O‘zbek animatorlari Xo‘ja Nasriddin multfilmi ustida ish boshlashadi

Obuna bo‘lish
Toshkentda "Animators Community by Bazelevs" loyihasining natijalari e’lon qilindi.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi hamda “Bazelevs” kinokompaniyasining Animators "Community by Bazelevs" animatsion loyihasi ilk bitiruvchilarini kuzatdi va yaqin kelajakdagi rejalari haqida ma’lum qildi.
Sputnik muxbirining xabar berishicha, bitiruv tadbiri 25-iyul kuni Toshkentdagi Lokomotiv xiyobonida bo‘lib o‘tgan.
Tadbirda Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, rossiyalik rejisser, Bazelevs kompaniyasi asoschisi Timur Bekmambetov va animatsiya maktabi badiiy rahbari Aleksandr Gamirov ishtirok etgan. Ular maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilar bilan uchrashishdi, shuningdek, diplomlar bilan taqdirlashdi.

“Bitiruvchilarimiz "Marvel" kabi xorijiy qahramonlarni emas, balki o‘z milliy qahramonimiz obrazini yaratishlarini istaymiz. Xo‘ja Nasriddin mana shunday qahramon hisoblanadi. Multfilm premyerasi bilan tabriklaydigan kunlarni kutib qolamiz”, - dedi Firdavs Abduxoliqov o‘z nutqida.

Tashkilotchilarning xabar berishicha, loyiha o‘z ishini davom ettiradi. Yaqin kunlarda maktabning ikkinchi guruh o‘quvchilari uchun qabul e’lon qilinadi. Shuningdek, animatsiya maktabini Nukusda ham ochish rejalashtirilmoqda.
“O‘ylashimcha, sizlar keyingi o‘quvchilar uchun namuna bo‘la olasizlar. Yana ko‘plab yoshlar ishlarimizni davom ettirmoqchi. O‘ylaymanki, oliyjanoblik ko‘rsatib, ular bilan o‘z tajribangiz bilan bo‘lishasiz”, - deydi Timur Bekmambetov.
Loyiha ko‘p yoshlarga o‘z orzularini amalga oshirish va sevimli ishini topishga yordam bergan.
“Men o‘qishga qabul qilinganimda hammasi qiyin va murakkab edi. Bu 4 oylik tinimsiz mehnat bo‘ldi, tunlari uxlamasdik. Avval animatsiya bilan umuman tanish emas edim. Mutaxassisligim bo‘yicha aslida kutubxonachiman, ammo qahramonlar yaratish mening bolalikdan orzuim bo‘lgan. Barcha bosqichlardan va to‘rt oylik ta’limdan o‘tdim, natijada meni 15 ta eng yaxshi bitiruvchilar safida ekanimni aytishdi. Juda xursand bo‘ldim. Oldinda bizni ancha murakkab, ammo ajoyib ishlar kutapti”, - deb taassurotlari bilan bo‘lishdi animatsiya maktabi bitiruvchisi Aida Djaksibayeva.
Eslatib o‘tamiz, loyiha Kinematografiya agentligi hamda “Bazelevs” kinokompaniyasining 2021-yil Toshkent Xalqaro Kinofestivalining Rossiya va Markaziy Osiyo qo‘shma mahsulotlariga bag‘ishlangan sessiyada imzolangan shartnomasi doirasida amalga oshirilgan.
Yangiliklar lentasi
0