“Tashabbusli budjet” loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshiriladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 12.10.2022
Obuna bo‘lish
Kelgusi yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina “Tashabbusli budjet” orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratiladi.
TOShKENT, 12 okt — Sputnik. 2023 yil 1-yanvardan “Tashabbusli budjet” loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trillion so‘mga yetkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan mahallalarni obod qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda davlat rahbari “Tashabbusli budjet” loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.
Shu bois bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 milliard so‘m ajratishga ko‘rsatma berildi.
200 dan ortiq aholi qo‘llab-quvvatlagan mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi. Bu orqali 195 ta loyiha doirasida 600 ta mahalla aholisi qamrab olinadi.
Shu bilan birga, kelgusi yildan viloyat budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi ham “Tashabbusli budjet” loyihalariga beriladi.
Umuman, kelgusi yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina “Tashabbusli budjet” orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratilishi belgilandi.
Bunda “Tashabbusli budjet” loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trillion so‘mga yetkaziladi.
“Shunda adolat bo‘ladi, odamlar o‘zlari hissa qo‘shgan loyihalarni albatta asrab-avaylaydi”,- dedi prezident.
Davlat rahbari mutasaddilar e’tiborini respublika bo‘yicha 1,5 mingta mahalla aholisi birorta loyihaga ovoz bermaganiga qaratdi. Yaqinda mahallalarda raislar saylovi bo‘lib o‘tgani, yangidan saylangan raislar odamlarga va’dalar bergani, lekin taqdim etilayotgan bu imkoniyatdan foydalanmayotganini ko‘rsatib o‘tdi. “Mudrab o‘tirgan” raislarni faollikka chaqirish, kerak bo‘lsa o‘qitish kerakligi ta’kidlandi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning ikkinchi yarmida “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida 9 201 ta mahalla ishtirok etib, 38 mingta loyihaga 8 million aholi ovoz berdi (birinchi yarim yillikda 4 mingta mahalla qatnashgan).
Bu borada, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari aholisi faol bo‘ldi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 1 418 ta loyiha g‘olib deb topilib, ular uchun jami 1 trillion so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgan.
Yangiliklar lentasi
0