Markaziy bank shubhali operatsiyalar ro‘yxatini kengaytirdi
© Sputnik / Zafar XalilovBankovskie karti
© Sputnik / Zafar Xalilov
Obuna bo‘lish
Bir oy davomida 165 million so‘mdan ortiq bo‘lgan karta operatsiyalari shubhali deb topiladi.
TOShKENT, 5 apr — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirishlar kiritdi.
Kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar ko‘ra, quyidagi operatsiyalar shubhali deb topiladi:
1 ta akkaunt yoki elektron hamondan bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 500 baravariga teng (1 maydan 165 million so‘m)yoki undan oshadigan umumiy summada pul mablag‘larini bir yoki bir nechta bank kartalariga yoxud elektron hamonlarga o‘tkazilishi;
1 ta elektron hamonga bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida BHMning 500 baravariga teng yoki undan oshadigan umumiy summada pul mablag‘larini bir yoki bir nechta bank kartalaridan yoxud elektron hamonlardan kelib tushishi;
5 ta va undan ortiq elektron hamondan bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 1 ta xorijiy elektron hamonga pul mablag‘larini o‘tkazilishi;
5 ta va undan ortiq elektron hamonga bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 1 ta xorijiy elektron hamondan pul mablag‘larini kelib tushishi;
1 ta akkauntdan (elektron hamondan) mobil ilova orqali bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 5 ta va undan ortiq xorijiy bank kartasiga yoki xorijiy elektron hamonga pul mablag‘larini o‘tkazilishi;
1 ta elektron hamonga bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 5 ta va undan ortiq xorijiy bank kartasidan yoki xorijiy elektron hamondan pul mablag‘larini kelib tushishi.
Shubhali operatsiya - tayyorlash, sodir etish jarayonida bo‘lgan yoki sodir etib bo‘lingan, ichki nazoratni o‘tkazish vaqtida tijorat bankida uning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida amalga oshirilganligiga shubha paydo bo‘lgan operatsiya.