O‘zbekiston fermerlari sariq rangli tarvuz yetishtirmoqda

© Qishloq xo‘jaligi vazirligiO‘zbekiston fermerlari sariq rangli tarvuz yetishtirmoqda
O‘zbekiston fermerlari sariq rangli tarvuz yetishtirmoqda - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.06.2022
Obuna bo‘lish
Sariq rangli tarvuz turi yangi, noyob va hududlarda kam yetishtiriladi. Shu sababli uning narxi oddiy tarvuzlarga qaraganda biroz yuqoriroq.
TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. O‘zbekiston fermerlari tomonidan yetishtirilayotgan sariq tarvuz ichki bozor va eksportga chiqarilmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi fermer xo‘jaligida urug‘i Janubiy Koreyadan keltirilgan Riamo navli sariq tarvuz yetishtirilmoqda.
Xo‘jalikning umumiy ekin maydoni 86 gektar bo‘lib, shundan uch yarim gektarida ikki yildan beri sariq va qizil tarvuz hosili olinadi.
“Sariq rangli tarvuz turi yangi, noyob va hududlarda kam yetishtiriladi. Shuning uchun ham uning narxi oddiy tarvuzlarga qaraganda biroz yuqoriroq”, deyiladi xabarda.
Butun dunyo bo‘yicha sariq tarvuz narxlari qizilga qaraganda biroz yuqoriroq bo‘lishi kuzatilmoqda.
Ta’kidlanishicha, sariq bilan qizil tarvuzning orasidagi asosiy va eng katta farq ichidagi massasining rangida. Sariq tarvuzning urug‘lari kamroq yoki umuman bo‘lmaydi. Ta’mi mango, limon va ananasga o‘xshab ketadi. Sariq tarvuz navlari qizilga qaraganda sal oldinroq pishadi.
Ma’lumot uchun, sariq tarvuz tarkibida A, B1, B2, B5, B6, B9, E, C, PP vitaminlar bor. U shuningdek, kalsiy, kaliy, magniy, temir, natriy, fosfor moddalariga serob. U immun tizimiga ijobiy ta’sir qiladi, turli infeksiya, viruslarga qarshi kurashishda yordam beradi. Eng muhimi, sariq tarvuz parhezda bo‘lgan, allergiyasi bor odamlar uchun foydali. Chunki unda qand moddasi va kaloriya kam.
Yangiliklar lentasi
0