Toshkentdagi barcha kanallar atrofi sayilgohga aylanadi

© CA-NewsVodniy kanal, protekayushiy radom s mnogoetajnimi domami v Tashkente
Vodniy kanal, protekayushiy radom s mnogoetajnimi domami v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 23.09.2022
Obuna bo‘lish
Kanallar atrofiga piyodalar uchun ko‘priklar, bolalar o‘yingohi va sport maydonchalari, velosiped yo‘lagi, favvora barpo etilmoqda. O‘rindiqlar, shaxmat stoli, charxpalak ham o‘rnatiladi.
TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Toshkentda bir qator tumanlardan oqib o‘tuvchi kanallar atrofida sayilgohlar tashkil etiladi. Bu haqida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining yetmishinchi sessiyasida ma’lum qilindi.
Aytilishicha, hozirda asosiy e’tibor aholi dam olishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida kanallar atrofini obodonlashtirishga qaratilmoqda.
Quyidagi kanallarda sayilgoh tashkil etish ishlari olib borilmoqda:
Qorasuv kanalining Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Mirobod tumanlari hududidan o‘tgan jami 4,9 km qismi;
Anhor kanalining Muqimiy ko‘chasidan Cho‘ponota ko‘chasigacha bo‘lgan 1,7 km qismi;
Salar kanalining Bobur ko‘chasidan Kichik halqa avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 2,4 km qismi.
Bundan tashqari, bir qator tumanlarda obodonlashtirish va sayilgoh tashkil etish bo‘yicha loyihalashtirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Ular quyidagicha:
Uchtepa tumanidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanalining Farhod ko‘chasidan Kichik halqa avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 3,5 km qismi;
Jun kanalining Yangihayot tumani Katta halqa avtomobil yo‘lidan Sergeli-1 bekatigacha bo‘lgan 1,7 km qismi;
Katta Kalkauz kanalining Shayxontohur tumani Anhor bo‘yi ko‘chasidan Taxtapul ko‘chasigacha bo‘lgan 1,4 km qismi;
Olmazor tumanidan oqib o‘tuvchi Damashi kanalining Sag‘bon ko‘chasidan Kichik halqa avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 3,4 km qismi.
Ma’lumot uchun, Qoraqamish kollektorining Yunusobod tumani Kichik halqa avtomobil yo‘lidan Baraka ko‘chasigacha bo‘lgan 1,4 km qismida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, qirg‘oq bo‘yi hududida sayilgoh tashkil etildi.
U yerga piyodalar uchun ko‘priklar, bolalar o‘yingohi va sport maydonchalari, velosiped yo‘lagi, favvora barpo etildi. O‘rindiqlar, shaxmat stoli, charxpalak o‘rnatildi. Daraxtlar ekilib, chimlar yotqizildi.
Hozirda Toshkentda jami 128 ta kanal va kollektorlar mavjud. Ularning 16 tasi magistral, 24 tasi xo‘jaliklararo, 80 tasi xo‘jalik ichki kanallari hamda 8 tasi kollektorlardan iborat, ularning umumiy uzunligi 403 km.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatidan shahar hududiga qo‘shilgan hududlarda jami 88,5 km uzunlikdagi 19 ta xo‘jaliklararo kanallar ham mavjud.
Yangiliklar lentasi
0