O‘zbekistonda Markaziy Osiyoning “yashil” universiteti tashkil etildi
© Ministerstvo ekologii, oxrani okrujayushey sredi i izmeneniya klimata RUzNoutbuk va ko‘zoynak
© Ministerstvo ekologii, oxrani okrujayushey sredi i izmeneniya klimata RUz
Obuna bo‘lish
OTM global ekologik muammolarni hal etishga qodir mutaxassis-olimlar, tadqiqotchilar va tadbirkorlarni tayyorlash uchun tashkil etildi
TOShKENT, 8-iyun – Sputnik. O‘zbekistonda “Green University” – Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etildi. Universitet shu yili sentabr oyida abituriyentlarni qabul qilishni boshlaydi.
O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy muammolarini hal etishga qodir mutaxassislar, olim, tadqiqotchi, rahbar va tadbirkorlarni tayyorlash Universitetning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Xabarda aytilishicha, o‘quv mashg‘ulotlari o‘zbek, rus va ingliz tillarida kredit-modul tizimida olib boriladi. Bakalavriat bosqichida ingliz tilida va BMTnig rasmiy tillaridan birida darslar o‘tiladi.
O‘quv jarayoni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Yetakchi, e’tirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va boshqa) sertifikatlariga ega abituriyentlar tegishli fanlardan eng yuqori ball oladi va ushbu fanlardan imtihondan ozod qilinadi.
Shuningdek, har yili Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolariga bakalavriatda o‘qish uchun kamida 25 ta grant o‘rinlari, shuningdek, magistratura va doktorantura (PhD) mutaxassisliklari bo‘yicha kamida 20 ta grant o‘rinlari ajratiladi.
2023 yil 1-sentabrdan oliy ta’lim muassasalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmonchilik, “yashil” iqtisodiyot va gidrometeorologiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlaridagi eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri stipendiyasi ta’sis etiladi.
Bunda, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarning bir yillik to‘lov-kontrakt summasi qoplangan holda, har oyda BHMning 3 baravarida (990 ming so‘m), davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalarga har oyda BHMning 6 baravarida (1 mln 980 ming so‘m) stipendiyalar tayinlanadi.
Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.
Universitetni tamomlagan O‘zbekiston fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga, 5-yillik ish stajiga ega bo‘lgandan keyin – mutaxassisligi bo‘yicha rahbar lavozimlarga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
O‘zbekistonlik abituriyentlar OTMda quyidagi talablar asosida davlat grantida o‘qishi mumkin:
tegishli xalqaro dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) bo‘yicha diplom yoki sertifikatlarga ega bo‘lgan Prezident maktablari bitiruvchilari;
vazirlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan texnikumlarni bitiruvchilari ushbu muassasalar uchun ajratilgan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida;
Xalqaro ekologiya olimpiadasi (INEPO), Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPO), Xalqaro kimyo olimpiadasi ((ICO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro geografiya olimpiadasi (IGO), informatika bo‘yicha xalqaro olimpiada (IIO) va Yer fanidan xalqaro olimpiada (IESO) g‘oliblari;
universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan O‘zbekiston fuqarolari;
ijtimoiy himoyaning yagona reyestriga kiritilgan oilalarning universitetga kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan farzandlari.