O‘zbekiston 2023-yilda Qozog‘iston va Rossiyadan 300 ming tonnadan neft sotib oladi

© Press-slujba Ministerstva energetikiMinistri energetiki Uzbekistana i Kazaxstana
Ministri energetiki Uzbekistana i Kazaxstana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 23.12.2022
Obuna bo‘lish
Qozog‘istonda O‘zbekiston ehtiyoji uchun issiqlik elektr stansiyasi quriladi.
TOShKENT, 23 dek — Sputnik. Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirliklari hamda kompaniyalari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonga 300 ming tonna Qozog‘iston nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha qiymati 150 mln dollarlik kelishuv imzolangan. Ushbu kelishuv doirasida neft yetkazib berish hajmini yiliga 3 million tonnaga yetkazish bo‘yicha ham ishlar ishlar olib boriladi.
Shuningdek, 300 ming tonna Rossiya neftining Qozog‘iston Respublikasi hududi orqali O‘zbekiston Respublikasiga tranzitini 2023-yilda amalga oshirish bo‘yicha qiymati 9 mln dollarlik kelishuv ham imzolandi.
Boshqa bir shartnoma bilan tabiiy gazning o‘zaro tranzitini amalga oshirish, mavjud yer osti gaz omborlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish, shuningdek, gaz uzatish tizimini rivojlantirishga kelishildi.
Qozog‘istonning “QazaqGaz” kompaniyasi va O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi ikki davlat hududlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish hamda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi tuzdi. Memorandum doirasida qo‘shma ishchi guruhlar tomonidan 2023-yil 1-maygacha aniq takliflar tayyorlanadi.
Bundan tashqari, Qozog‘istonda quvvati 2000 MVtgacha bo‘lgan zamonaviy ko‘mir issiqlik elektr stansiyasini qurish va ishlab chiqariladigan elektr energiyasini O‘zbekiston iste’molchilariga yetkazib berish bo‘yicha loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi. 2023-yilda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi.
Kimyo sanoatida ham fosfat va murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha “Kazfosfat” kompaniyasi va “O‘zkimosanoat” AJ o‘rtasida 1,3 milliard dollarlik keng ko‘lamli loyihaga start berildi.
Yangiliklar lentasi
0