Ortiqxo‘jayev talabalarni xursand qiladigan yangilik aytdi

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaObshejitie dlya studentov tashkentskogo MIFI
Obshejitie dlya studentov tashkentskogo MIFI - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.09.2022
Obuna bo‘lish
Ortiqxo‘jayevning ta’kidlashicha, Toshkent shahrida bir haftada yana 10 ming o‘rinli qo‘shimcha yotoq joyi yaratiladi.
TOShKENT, 10 sen - Sputnik. Toshkent shahrining Yangihayot tumanida bir haftada davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 10 ming o‘rinli talabalar turar joyi tashkil etiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 9-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, sektor rahbarlari hamda poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etgan. Unda bugungi kunda dolzarb masala bo‘lib turgan talabalarni turar joy bilan ta’minlash, ular uchun yotoq o‘rinlarini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilingan.
Qayd etilishicha, ayni paytda Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlarining 92 tasida yotoqxona quvvati 35636 o‘rinni tashkil etadi. Bugungi kunda 27354 nafar talabaning yotoq joy bo‘yicha ehtiyoji qondirilgan. Ishlar jadallik bilan davom etmoqda. Bundan tashqari, 2022-yilda davlat-xususiy sheriklik loyihalari, oliygoh va budjet mablag‘lari hisobi hamda investitsiya dasturi doirasida yana 30 956 o‘rinli 60 ta loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtning Yashnobod tumanida yangi bunyod etilgan “Tashkent indeks” savdo-ishlab chiqarish majmuasi hududida bo‘sh turgan 10 ming o‘rinli tadbirkorlar binosini bir hafta muddatda davlat xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar uchun turar joyga aylantirish taklifini bergan. Mazkur taklif yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ma’qullangan.
Yig‘ilish so‘ngida oliy ta’lim muassasalari mas’ullariga zudlik bilan mavjud ehtiyoj bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirish vazifasi berilgan.
Yangiliklar lentasi
0