Shavkat Mirziyoyev Turkiy sammitda nimalarni taklif qildi?

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.11.2022
Obuna bo‘lish
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Shavkat Mirziyoyev o‘zaro savdo va transport aloqalarini rivojlantirish, xavfsizlik va yoshlar siyosati sohalarida hamkorlikni rivojlantirish tashabbusi bilan chiqdi.
TOShKENT, 11 noya - Sputnik. Bugun Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlari sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qator muhim tashabbuslarni taklif qildi. Sputnik muxbiri xabariga asosan.

O‘zaro savdoni rivojlantirish

Turkiy davlatlar orasida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash. Ayni damda TDT mamlakatlari o‘zaro savdo aylanmasi 4%. Bunga jumladan yuqori import bojlari to‘siq bo‘lmoqda.
Vaziyatni o‘zgartirish maqsadida Mirziyoyev “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududi”ni barpo etish hamda har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forum o‘tkazishni taklif qildi.
Undan tashqari uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, qo‘shilgan qiymat uzluksiz zanjirlarini yaratish, yuqori texnologik klasterlar va venchur shirkatlarni tashkil etish hamda Qo‘shma investitsiya fondini ishga tushirish ham taklif qilindi.

Transport bog‘liqlikni kuchaytirish

Transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish – yana bir strategik muhim masala. Transkaspiy xalqaro koridorni rivojlantirish. O‘zbekiston ushbu transport yo‘lagi orqali 10 % tashqi savdo yuklarini tashimoqda.
Yil oxiriga qadar TDT transport vazirliklari transport sohasida hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha takliflar ishlab chiqishi lozim. Bunda asosiy e’tibor - mintaqadagi tranzit koridor-larining raqobatbardoshligini oshirish, biznes uchun eng maqbul tariflarni joriy etish va zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratilishi kerak.
Shu o‘rinda, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida yaqinda joriy etilgan avto-transport elektron ruxsatnomalari almashish tizimiga Tashkilotimiz davlatlarini ham qo‘shilishga chaqiramiz.

Oziq-ovqat xavfsizligi

Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Birinchi Turkiy agroforum oziq-ovqat sohasida TDT nafaqat o‘z mamlakatlarini, balki tashqi bozorlarni ham qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash imkoniyati borligini ko‘rsatdi.
Ushbu yo‘nalishda hamkorligimizni chuqurlashtirishimiz uchun Shavkat Mirziyoyev quyidagilarni taklif qildi:
1.
Birinchidan, global va ichki bozorlarimiz ehtiyojlari, davlat-larimizning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish samarali tizimini yaratish bo‘yicha Tashkilotimiz doirasida ko‘p tomonlama bitim qabul qilish.
2.
Ikkinchidan, sohaga innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarni jadal olib kirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti o‘rtasida keng qamrovli sheriklikni o‘rnatish.
3.
Uchinchidan, ijobiy tajriba asosida, Turkiy agroforumni muntazam o‘tkazib borish va uning ikkinchi anjumanida “SMART” qishloq xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish.

Turkiy dunyo yoshlarini birlashtirish

Kelgusi yili yurtimizda turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini o‘tkazishni taklif etaman.
Uning doirasida innovatsiya va ta’lim vazirlari, oliygohlar rektorlari va yosh yetakchilar, iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz, tashkilotimiz oqsoqollarining keng qamrovli uchrashuvlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu ishlarimizga tizimli tus berish va natijadorlikni ta’minlash maqsadida Tashkilot Bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish ayni muddao bo‘lar edi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xavfsizlik sohasida hamkorlik

Jahonning turli nuqtalaridagi ziddiyatli voqealar turkiy dunyoning umumiy xavfsizligiga ham ta’sir o‘tkazayapti.
Ushbu vaziyatda terrorizm, ekstremizm, yoshlarning radikallashuvi, odam savdosi, narkotrafikka qarshi kurashish, jamoat va kiber-xavfsizlikni ta’minlash sohalarida TDT huquqni muhofaza qiluvchi organlari va maxsus xizmatlarining doimiy aloqada bo‘lishi va o‘zaro hamkorligini kuchaytirishi lozim.
TDT Xavfsizlik kengashi kotiblarining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda tashkil etishga tayyorligimizni bildiramiz.
Yon qo‘shnimiz Afg‘onistondagi murakkab vaziyat barchamizni albatta jiddiy tashvishga soladi. Bu mamlakatdagi mavjud ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish masalasi hech qachon nazarimizdan chetda qolmasligi kerak.
Afg‘on masalasi bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish maqsadida tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarini muntazam o‘tkazib borish tarafdorimiz.

Madaniy sohada hamkorlik

O‘zbekiston Turkiy madaniyat xalqaro tashkilotiga to‘liq a’zo bo‘ldi. Kelgusi yilda ushbu tashkilot doirasida Turkiy xalqlar madaniyati festivalini o‘tkazishni to‘liq ma’qullaymiz.
O‘zbekistonda yaqinda TDT a’zolari va kuzatuvchi davlatlari adabiyotining sara namunalaridan iborat 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamini o‘zbek tilida chop etildi. Ushbu bebaho ma’naviy xazinani barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etilsa - yosh avlod-larimizni o‘zaro yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratgan bo‘lar edik, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
TDT sammiti doirasida turkiy dunyo birligini mustahkamlashga hissa qo‘shgan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot birinchi marta topshiriladi. O‘zbekiston ushbu mukofotni har yili berib borishni taklif qiladi.
"Tashkilotimiz doirasida 2023-yilni turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili, deb e’lon qilish taklifimizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur bildiraman", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Samarqand TDT sammiti

Bugun, 11-noyabr kuni, Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadigan tadbirda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etadi.
Sammit kun tartibidan iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport, innovatsiya, ekologiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, Tashkilot faoliyatini takomillashtirish masalalari o‘rin olgan.
TDT sammiti yakunida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilish rejalashtirilgan.
Yangiliklar lentasi
0