O‘zbekiston-Qozog‘iston ishbilarmon doiralar o‘rtasida qator kelishuvlar to‘plami imzolandi

© Pulatov
Obuna bo‘lish
Poytaxtda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Qozog‘iston mintaqalararo biznes-forumi yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida agrosanoat, avtomobil sanoati, to‘qimachilik, temir yo‘l, transport-logistika, maishiy texnika kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olindi.
TOShKENT, 21 dek — Sputnik. O‘zbekiston-Qozog‘iston mintaqalararo biznes-forumi yakunlari bo‘yicha ishbilarmon doiralar o‘rtasida bir qator kelishuvlar to‘plami imzolandi.
Poytaxtda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Qozog‘iston mintaqalararo biznes-forumi yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida agrosanoat, avtomobil sanoati, to‘qimachilik, temir yo‘l, transport-logistika, maishiy texnika kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Tomonlar Samarqand va Turkiston shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi shartnomani imzolashdi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasidagi konkret investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini ko‘zda tutuvchi "Yo‘l xaritasi" hamda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish rejalarini jamlagan kelishuvlarning mustahkam to‘plami imzolandi.
Eng yirik kelishuvlar:
O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va agrosanoat kompleksi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik dasturi (1 317,9 mln dollar);
"Chevrolet" rusumli avtomashinalar komplektlari va butlovchi qismlarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuv (500 million dollar);
Chimkent shahrida to‘qimachilik majmuasini qurish loyihasi bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi (loyiha qiymati 98 million dollar);
"Angren-Pop-Qo‘qon-Andijon-Savay" temir yo‘l uchastkasida signalizatsiya va aloqa tizimini modernizatsiya qilish (76,4 mln dollar);
O‘zbekistonda multimodal transport-logistika markazini qurish bo‘yicha hamkorlik memorandumi (70 mln. dollar);
"Artel" maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziya shartnomasi (55 mln dollar);
"Qozog‘istonda kichik hajmdagi yig‘ish usuli bo‘yicha "Chevrolet" avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish" loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv (50 mln AQSh dollari);
Ostonada keramik plitkalar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini boshlash to‘g‘risidagi kelishuv (40 mln dollar) va boshqalar.
Shuningdek, imzolangan hujjatlar orasida Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv Memorandumi, energetika sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum, shuningdek Samarqand va Turkiston shahar hokimklari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro anglashuv Memorandumi ham bor.