Davlat bayrog‘idan foydalanishdagi cheklovlar olib tashlanishi kutilmoqda

© Sputnik / Tatyana MeyelFlag Uzbekistana
Flag Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 18.11.2022
Obuna bo‘lish
Deputatlar O‘zLiDeP fraksiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusini muhokama qilmoqda.
TOShKENT, 18 noya — Sputnik. Davlat bayrog‘idan foydalanishdagi ayrim cheklovlar olib tashlanadi, deya xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati Sputnik muxbiriga.
Ayni vaqtda deputatlar Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusini muhokama qilmoqda. Aytilishicha, bu bo‘yicha deputatlar orasidan ishchi guruh ham tuziladi.
Qonun loyihasida Davlat bayrog‘idan foydalanishdagi cheklovlarni olib tashlash, fuqarolarning erkin foydalanishi hamda unga egalik qilish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda.
“Partiya fraksiyasiga a’zo bo‘lgan deputatlar saylovchilar bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida davlat bayrog‘ining bundan 31-yil oldin qabul qilinganligi, so‘nggi yillarda esa undan foydalanishda ayrim cheklovlar mavjudligini ochiq, oshkora aytishmoqda. Uchrashuvlar jarayonida ushbu qonunni davr talabiga moslashtirish, Davlat bayrog‘idan foydalanish borasida qonun normalarini yanada liberallashtirish lozimligi bildirilmoqda”, deydi O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov.
Deputat Rasul Kusherbayev yozishicha, bu o‘zgarishlardan keyin fuqarolar ham bayrog‘ga hurmat saqlagan holda o‘z xonadonlariga ilishi, ish joylarida erkin foydalanishi mumkin bo‘ladi.

"Bu orqali bayroq bo‘yicha mavjud cheklovlar uchun belgilangan jazo masalasini ham qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi”, deydi deputat.

Ma’lumot uchun, bugun 18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. O‘zbekiston respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonun 1991-yil 18-noyabr kuni qabul qilingan.
Qonun 13ta moddadan iborat. Qonunda bayroq bir qator tashkilot binolarida, shuningdek, doimiy ravishda Davlat chegarasidan o‘tish punktlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi chempionatlari, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida ko‘tarilishi belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i unga nisbatan lozim darajadagi hurmat ta’minlangan holda umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida ko‘tarilishi mumkin.
Yangiliklar lentasi
0