Saudiya Arabistonidagi universitetga o‘zbekistonlik pedagoglar jalb etilishi mumkin

© “Dunyo” AASaudiya Arabistoni
Saudiya Arabistoni - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 22.11.2022
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi bilan Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatiladi - tafsilotlar.
TOShKENT, 22 noya — Sputnik. Saudiya Arabistonidagi Podshoh Abdulaziz nomidagi universitetida professor-o‘qituvchilar yetishmovchiligi mavjud. Ushbu muammoni hal etish maqsadida O‘zbekistondan tajribali pedagoglarni jalb etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi, deya xabar berdi “Dunyo” AA.
Qayd etilishicha, prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Jidda shahridagi Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet rektori vazifasini bajaruvchi Hana bint Abdulla Ali an-Na’im xonim bilan uchrashdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi bilan Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro o‘qituvchi-talabalar va ilmiy tadqiqotchilar almashuvini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.
Universitet rahbari Hana bint Abdulla Ali an-Na’im turli sohalarda respublika oliygohlari, xususan, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirib, Hamkorlik memorandumini ishlab chiqish va imzolash muhimligini qayd etdi.
“Universitetning Turizm fakultetida tahsil olayotgan talabalar sonini 200 dan 1000 nafargacha ko‘paytirishni rejalashtirayapmiz. Biroq bizda professor-o‘qituvchilar yetishmovchiligi mavjud. Ushbu muammoni hal etish maqsadida O‘zbekistondan tajribali pedagoglarni jalb etish imkoniyatini ko‘rib chiqishimiz mumkin”, deydi Hana bint Abdulla Ali an-Na’im.
Muloqot natijasida quyidagi to‘xtamga kelindi:
O‘zbekistonlik talabalarga bakalavr va magistratura bosqichlari uchun o‘quv grantlari ajratish hamda qisqa muddatli kurslarni tashkillashtirish;
Ilmiy doiralar o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish;
O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasida tashkil etiladigan qisqa kurslarda Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet professor-o‘qituvchilarining ma’ruza bilan ishtirokini ta’minlash.
O‘zbekiston delegatsiyasi Podshoh Abdulaziz nomidagi Kisva ishlab chiqaruvchi muassasada ham bo‘ldi.
Ka’baning to‘rt tomonini o‘rab turuvchi Kisva qoplamasi qora matodan ishlab chiqarilib, unda oltin iplar bilan shahodat kalimalari va Qur’on oyatlari yoziladi. Kisva uchun qalinligi kamida ikki millimetr bo‘lgan 875 kvadrat metr material talab qilinadi. Kisva belbog‘i 16 qismdan iborat bo‘lib, uzunligi 61 metr va kengligi 94 santimetrga yetadi
Yangiliklar lentasi
0