga 10-yillik moratoriy e’lon qilinadi;
geoaxborot texnologiyalari asosida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlari hisobga olinadi va monitoringi yuritiladi hamda nazorati kuchaytiriladi;
o‘rmonlarni muhofaza qilish, ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish orqali respublika hududining o‘rmon bilan qoplanganlik darajasi 30 foizga yetkaziladi;
xususiy hayvonot bog‘lari va pitomniklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va takomillashtiriladi;
brakonyerlik hamda hayvonot va o‘simlik dunyosi kontrabanda savdosini cheklash bo‘yicha keskin choralar ko‘riladi hamda ular ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
O‘simlik va hayvonot dunyosini, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni himoya qilish va ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini ilgari suramiz.
Yer, suv va atmosfera havosiga salbiy ta’siri uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, tabiatga yetkazilgan zararni qoplashda “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyilini amalda yanada keng tatbiq etilishiga erishamiz.
Bu borada quyidagilarni ustuvor deb hisoblaymiz:
tabiatga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplashning samarali mexanizmlari joriy etiladi;
tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlarining buzilishlari profilaktikasi, ularni aniqlash va ularning oldini olishning samarali mexanizmlari joriy etiladi;
yovvoyi hayvonlarni ovlash uchun to‘lanadigan narxlar qayta ko‘rib chiqiladi;
ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarni tezkor aniqlash
va qonuniy choralar ko‘rishni ta’minlash maqsadida raqamli ekologik monitoring markazi tashkil etiladi;
daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish uchun jazo choralari qat’iy belgilanadi va keskin kuchaytiriladi, ushbu sohadagi huquqbuzarliklarni aniqlashda jamoatchilik va davlat nazoratining yangi, o‘zaro uyg‘un mexanizmlari joriy etiladi;
daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni raqamlashtirish, QR (maxsus) kodlash dasturi ishlab chiqiladi, noyob va kamob daraxtlar, yirik hajmli va 100 yoshdan oshgan turlari alohida ro‘yxatga olinadi, ularga tabiiy yodgorlik maqomi beriladi;
tabiiy dorivor mahsulotlar turini kengaytirish, madaniy dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini ko‘paytirish orqali mahalliy dorivor o‘simliklar xom ashyosini yetishtirish va chuqur qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

IQLIM O‘ZGARIShLARIGA MOSLAShISh, OROL FOJIASI OQIBATLARINI YuMShATISh VA OROLBO‘YI HUDUDINI YaNADA RIVOJLANTIRISh

Butun dunyoda global iqlim o‘zgarishi bo‘yicha vaziyat jiddiyligicha qolmoqda. Dunyo ekspertlarining fikriga ko‘ra, 2050-yilga borib, global isish jarayonlari yanada jadallashishi va harorat hozirgiga nisbatan 2-3 gradusga isishi bashorat qilinmoqda.
Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlarida Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq holatlar aholi sog‘lig‘iga yanada ko‘proq ta’sir o‘tkazishi ta’kidlanyapti. Bu borada tezkor choralar ko‘rilmasa, kelgusida global tusdagi muammolar bundan-da ayanchli tus olishi mumkin.
Shuning uchun biz sa’y-harakatlarimizni mintaqamizda iqlim o‘zgarishining asosiy omili bo‘lgan Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatish orqali bu mintaqada ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratamiz.
Bunda asosiy faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
Global iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimi doirasida mamlakatda issiqxona gazlarini qisqartirishni nazarda tutuvchi milliy strategiya va harakatlar rejasi ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi;
Orolbo‘yi hududida ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik holatni yaxshilashga Davlat budjeti, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari mablag‘lari maqsadli yo‘naltiriladi;
qurigan dengiz o‘rnini o‘rmon bilan qoplash bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirish, ko‘chatchilik va o‘rmonlashtirish ishlariga davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy etish orqali Orolbo‘yi hududidagi aholining bandligi ta’minlanadi;
Nukus, Buxoro, Urganch, Xiva, Navoiy, Mo‘ynoq kabi aholi yashash punktlari atrofida “yashil belbog‘lar” barpo etish ishlari jadallashtiriladi;
xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoq hududlar (Ramsar konvensiyasi) ro‘yxatiga kiritilgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, “Dengizko‘l”, “Quyimazor”, “To‘dako‘l”, “Sudochye-Akpetke” suv omborlari ekotizimlarini muhofaza qilish kuchaytiriladi;
hududlarda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq jarayonlarni kuzatish maqsadida zamonaviy ilmiy stansiyalar tashkil etiladi;
vakolatli davlat organlari va idoralarda iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatishga qaratilgan amaliy tadbirlar tashkil etiladi;
Orolbo‘yi hududida “O‘zbekiston Qizil kitobi”ga kiritilgan noyob o‘simlik va hayvon turlarini ko‘paytirishga ixtisoslashtirilgan pitomniklar barpo etiladi.

TABIIY-TEXNOGEN HOLATLAR OQIBATIDA RO‘Y BERIShI MUMKIN BO‘LGAN BARChA VAZIYaTLAR YuZASIDAN TIZIMLI IShLARNI OLIB BORISh

Bugungi kunda yurtimiz hududida tez-tez uchrayotgan chang va qum bo‘ronlari oqibatlarini yumshatish, ularning o‘simlik va hayvonot dunyosiga keltiradigan xavfini kamaytirish, inson salomatligiga salbiy ta’sir etadigan zaharli tuzlarning havoga tarqalishining oldini olish ishlarini tashkil etish muhim hisoblanadi.
Bunda quyidagi choralar ko‘riladi:
hududlarning seysmik faolligini hisobga olib, ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarini qurish talablari takomillashtiriladi;
tog‘ va tog‘oldi hududlarida ro‘y beradigan qor ko‘chkilari, sel xavfini kamaytirish, suv omborlarining qirg‘oq bo‘ylarini mustahkamlash, yer ko‘chishi, o‘pqonlar va jarliklar hosil bo‘lishi oldi olinadi;
qurg‘oqchilik va stress omillarga chidamli o‘simlik va hayvon turlari ko‘paytiriladi, yangi nav va zotlar yaratish rag‘batlantiriladi;
Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida qum ko‘chishining olish maqsadida yashil belbog‘lar va qalqonlar barpo etish jadallashtiriladi;
qum va tuz bo‘ronlari ko‘tarilishi xavfi yuqori bo‘lgan hududlar xaritalari ishlab chiqiladi va bunday hududlarda maxsus dasturlar asosida ixotazorlar barpo etiladi.

DAVLAT VA JAMIYaT BOShQARUVI, SUD-HUQUQ TIZIMIDA ISLOHOTLAR SAMARADORLIGINI OShIRISh

Biz ekologik qadriyatlar ustuvorlikka aylanadigan, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlash va OAV faoliyati kafolatlarini mustahkamlash, odil sudlovning samaradorligini oshirish borasida islohotlarni izchil davom ettiramiz.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
fuqarolarning hayot sifatini pasaytiradigan va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi har qanday iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan moliyalashtirish taqiqlanadi;
davlat boshqaruvi tizimida ekologiya sohasidagi ma’muriy islohotlar amalga oshiriladi;
“Elektron hukumat” tizimini yanada keng joriy etish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligi oshiriladi;
sudlar mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash, sud qarorlari ijrosini ta’minlash kafolatlari kuchaytiriladi;
sud jarayonlarida tenglik va tortishuv tamoyillari to‘liq joriy qilinadi;
ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi eskirgan javobgarlik choralari bekor qilinadi, ma’muriy organlar tomonidan jarima qo‘llash qisqartirilib, sudlarga kengroq vakolat beriladi;
advokaturani mustaqil, ishonchli huquqni himoya qiluvchi institutga aylantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi;
davlat tashkilotlari faoliyatida jamoatchilik oldida hisobdorlik kuchaytiriladi;
malakali yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish sifati oshiriladi, ekolog-huquqshunoslarni tayyorlash tizimi takomillashtiriladi;
yo‘l harakati xavfsizligini tartibga solish qonunosti hujjatlaridan, qonun asosida tartibga solishga o‘tkaziladi.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Bunda:
jamoatchilik nazorati va jamoatchilik eshituvi instituti rivojlantiriladi, barcha tizimdagi davlat idoralari faoliyatida, davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni kengaytirish choralari kuchaytiriladi;
davlat xizmatchilari faoliyatining iqtisodiy va ijtimoiy kafolatlari kuchaytiriladi.

SOG‘LIQNI SAQLASh, TAЪLIM, ILM-FAN VA MADANIY-MAЪRIFIY SOHALARNI YaNADA RIVOJLANTIRISh

Biz aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, xalq tabobatini yanada rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida uzluksiz ta’lim sifati darajasini ko‘tarish, ilm-fan rivojini jadallashtirish hamda madaniy-ma’rifiy sohalarni yanada yuksaltirishni ustuvor vazifalar, deb hisoblaymiz.
Ushbu vazifalarga erishish maqsadida:
dori vositalarini ulgurji va chakana realizatsiya qilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning litsenziya talablariga rioya etishlari ustidan nazorat kuchaytiriladi;
tibbiyot sohasida stomatologik xizmatlar narxini pasaytirish maqsadida davlat stomatologik klinikalari rivojlantiriladi;
maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanish tizimi takomillashtiriladi, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda bolalarni ma’naviy va jismonan rivojlantirishga yo‘naltirilgan, vitaminlarga boy oziq-ovqat xavfsizligiga to‘liq javob beradigan ratsionlarni qo‘llash kengaytiriladi;
sanitariya-epidemiologiya sohasida real xavf-xatarlarni prognoz qilish, baholash, yuqumli kasalliklar tabiiy o‘choqlari ustidan epidemiologik monitoring va epidemiyaga qarshi profilaktik tadbirlar majmui amalga oshiriladi;
aholining kam ta’minlangan qatlamlari va ekologik nomaqbul hududlar aholisi uchun ijtimoiy tibbiy xizmat ko‘rsatishning huquqiy asoslari ishlab chiqiladi va joriy etiladi, xalq tabobatini rivojlantirish choralari ko‘riladi;
sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib etiladi va ommaviy sport turlari yanada rivojlantiriladi, sog‘lom ovqatlanish madaniyatini joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
ekologik omillarning inson sog‘lig‘iga salbiy ta’sirini bartaraf etish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etiladi.
Ta’lim tizimini isloh qilish sohasida quyidagi vazifalarni amalga oshirishni muhim deb hisoblaymiz:
O‘zbekiston Respublikasining Ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi hayotga izchil va samarali tatbiq etiladi;
maktabgacha va maktab ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchi va o‘quvchilari uchun ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, ona tabiatni asrab-avaylashga bag‘ishlangan darslik, qo‘llanma, tarqatma hamda ko‘rgazmali materiallarni bepul chop etilishi va tarqatilishi ta’minlanadi;
“yashil” iqtisodiyotga mos keladigan va uning rivojlanishiga hissa qo‘shadigan kasb-hunar yo‘nalishlari ro‘yxati tuziladi va kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida ekologik ta’lim-tarbiya tamoyillari keng joriy etiladi, yoshlarning ekologik madaniyati yuksaltiriladi;
oliy ta’lim tizimida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti hisobidan malakali kadrlar tayyorlash kengaytiriladi, pedagog kadrlar tayyorlash jarayoni zamon talablari asosida isloh qilinadi, shu sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan yangi ta’lim muassasalari tashkil etiladi;
ekologiya sohasidagi muammolarni tadqiq qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot dasturlari, grantlar joriy etiladi.
Ilm-fan sohasini rivojlantirishda ekologik tadqiqot va innovatsion faoliyat ko‘lamini kengaytirish nazarda tutiladi. Bunda:
ekologik toza, chiqindisiz va resurstejamkor texnologiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan ilm-fan rivojini jadallashtirish hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish asosida ilmiy mahsulotlar hajmi oshiriladi va innovatsion usullar keng joriy etiladi;
atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyatini iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ehtiyojlariga to‘liq moslashtirish, yuqori samarador ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish ko‘lami oshiriladi;
hududlarda ekotexnoparklar tashkil etish va ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlanmalarini keng joriy etish choralari ko‘riladi;
foydali qazilmalarni aniqlash, qazib olish va qayta ishlashning ilmiy-texnik darajasini oshirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqotlar rivojlantiriladi;
ekologik ilmiy-tadqiqot izlanishlarida yoshlarning ishtirokini rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.
Madaniy-ma’rifiy sohada quyidagi vazifalarni amalga oshirishni muhim deb hisoblaymiz:
“Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish to‘g‘risida”gi dastur qabul qilinadi;
turizmning ekologik, agro, gastronomik, ekstremal va boshqa turlari infrastrukturasi rivojlantiriladi, “Eco-Uzbekistan” nomli eko-turizm brendi shakllantiriladi;
jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish, ona tabiatni, jumladan, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissi kuchaytiriladi;
ta’lim, oila va mahalla tizimida insonning tabiatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratiladi;
aholining atrof-muhit holati bo‘yicha xabardorligini oshirish, muntazam ravishda atrof-muhit holati yuzasidan milliy ma’ruza va tahliliy hisobotlarni nashr etib borish yo‘lga qo‘yiladi;
ekologiyaga oid ilmiy-ommabop axborot bosma nashrlar, tele-radio dasturlar davlat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanadi;
mamlakatda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati yanada rivojlantiriladi, ularni huquqiy, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kuchaytiriladi.

TAShQI SIYoSAT VA XALQARO HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISh

Tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohasida qo‘shni davlatlar bilan xavfsizlik, barqarorlik va do‘stona qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash ishlari izchil davom ettiriladi.
Shuningdek, tashqi siyosatning asosiy ustuvor vazifalari sifatida quyidagilar belgilanadi:
qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va pragmatik hamkorlikni davom ettirish, mintaqamizdagi tabiat resurslaridan hamkorlikda foydalanish, mavjud ekologik muammolarni o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda, amaliy muloqot, xalqaro huquq normalari asosida hal etish, o‘simlik va hayvonot olamini muhofaza qilish, epidemiya va pandemiya holatlarida barcha kuchlarni birlashtirishga yo‘naltiriladi;
Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirish, ekologik investitsiyalar kiritilishini rag‘batlantirish va aholiga turizm uchun keng imkoniyat yaratish choralari davom ettiriladi;
xorijiy davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik munosabatlari tenglik, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish va hisobga olish asosida davom ettiriladi;
ekologiya sohasida qabul qilingan xalqaro konvensiya, shartnoma va boshqa ikki va ko‘p tomonlama kelishuvlarning samarali ijrosi ta’minlanadi;
barqaror rivojlanishni ta’minlash yuzasidan Markaziy Osiyo va boshqa xorijiy davlatlar bilan ekologik innovatsion yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish, ekologik ta’lim va bilimlarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan xalqaro forumlar o‘tkaziladi;
mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish loyihalarini rivojlantirishda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan hamkorlik kengaytiriladi.
Ulug‘bek Inoyatovning saylovoldi dasturi
Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi
Robaxon Maxmudovaning saylovoldi dasturi
Yangiliklar lentasi
0