Mirziyoyev 2026-yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida 5 ta asosiy vazifani belgilab berdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.09.2022
Obuna bo‘lish
Prezident O‘zbekiston mustaqilligining 31-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida ishtirok etib, xalqqga tabrik yo‘lladi.
TOShKENT, 1 sen — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi va o‘z nutqida 2026-yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida 5 ta asosiy vazifani belgilab berdi.
Davlat rahbar so‘zining avvalida butun xalqni ulug‘ ayyom – Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
“Oradan yillar, asrlar o‘tadi. Lekin milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab bergan, barcha yutuq va marralarimizning zamini bo‘lgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulug‘, eng aziz bayram bo‘lib qoladi", - dedi prezident.
Davlat rahbari bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi jadal amalga oshirayotganini ta’kidladi.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston:
– har bir fuqaroning hayotini yanada yaxshilash maqsadida davlat xizmatlaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlar beradigan;
– odamlar o‘z muammolari haqida ochiq gapirishi va ularning yechimi uchun birgalikda harakat qilishlariga barcha sharoitlar mavjud bo‘lgan;
– hamma uchun adolatni so‘zsiz ta’minlash imkoniyatini beradigan hamda fuqarolari ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida teng bo‘lgan;
– tadbirkorlikning rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan davlatdir.
“Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston deganda, har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan, ochiq va adolatli jamiyat ham tushuniladi”, - dedi Mirziyoyev.
Prezident ushbu yuksak marralarga erishish uchun 2026-yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida 5 ta asosiy vazifani belgilab berdi.
Birinchi - ta’lim sohasida bolalar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratish izchil davom ettiriladi. Buning uchun maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.
Ikkinchi - har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.
Uchinchi - biznesni rivojlantirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, kambag‘allik qisqaradi, aholi daromadlari ko‘payadi. Buning uchun xususiy mulk va tadbirkorlikka xalaqit berayotgan barcha to‘siqlar bartaraf etiladi. Davlat boshqaruvi isloh qilinib, iqtisodiyotda davlat ishtiroki keskin kamaytiriladi.
To‘rtinchi - sog‘liqni saqlash tizimida aholiga yanada sifatli va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiriladi. Barcha hududlarda shoshilinch tibbiy yordam qamrovi oshirilib, odamlarga yanada yaqinlashtiriladi.
Beshinchi - aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi doimo diqqat markazida bo‘ladi. Sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmi keskin ko‘paytiriladi.
"Albatta, bunday keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirishda oldimizda turli qiyinchilik va muammolar paydo bo‘lishi tabiiy hol. Lekin o‘z tarixida qancha-qancha sinov va mashaqqatlarni boshidan kechirgan mard va matonatli xalqimiz har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishga qodir. Men bunga qat’iy ishonaman", - dedi davlat rahbari.
Mirziyoyev yangilanayotgan Konstitutsiya shoshilmasdan, xalq bilan maslahat qilib, faqat umumxalq referendumi asosida qabul qilinishini ta’kidladi.
“Ishonchim komil, Yangi Konstitutsiyamiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi", - dedi u.
Yangiliklar lentasi
0