Xususiylashtirishni tezlashtirish kerak - Shavkat Mirziyoyev
20:53 24.03.2023 (yangilandi: 20:56 24.03.2023)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev provel soveshanie po privatizatsii gosudarstvennogo imushestva i obsudil plani na tekushiy god.
Obuna bo‘lish
Prezident qarori bilan davlat mulkini — aksiya, ko‘chmas mulk va IPO mexanizmlari orqali xususiylashtirishga qaratilgan yangi dastur tasdiqlandi.
TOShKENT, 24 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan davlat mulkini xususiylashtirishni tezlatishga qaratilgan yangi dastur qabul qilindi. Bu haqida 24-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi.
Xususiylashtirish dasturi
Bugun davlatimiz rahbarining qarori bilan xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi. Unda uchta yo‘nalishda – aksiya, ko‘chmas mulk va IPO bo‘yicha xususiylashtirish rejalari belgilangan, — deyiladi xabarda.
Birinchidan, bir mingta korxonadagi davlat aksiya paketlari sotuvga chiqariladi.
Ikkinchidan, 1 mingta ko‘chmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga qo‘yiladi. Ularda 600 gektar yer va 1 million kvadrat metrli bino-inshootlar mavjud. Eng muhimi, infratuzilma bilan ta’minlangan va aholi punktlariga yaqin. Ushbu obyektlarni sotishni tezlashtirish uchun mulklarni sotishga tayyorlash muddati hozirgi 80 kundan 48 kunga qisqartiriladi. 2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan obyektlarni tadbirkorlarning murojaati asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga chiqarishga ruxsat beriladi.
Uchinchidan, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi “xalqchil IPO” orqali sotiladi. Jumladan, ilk bor Navoiy va Olmaliq kombinatlari, Metallurgiya kombinati, “O‘ztelekom”, Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning o‘rtacha 2 foiz aksiyalari aholiga taklif etiladi. Bunda aholiga aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30 foizi dividend to‘lashga yo‘naltiradi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur dastur samarasida joriy yilda 13 trillion so‘m tushum ta’minlanadi, 3 mingta yangi korxona tashkil etish va 50 mingta ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Xususiylashgan mulklar samaradorligi oshmoqda
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xususiylashtirish bir necha barobar tezlashdi. Xususan, o‘tgan 10-yilda 1,2 trillion so‘mlik davlat aktivlari sotilgan bo‘lsa, 2022-yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 11,3 trillion so‘mga yetdi, ya’ni oldingi yillarga qaraganda 10 karra ko‘p.
Ikkinchidan, xususiylashtirish – iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirib, mulkdorlar ko‘payishiga yo‘l ochadi. Xususiylashgan mulklardan foydalanish samaradorligi oshadi.
Misol uchun:
Andijon tajriba sinov zavodi (bungacha bir necha yil ishlamagan) negizida 18 million dollar investitsiya hisobiga to‘qimachilik korxonasi tashkil etilib, mingta ish o‘rni yaratilgan, 40 million dollarlik mahsulot eksport qilingan
Qo‘qon superfosfat zavodini xorijiy investor olib, 40 million dollar investitsiya kiritgan, ishlab chiqarish hajmini 4 baravarga oshirgan.
“Ipoteka bank” 324 million dollarga va “Koka-kola” kompaniyasidagi davlat ulushi 252 million dollarga sotilgani ham oxirgi yillardagi eng yirik bitimlar bo‘ldi.
Vaziyat hamma joyda bir xil emas
Bu boradagi ishlar hamma joyda ham bir maromda ketmayapti. Masalan, Toshkent viloyatida 112 ta obyekt sotilib, ularning negizida 150 ta tadbirkorlik subyekti va mingdan ziyod yangi ish o‘rni paydo bo‘lgan.
Lekin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryoda o‘tgan yili savdoga chiqarilgan mulklarning 30 foizi ham sotilmagan.
Tarmoqlar kesimida aytganda, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi mulklarning xususiylashtirilishi sust.
Umuman, joriy yil boshida 30 mingdan ortiq davlat obyektida o‘tkazilgan xatlov bu borada ishlar hali ko‘pligini ko‘rsatgan.
Yangi qabul qilingan xususiylashtirish dasturi ushbu muammolarni tezroq hal qilishda yordam berishi kerak. Mutasaddi tashkilot vakillari va davlat korxonalari rahbarlariga dasturni samarali amalga oshirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatmalar berildi.