“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi

© Unsplash.com/AXP PhotographyUlichnaya ssena v Buxare.
Ulichnaya ssena v Buxare. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.05.2023
Obuna bo‘lish
Sputnik “O‘zbekning o‘z so‘zlari” yangi ruknini boshlamoqda.
O‘zbek tili – juda qadim tarixga ega til. Uning paydo bo‘lish tarixi ming yilliklar bilan o‘lchanadi. Qadimgi “O‘rxun-Enasoy bitiktoshlari”, “Devonu lug‘otit turk” singari yozma yodgorliklar qadimgi turkiy xalqlar tilining eng ko‘hna yodgorliklaridir. Shu va boshqa asarlarda xalq turmushiga oid narsa-buyumlar, urf-odatlarning nomlari saqlanib qolgan. Bu so‘zlarning ma’lum bir qismi hozirgi kunda xalq tilida qo‘llanib kelmoqda.
“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad xalqimiz tilida asta-sekin unutilib borayotgan so‘zlarni va ularning ma’nolarini saytimiz ixlosmandlariga tanishtirib borishdir.
Ushbu rukndan siz har hafta o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlar bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz. O‘zbek tili bo‘yicha bilimlarimiz boyib boradi.
Sputnik filologiya fanlari doktori, professor Yorqinjon Odilov bilan birga uy hayvonlarining bolalari nomlarini tahlil qildi.
Yakshanba kuni test o‘tkazamiz, bilimingizni sinab ko‘rishingiz mumkin! Telegram-kanalimizga obuna bo‘lib, kuzatib boring.

Xumpar

© Sputnik / Natalia SeliverstovaKotenok britanskoy porodi na vistavke "KoShariki Shou" v Moskve
Kotenok britanskoy porodi na vistavke KoShariki Shou v Moskve - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.05.2023
O‘zbek xalqi mushukning bolasini xumpar deb atagan. Xumpar rosmana mushukka aylansa, mov bo‘ladi. Bahor kelib, kunlar isiy boshlaganda mushuklar g‘alati ovozlar chiqara boshlaydi. Buni eshitgan odamlar: “Mushuk mov bo‘libdi” deyishi shundan.
Hozir ko‘pchilik xumpar so‘zi “mushuk bolasi”ning nomi ekanligini bilmaydi. Har bir xalqda bolasini turli jonivorlar nomi bilan erkalab chaqirish bor. Masalan, yoshi katta odamlar kichik yoshli o‘g‘il bolalarni erkalab xumpar deydi.
Bu so‘z katta yoshli o‘g‘il bolalarga nisbatan ishlatilganda “qurg‘ur”, “shayton”, “shumtaka” ma’nolarini bildiradi. Xumpar so‘zi qiz bolalarga nisbatan qo‘llanmaydi. Mushuk bunday hayvonning erkak yoki urg‘ochiligidan qat’i nazar umumiy nomidir. Ayrim o‘zbek shevalarida pishak ham deyiladi.

Bo‘taloq

© Yuliya TenkovaZoopark Karakola podbirayet v sossetax imya novorojdennomu verblyujonku
Zoopark Karakola podbirayet v sossetax imya novorojdennomu verblyujonku - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.05.2023
Tuyaning yangi tug‘ilgan bolasining nomi. O‘zbeklarda yosh bolalarni erkalab bo‘talog‘im deyish odati bor: Bo‘talog‘im, endi yotib uxla, kech bo‘ldi. Bo‘taloq biroz katta bo‘lgach, bo‘ta deyiladi. Bo‘ta so‘zi ham “tuyaning bolasi” ma’nosini bildiradi. Bundan tashqari, katta kishilar o‘g‘il bolalarni bo‘tam deb erkalab, suyib qo‘yadilar.
Bo‘tam so‘zi keksalar nutqida katta yoshli yigitlarga nisbatan ham qo‘llanadi va bu paytda “o‘ziga yaqin olish” ma’nosini bildiradi. Masalan: Bo‘tam, otangizning ismi nima edi? Bo‘tam, asli qayerlik bo‘lasiz? Tuyadan asosan katta cho‘llar va sahrolarda foydalanilgani uchun bo‘lsa kerak, arab tilida tuyaning 500 dan ortiq nomi bor ekan.

Qulun

© unsplash.com/Soledad LorietoNovorojdenniy jerebenok na pole
Novorojdenniy jerebenok na pole  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.05.2023
Ot – insonning eng yaqin do‘sti. Bu jonivorga mehr qo‘ymagan yigit kam topiladi. Azaldan o‘zbeklar uyida ot boqqan, bolasiga toychoq sovg‘a qilgan. Otning bir yoshgacha bo‘lgan bolasi qulun deyiladi. O‘zbeklar yosh bolalarni qulunim deb erkalashi shundan.
Qulun biroz katta bo‘lgach, toychoq bo‘ladi. Ko‘pincha ota-onalar bolasiga mehri tovlanib ketganda yoki bolasining biror joyga tezroq borib kelishi lozim bo‘lganda o‘g‘illarini toychog‘im deb erkalaydilar. Masalan: Bora qol, toychog‘im. Kela qol toychog‘im, ovqating sovib qoldi. Bunday deyilishiga otning chopqir ekanligi sabab bo‘lgan.
Shukur Jabborning yozishicha, toychoq ikki yoshiga to‘lguncha “toy”, uch yoshlisi “g‘o‘non”, to‘tr yoshlisi “do‘non”, keyin “pishti” deb atalib boraveradi. Otning erkagi – “ayg‘ir”, urg‘ochisi – “baytal”, tug‘gani va bo‘g‘ozi – “biya” deyiladi. Eng qarisi esa “qirchang‘i”.

Qo‘zichoq

© unsplash.com/Sulthan AuliyaBarashek otdixayet na pole
Barashek otdixayet na pole - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.05.2023
Qo‘yning yangi tug‘ilgan va emadigan bolasi. Bu so‘zdagi -choq qo‘shimchasi “kichkina” degan ma’noni bildiradi. Qo‘zichoq to‘rt-besh oylik bo‘lgach, to bir yoshga yetguncha qo‘zi deyiladi.
Qo‘zichoq va qo‘zi so‘zlari qishloqda yashaydigan aholi nutqida bolalarni erkalab, suyib qo‘yishda qo‘llanadi. G‘afur G‘ulomning ikki jahon urushida ota-onasiz qolgan bolalarga bag‘ishlab yozgan “Sen yetim emassan” she’rida ham qo‘zim so‘zi yetim bolani suyib erkalash, o‘ziga yaqin tutish ma’nosida ishlatilgan: Otang o‘lgan bo‘lsa, Qayg‘urma, qo‘zim, Ko‘zim usti Minnating boshimga durra. Qo‘zi katta bo‘lgandan keyin erkagi qo‘chqor, urg‘ochisi tusaq deyiladi.
Qo‘y bu sut emizuvchi hayvonning erkak yoki urg‘ochisidan qat’i nazar umumiy nomidir.

Buzoq

Telonok  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.05.2023
Sigirning bir yoshga yetmagan bolasi. Ayrim o‘zbek shevalarida yangi tug‘ilgan buzoqni buzoqcha ham deydilar. Bu yerda -cha qo‘shimchasi kichraytirish ma’nosini kuchaytirgan.
Buzoq bir yoshga to‘lgandan keyin o‘zbek adabiy tilida tana, ayrim o‘zbek shevalarida tanacha deyiladi. Ikki yoshga yetgan va hali tug‘magan urg‘ochisiga nisbatan g‘unajin qo‘llanadi.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi ma’lumotga ko‘ra, to rosmana molga aylanguncha ular tana va g‘unajin deyilaveradi. Mol va qoramol so‘zlari voyaga yetganini bildiradi: erkagi ho‘kiz, buqa, novvos deb ataladi. Buqa so‘zi ko‘proq “bo‘rdoqiga boqilayotgan erkak mol”ni bildiradi. Urg‘ochi mol tug‘gandan keyin sigir bo‘ladi. Nasl bermaydigan urg‘ochi mol qisir deyiladi.

Uloq

© Sputnik / Maksim Bogodvid / Mediabankka o‘tishV kazanskom zooparke rodilis pat kamerunskix kozlyat
V kazanskom zooparke rodilis pat kamerunskix kozlyat - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.05.2023
Echkining bolasi. Yangi tug‘ilgan echki bolasini uloqcha ham deyiladi, bundan echki bolasini kichkinaligini ta’kidlash maqsad qilinadi.
“O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”dagi ma’lumotga ko‘ra, bugungi tilimizdagi uloq so‘zi qadimgi turkiy tilda ulag‘ shaklida bo‘lgan, keyinchalik a – o tovushiga, g‘ – q tovushiga o‘zgargan. Ulag‘ so‘zi tilimizning qadimgi davrida “yechki bolasi” ma’nosini emas, “voyaga yetgan har qanday miniladigan hayvon”ni bildirgan.
Eski o‘zbek tilida ham “miniladigan ot, eshak”ni ham, “qo‘shga qo‘shib yer haydaladigan ho‘kiz”ni ham uloq deyilgan. Bu so‘zning “echkining bolasi” ma’nosida qo‘llanishi ancha keyin paydo bo‘lgan. Echkining bolasi katta bo‘lgach, erkagi taka, bichilgani serka deyiladi. Echki bu sut emizuvchi hayvonning erkak yoki urg‘ochisidan qat’i nazar umumiy nomidir.

Xo‘tik

Oslik  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.05.2023
Eshakning bolasi. Xo‘tik so‘zi urg‘ochi yoki erkakligidan qat’i nazar ishlatilaveradi. Bundan tashqari, ayrim o‘zbek shevalarida kudung va qudung so‘zi ham eshakning bolasini bildiradi. Yoki Buxoro shevasida eshakning bolasi kurra deb yuritiladi.
Eshak bolasining yangi tug‘ilganini adabiy tilda xo‘tikcha, shevalarda kurracha deydilar. Xo‘tik katta bo‘lgach, erkagi hangi deyiladi. Ot va eshakdan chatishtirilgani xachir deyiladi va xachirlardan nasl qolmaydi. Ayrim shevalarda xachir qo‘rs deb ham ataladi.

Kuchuk

CC0 / Pixabay / Shenok labradora, arxivnoe foto
Shenok labradora, arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.05.2023
Itning bolasi. It – bo‘risimonlar oilasiga mansub uy hayvoni. Xalq tilida yangi tug‘ilgani kuchuk, kuchukcha deyiladi va bunda -cha qo‘shimchasi yanada kichik ekanligini bildiradi.
Erkak kuchuk 10-12 oyda rosmana itga aylanadi va arlon deyiladi, urg‘ochi kuchuk 7-8 oyda voyaga yetadi va u qanjiq deb ataladi, bu so‘z odamga nisbatan qo‘llanganda o‘ta qo‘pol so‘kishni, haqoratni bildiradi. Shuning uchun bu so‘zni odamga nisbatan ishlatmagan ma’qul.

Quyonbola

zaychik - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.05.2023
Xalq orasida quyonning bolasi quyonbola deyiladi. O‘zbek adabiy tilida quyoncha so‘zi quyonning bolasini bildiradi. Bu so‘z erkak yoki urg‘ochiligidan qat’i nazar teng ishlatilaveradi.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi ma’lumotga ko‘ra, o‘zbek shevalarida quyon tovushqon deb atalar ekan. Shuningdek, tovushqon so‘zi zoologiya fanida quyonning barcha turini umumlashtirib ifodalaydi. Tovushqonlar oilasiga quyonning barcha turlari kiradi. O‘zbek xalqi “tezda qochib qolish”ni quyon bo‘lmoq, quyonning rasmini chizmoq deydi. Juda qo‘rqoq kishilarni esa “quyonyurak” deb ataydi. Shuning uchun quyonyurak emas, sherurak bo‘ling.
Keyingi hafta chorshanba kuni parrandalar haqida bo‘ladi. Bizni kuzatib boring va Telegram-kanalimizga obuna bo‘ling.
Bu qiziqarli:
Tasvirlardagi hayot: O‘zbekistonda ijod qilgan rassomlarning noyob kartinalari
O‘zbekistonning eng g‘aroyib 10 ta ko‘li — foto
Chegara bilmas latofat: milliy libosli ayollar - foto
Yangiliklar lentasi
0