Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi ijrosini tashkil etishga oid takliflar bilan tanishdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.11.2022
Obuna bo‘lish
Mirziyoyev bu sohada chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish vazifasini qo‘ydi, deyiladi xabarda.
TOShKENT, 19 noya - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosini samarali tashkil etish, o‘rmon xo‘jaligida boshqaruvni maqbullashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan yili davlat rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilingan edi. Uning doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilandi. O‘zbekistondagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirildi.
O‘tgan qisqa vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 535 gektar daraxtzor, 638 gektar “yashil jamoat parklari” tashkil etildi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasida “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi tuzilib, zarur texnikalar bilan ta’minlandi.
“O‘zbekistondagi ekologik vaziyat va bajarilgan ishlar tahlili bu harakatni yanada kengaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan, atmosfera havosi turli kimoviy moddalar va og‘ir metallar bilan ifloslangan. Ko‘chatlar ekish va parvarishlash jarayonlarida hokimliklar bilan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining vazifalari aniq taqsimlanmagan”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, shu bois ushbu tadbirlarga O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini yagona mas’ul tashkilot etib belgilash taklif etilmoqda. “Yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni barpo etish, daraxtlarni parvarishlash va ularni 3-yil davomida saqlash “Yashil hudud” korxonasi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, daraxtlar ekiladigan yer maydonlarini aniqlash va loyihalashtirish, ko‘chatxonalarni ko‘paytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, o‘rmon xo‘jaliklari uchun maxsus texnikalar sotib olish choralari nazarda tutilmoqda.
Mirziyoyev bu ishlarning mamlakat ekologiyasi va xalq salomatligidagi ahamiyatini ta’kidlab, chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish vazifasini qo‘ydi.
Yangiliklar lentasi
0