Samarqanddagi sammit dollardan voz kechish jarayoniga qanday ta’sir ko‘rsatadi – ekspert fikri

© PixabayGorashaya kupura
Gorashaya kupura - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.09.2022
Obuna bo‘lish
Turkiyalik siyosatshunosning ta’kidlashicha, Rossiya, Xitoy va Hindiston kabi qudratli davlatlarning milliy valyutada savdo-sotiq qilish to‘g‘risidagi qarori dollar gegemoniyasi uchun g‘oyat jiddiy zarba bo‘ladi.
TOShKENT, 13 sen — Sputnik. 15 sentabr kuni Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi bo‘lib o‘tadi. Sammit doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy raisi Si Szinpinning uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Ikki davlat yetakchilari Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy va harbiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishadi.
Avvalroq Rossiya va Xitoy gaz to‘lovini rubl va yuanda amalga oshirishga kelishib olgan edi. O‘zaro savdo-sotiq hisob-kitoblarini milliy valyutalarga o‘tkazish nafaqat Xitoy, balki Turkiya bilan ham muhokama qilinmoqda. Rossiya Turkiya bilan ham gaz uchun to‘lovni qisman rublda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Bundan tashqari, avvalroq OAVlarda Hindiston va Rossiya Markaziy banklari ikki tomonlama savdoni milliy valyutalarga o‘tkazish borasida muzokaralar olib borayotgani haqida xabar paydo bo‘lgandi.
Turkiyalik siyosatshunos, Osiyo mintaqasi bo‘yicha ekspert Barish Adilbelli Sputnik bilan suhbatda ShHT va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining roli ta’siri oshishi va dunyo siyosatida dollardan voz kechishga oid choralar yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.
Ekspert Rossiya va Xitoyning tabiiy gazni milliy valyutada sotib olish qarori muhim ekanini urg‘uladi.

“Bu qadam – dollar gegemoniyasi uchun g‘oyat jiddiy zarba. Endilikda Rossiya ham, Xitoy ham Amerika dollarini zaxira valyutasi sifatida ko‘rmaydi. Bu o‘ta kuchli chaqiriq, zero gap kichik mamlakatlar haqida ketmayapti. Rossiya – bu dunyoda o‘z obro‘sini saqlab qolayotgan energetika giganti. Xitoy hozir dunyoda ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinda, u ham xarid qiladi, ham xom ashyo ishlab chiqaradi. Binobarin, har ikki iqtisodiy derjavalarning dollardan voz kechishi hamda ularga Hindiston kabi kuchli davlatning qo‘shilishi bunga o‘xshash jarayonlar boshqa o‘rtacha mamlakatlarda ham ro‘y berishidan darak beradi. Masalan, savdo-sotiqda milliy valyutalardan foydalanishga Turkiyaning qiziqishi g‘oyat yuqori. Amerika dollari dunyoda o‘z qiymatini yo‘qotmoqda, Yevropada u shundoq ham yevro bilan raqobat qilib kelayotgan edi. Chamasi, uning ta’sir chegarasi uchinchi dunyo mamlakatlari bilan cheklanadi”, - deb hisoblaydi Barish Adilbelli.

Siyosatshunosning so‘zlariga ko‘ra, XXI asrni “Osiyo yuksalishi asri” sifatida ta’riflash mumkin, gap uning o‘ziga tortish markazi Osiyo mintaqasi bo‘ladigan yangi dunyo tashkil etilishi haqida bormoqda. Ekspert yangi dunyo tartibi avvalo iqtisodiyotda shakllanayotganiga alohida e’tibor qaratdi.
“Rossiya, Hindiston va Xitoy milliy valyutalardan foydalanish asosida savdo-sotiq sohasida hamkorlikni chuqurlashtirayotgani muhim ahamiyatga ega. XXI asrda geosiyosat kelajagi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida belgilanadi”, - deb taxmin qildi ekspert.
Shuningdek, siyosatshunos ShHT bilan hamkorligi kengaytirishga intilayotgan Turkiya pozitsiyasiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, Turkiya o‘z oldida ochilayotgan imkoniyatlarni sinchkovlik bilan baholashi zarur. Shu nuqtayi nazardan uning ShHT sammitida ishtirok etishi muhim ahamiyat kasb etadi.
“Hozir mamlakatimiz (Turkiya – tahr.) ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomiga ega. Anqaraga ishtirok etish taklifi Rossiyadan kelib tushganiga alohida e’tibor qaratmoq darkor. Bu, xususan, Rossiya tashabbusi bilan Turkiyaning ShHTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi istiqboli haqida o‘ylash imkonini beradi”, - dedi Adilbelli.
ShHT - 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Unga Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston a’zo.
Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka.
2021 yil sentabr oyida Dushanbeda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida Eronni tashkilotga qabul qilish va Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish jarayoni boshlangan edi.
ShHT sammiti

Eslatib o‘tamiz, payshanba kuni Samarqandda ShHT davlat rahbarlari sammiti boshlanadi. Unda 15 ga yaqin davlat rahbari va 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar yetakchilari ishtirok etishi kutilmoqda.

Ushbu sammit O‘zbekistonning ShHTga raislik davrining yakuni bo‘ladi. O‘tgan yil mobaynida ShHT doirasida O‘zbekiston tomonidan 80 dan ortiq tadbirlar tashkil qilindi, ularning mantiqiy natijasi sifatida Samarqand sammitida 30 taga yaqin davlatlararo hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ushbu hujjatlar ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash va uni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.

Ular orasida mintaqaviy savdo, sanoat kooperatsiyasi va transport aloqalarini rag‘batlantirish konsepsiyasi va dasturlari bor. Shuningdek, yashil iqtisodiyot, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarda ham qo‘shma loyiha va tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

KengaytirishYig‘ishtirish
Yangiliklar lentasi
0