Rossiyada har olti ish beruvchidan biri mehnat migrantlarini ishga oladi
12:57 06.04.2023 (yangilandi: 13:08 06.04.2023)
© Sputnik / Ilya Pitalev
/ Obuna bo‘lish
So‘rovlar 18-martdan 3-aprelga qadar 2198 nafar rossiyalik ish izlovchi va 483 ta ish beruvchi kompaniyalar o‘rtasida o‘tkazilgan.
TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Rossiyada o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashgan har oltinchi ish beruvchi mehnat migrantlarini ishga oladi, ular ko‘p hollarda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolaridir. Bu haqda "Headhunter" onlayn-rekruting platformasi tadqiqoti natijalari dalolat bermoqda.
So‘rovlar 18-martdan 3-aprelga qadar 2198 nafar rossiyalik ish izlovchi va 483 ta ish beruvchi kompaniyalar o‘rtasida o‘tkazilgan.
“Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, so‘rovdan o‘tgan rossiyalik ish beruvchilarning 16 foizi mehnat migrantlarini ishga yollaydi. Aksariyat hollarda (76 foiz) bunday ish beruvchilar oyiga 10 tagacha kishini qabul qiladi. Ish beruvchilarning yana 13 foizi 20 nafargacha xorijlik ishchilarni ishga joylashtirishga tayyor. 9 foiz kompaniyalarda oyiga 20 dan ortiq kishini ishga olish amaliyoti mavjud”, - deyiladi xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, rossiyalik ish beruvchilar ko‘pincha O‘zbekiston (kompaniyalarning 56 foizi), Tojikiston (55 foiz) va Qirg‘iziston (53 foiz) fuqarolarini ishga olishadi. Shu bilan birga, so‘rovda qatnashgan kompaniyalar vakillarining 70 foizi mehnat migrantlarini ishga olish amaliyoti yo‘qligini ta’kidladi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, rossiyalik ish beruvchilarning 61 foizi mehnat muhojirlarini maxsus ko‘nikmalarni talab qilmaydigan ishlarga yollaydi. Shuningdek, kompaniyalarning 59 foizi jismoniy mehnat va kasb tajribasi bilan bog‘liq lavozimlarga migrantlarni olishga tayyor. Ish beruvchilarning 23 foizi xorijlik ishchilarni ishchi mutaxassisligi bilan bog‘liq bo‘lmagan o‘rinlarga ko‘rib chiqmoqda.
Ushbu toifadagi murojaat etuvchilarga qo‘yiladigan asosiy talablar orasida Rossiya Federatsiyasida qonuniy ishga joylashish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning mavjudligi, rus tilini tushunish hamda rus tilida o‘qish va yozish qobiliyati mavjud. Har o‘ninchi ish beruvchi chet el fuqarolaridan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni so‘raydi, kompaniyalarning 5 foizi uchun avvalgi ish joyidan tavsiyalar ham muhim.
Tahlil natijalariga ko‘ra, rossiyaliklarning 59 foizi ish beruvchilar mehnat migrantlarini mahalliy aholiga qaraganda kamroq pul so‘ragani uchun ishga oladi, deb hisoblaydi. Har ikkinchi respondent (54 foiz) mehnat migrantlari mahalliy aholi uchun mos bo‘lmagan sharoitlarda ishlashga rozi, deb javob berdi. Shuningdek, respondentlarning 37 foizi migrantlarni kadrlar yetishmaydigan har qanday ishga yollash kerakligini ta’kidlagan. So‘rovda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi (60 foiz) “o‘z hududlarida mehnat migrantlari juda ko‘pligini” aytgan.