Birinchi maydan nimalar o‘zgaradi?

© Depositphotos / Mizar_219842Nastenniy kalendar s votknutimi bulavkami
Nastenniy kalendar s votknutimi bulavkami - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.05.2023
Obuna bo‘lish
Ish haqi, BHM oshiriladi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan shaxslarga ayrim tovarlar xaridi uchun to‘langan QQS qaytariladi – batafsil materialda.
TOShKENT, 1-may — Sputnik. Adliya vazirligi 1-maydan O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kirgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

Ish haqi, BHM oshirilishi

Prezident farmoniga ko‘ra, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston hududida:
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 980 000 so‘m;
bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 000 so‘m etib belgilanadi.

Imtiyozli transport kartalari

Shahar yo‘lovchilar transportida (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalarini berish respublikaning barcha shaharlarida amalga oshiriladi.
Imtiyozli transport kartasini olish uchun hududiy transport boshqarmalariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilinadi.

Gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslari

Qonunchilikka ko‘ra, rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslari (soatlari) joriy qilinadi.

Elektron kommunal xizmatlar bo‘yicha shartnoma

Yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni, ularning iste’moli to‘g‘risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to‘g‘risidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron rasmiylashtirishga ruxsat etiladi.

Qaytariladigan QQS

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar quyidagi tovarlarning chakana savdo obyektlarida xaridini amalga oshirganda xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasi qaytariladi:
qo‘y go‘shti;
parranda go‘shti;
mol go‘shti;
tuxum;
o‘simlik yog‘i.

Davlat ko‘chmas mulklari va aksiya paketlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi

respublika mulki bo‘lgan davlat ko‘chmas mulklari va davlat aksiya paketlari (ulushlari) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi, bundan Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli ulushlar hamda prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bilan bog‘liq ta’sis hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlar Davaktiv agentligining tegishli buyrug‘i mavjud bo‘lganda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;
davlat ko‘chmas mulk obyekti va bo‘sh yer uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bitim tuzilgach 10 kun muddatda “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritiladi;
vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat ko‘chmas mulki negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ularni begonalashtirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandumlar) bo‘yicha majburiy tartibda Agentlik xulosasi olinadi.

Bepul ovqat

Shifoxonalarda davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilayotgan shaxslarga:
bolaning yonida bo‘lish uchun sharoit yaratiladi;
mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi va bepul ovqat beriladi.

Quyosh panellari

Foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy qilinadi.
Respublikadagi barcha yoqilg‘i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta’minotining kamida 50 foizi ushbu obyektlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.

Ipoteka kreditlari

Rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga ham ipoteka kreditlari beriladi
banklarga rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimi joriy qilinadi;
banklarga qarz oluvchi tomonidan to‘langan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi beriladi;
professional ta’lim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalaridagi maxsus fanlar bo‘yicha dars berayotgan yoki o‘quv amaliyotini o‘tkazayotgan o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’lim ustalariga imtiyozli shartlarda subsidiya xabarnomalarini berish tartibi joriy etiladi;
uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari bo‘yicha berilgan subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 4 oy etib belgilanadi;
2023 yil uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023-yil 1-maydan 2023-yil 1-dekabrgacha qabul qilinadi.

Ayrim ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gazga ulanish uchun texnik shartlar berilishi to‘xtatiladi

Yangi tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari hamda sement, g‘isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi.

Dorilar narxlari chakana referent narxlar bilan avtomatik solishtiriladi

Jismoniy shaxslar sotib olgan dorilar uchun dorixonalar beradigan xarid chekining fiskal belgisi soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda dorilar narxlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtiriladi.
Dorilarning chakana narxlariga belgilangan ustamalar oshirib qo‘llanilganligi aniqlangan taqdirda, bu haqida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uchun maxsus vakolat berilgan davlat organiga avtomatik ravishda xabar yuboriladi.

Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oila a’zolari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi

oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanadi;
oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi;
belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanadi.
Yangiliklar lentasi
0