Asosiy stavka nega o‘zgarishsiz qoldirildi - Markaziy bank izohi

© Sputnik / Zafar XalilovTashkent. Sentralniy bank Uzbekistana
Tashkent. Sentralniy bank Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.10.2022
Obuna bo‘lish
Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar darajasida ijobiy o‘zgarishlar sezila boshlagan bo‘lsa ham, pul-kredit sharoitlarini o‘zgartirishda ehtiyotkorona yondashuvni kelgusida ham saqlab qolishni talab etadi.
TOShKENT, 27 okt — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavka yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilganini tushuntirdi.
Qayd etilishicha, yil oxirigacha tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar, global inflyatsion jarayonlar, yuqori ichki iqtisodiy faollik va mavsumiylikning iste’mol narxlariga oshiruvchi ta’siri bilan bog‘liq inflyatsion xatarlar saqlanib qolmoqda.

“Mazkur xatarlarni inobatga olib, asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qilindi”, - MB izohida.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

Tashqi va ichki omillarlarning turli xil ko‘lamdagi ta’sirlari sentabr oyida yillik inflyatsiyani 12,2 foizga teng bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Aprel-sentabr oylarida mamlakatda kuzatilgan inflyatsion jarayonlar keng qamrovli xususiyatga ega bo‘ldi, ya’ni iste’mol savatidagi aksariyat tovar va xizmatlarning narxlarida sezilarli o‘sish kuzatilgan.
Avgust oyidan boshlab bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichi umumiy inflyatsiyadan yuqoriroq shakllana boshladi va sentabr oyida yillik 12,7 foizgacha tezlashdi. Bazaviy inflyatsiyaning oshishiga bir tomondan import inflyatsiyasi ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘tgan davrda shakllangan yuqori yalpi ichki talab sezilarli bosim yaratmoqda.
Sentabr oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,2 foiz va tadbirkorlik subyektlari kutilmalari 13,8 foiz doirasida shakllandi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlar narxlarining o‘suvchi dinamikasi va yoz oylarida meva-sabzavotlar o‘tgan yillardagidek arzonlashmaganligi iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalarni yuqori shakllanish omillari bo‘lib qolmoqda.
Mavjud inflyatsion jarayonlar, pul-kredit sharoitlari, import inflyatsiyasi ta’sirining saqlanib qolayotganligi va yuqori noaniqliklar sharoitida yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 12-12,5 foiz atrofida shakllanishi hamda 2023-yil uchun esa bazaviy ssenariy doirasida 8,5-9,5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Ichki iqtisodiy sharoitlar

Yilning ikkinchi choragidan boshlab iqtisodiy faollikning jadallashishi kuzatilmoqda. Joriy yil 9 oyi yakuni bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 5,8 foizni tashkil etib, qurilish ishlari va chakana savdo sohalarida o‘sish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori bo‘ldi.
Budjet sohasida oylik ish haqi va pensiyalar miqdorining oshirilishi hamda ajratilgan ijtimoiy transfertlar aholining real daromadlarini 10,7 foizga ko‘payishiga zamin yaratdi.
Aholi daromadlari o‘sishiga mutanosib ravishda iste’mol talabi ham oshib borib, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va chakana savdo aylanmasi hajmlarida o‘z aksini topmoqda. Xususan, o‘tgan 9 oy davomida iqtisodiyotda iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 27 foizga va chakana savdo aylanmasi 10,8 foizga oshdi.
Budjet xarajatlari, transchegaraviy pul o‘tkazmalarning yuqori sur’atlari va iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalar yalpi iste’mol va iqtisodiy faollikni yil oxirgacha qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘ladi.
Iqtisodiy faollikning joriy tendensiyalari va moliyalashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni inobatga olib joriy yil oxirigacha iqtisodiy o‘sish prognozlari yaxshilanish tomongan qayta ko‘rib chiqildi. Joriy yil yakuni bo‘yicha yalpi ichki mahsulot 5,2-5,8 foizlik prognoz koridori doirasida bo‘lishi kutilmoqda.
Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni va tashqi sharoitlardagi noaniqliklarni inobatga olib bazaviy ssenariy doirasida 2023-yil uchun iqtisodiy o‘sish sur’atlari joriy yilgidan biroz sekinlashib 4,5-5 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

Jahon bozorlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, xomasholar va energiya resurslari narxining ortishi fonida joriy yilning uchinchi choragida ham global inflyatsiya o‘sishda davom etmoqda.
Bu esa, iste’molda import ulushi yuqori bo‘lgan va inflyatsion kutilmalari valyuta kursiga ta’sirchan davlatlarda inflyatsion jarayonlarning yanada tezlashishiga olib kelmoqda.
Tashqi vaziyat va savdo hamkorlardagi o‘zgarishlarga tashqi iqtisodiy munosabatlarning moslashib borishi hisobiga mamlakatga valyuta oqimlari hajmida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan 9 oyida oltinsiz eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,6 foizga ortib – 11,1 mlrd dollarni, mamlakatga pul o‘tkazmalari hajmi 2,2 barobarga ortib – 12,6 mlrd dollarni, aholining banklardan valyuta xaridi va sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut – 2,5 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Pul-kredit sharoitlari

Pul bozoridagi vaziyat va shakllanayotgan foiz stavkalari pul-kredit sharoitlaridagi o‘zgarishlarga nisbatan moslashib bormoqda. Sentabr oyida “UZONIA” stavkasi ham oy davomida 14-14,5 foiz doirasida shakllangan bo‘lsa, davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha daromadlilik muddatiga qarab 16-18 foiz atrofida bo‘ldi.
Depozit foiz stavkalarining real hisobda ijobiy shakllanayotganligi aholining milliy valyutada jamg‘arish faolligining ortishiga xizmat qilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari 1,5 barobarga oshdi.
Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar darajasida ijobiy o‘zgarishlar sezila boshlagan bo‘lsa ham, tashqi xatarlar va noaniqliklar yuqoriligicha saqlanib qolayotganligi, pul-kredit sharoitlarini o‘zgartirishda ehtiyotkorona yondashuvni kelgusida ham saqlab qolishni talab etadi.
Tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlar sinchkovlik bilan o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib boriladi.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 15-dekabr kuni o‘tkaziladi.
Yangiliklar lentasi
0