O‘zbekistonni qanday ob-havo kutmoqda? Iqlimshunos olim bilan suhbat
© SputnikPilnaya burya v Uzbekistane
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Iqlim o‘zgarishi – so‘nggi yillarning global muammosidir. O‘zbekistonga bu qanday ta’sir qiladi? Yaqin yillarda ob-havoda qanday o‘zgarishlarni kutish mumkin?
TOShKENT, 17-iyun – Sputnik. O‘tgan asrda olimlar tomonidan ishlab chiqilgan iqlim ssenariylarida 2030-2050 yillarda havo haroratining ko‘tarilib ketish aytilgan edi. Biz bugun ushbu progonozlar amalga oshayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz, deydi iqlimshunos olim, Gidrometeorologiya ilmiy tekshirish instituti tayanch doktoranti Erkin Abdulahatov Sputnik muxbiri bilan suhbatda.
“Iqlim ssenariylarida O‘zbekistonda havo harorati 3 darajagacha ko‘tarilib ketishi prognoz qilingan. 2050-yilga borib, bu ko‘rsatkich 5 darajagacha, 2080-yilda 6-7 darajagacha ko‘tarilib ketishi mumkin. Demak, bizni mintaqa sharoitidan kelib chiqadigan bo‘lsak, qurg‘oqchilik xavfi kutib turibdi. Buni ortidan kuchli yomg‘ir bilan yog‘uvchi sel-suv toshqinlari ham kelib chiqishi mumkin”, - deydi Abdulahatov.
Hozirgi vaqtda suv zaxiralarining kamayishi, haroratning pasayishi, qishda kam qor yog‘ishi va boshqa tabiat hodisalari iqlim o‘zgarishiga misol bo‘la oladi. Bularning barchasi ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lmoqda, - deydi olim.
Xavfli harorat
Harorat - ob-havoning asosiy parametri hisoblanadi. Butun dunyo aholisi 2015-yildan keyin havo haroratining keskin o‘zgarishining guvohi bo‘lmoqda. Iqlimning bunday o‘zgarishi avtomatik ravishda mavsumlar o‘zgarishiga ham olib keladi.
Mutaxassis aytishiga ko‘ra, gidrometeorologiyada statistik ma’lumotlar har 30-yillik davrga solishtiriladi. Xususan, O‘zbekiston hududiga 1991-2021 yillikda sovuq havo kirib kelishi hissasi bundan oldingi iqlimiy davr (1961-1991) yillarga nisbatan 3 baravarga kamaygan. Oldingi davrda bu ko‘rsatkich 22-24% bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 8%ga tushib qolgan. Oqibatda - qish faslida kam qor yog‘ishi, sovuq havo oqimlarining kam kirib kelishi va o‘rtacha havo harorati isib borishi kuzatilmoqda.
Oldinlari havo haroratining isib ketishi, ya’ni 40 gradusdan yuqori harorat ilgari yoz faslida 15 kun kuzatilgan bo‘lsa, endi 30-40 kun kuzatilishi mumkin. Kelgusida bu holat faqat kunduzi emas, kechalari ham sodir bo‘lish ehtimoli bor. Bu insonning fiziologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, yoqimsiz kayfiyatni uyg‘otadi, - deydi olim.
Suv zahiralari kamaymoqda
Iqlimning tobora isib borayotgani suv havzalariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Harorat o‘sishi oqibatida suv havzalaridagi ochiq suvlarning bug‘lanishi hozirgi 5%dan 10-12 %gacha ortib ketishi mumkin. Tabiiyki suvlar bug‘lanishga sarflanib ketadi va qurg‘oqchilikka sabab bo‘ladi, - deydi mutaxassis.
Markaziy Osiyoda asosiy suv zaxiralari Zarafshon, Amudaryo va Sirdaryo hisoblanadi. Qish faslidagi qorning kam yog‘ishi ushbu darolarga suvning kam to‘planishiga olib keladi. Orol dengizining qurishi ham Amudaryo va Sirdaryo suvlarining kamayishi va o‘zlashtirilgan yer maydonlari ortib borishi oqibatidir.
Aholi soni ortib borishi bilan suvga bo‘lgan ehtiyoj ham oshadi, zaxiralar esa kamayib boraveradi. Orol dengizi o‘rnida paydo bo‘lgan “Orolqum” cho‘li ana shunday faoliyat misoli bo‘lishi mumkin.
Oldin katta hududdagi suvlar bug‘lanib turardi, endi esa dengiz yo‘qolib cho‘lga aylangan. Asosan Shimoliy G‘arbdan kirib keladigan havo oqimlarining buzilishiga ham olib kelmoqda.
Orol mintaqasidagi aholining yashash sharoitlari ham o‘zgarib borapti. Bu bevosita tabiat hodisalarining yomonlashuvi, Orol atrofidagi sahrodagi qumning chang bo‘lishi, ya’ni qum massalarining havoga ko‘tarilishi ekologik buzilishlarni yuzaga keltirdi.
Inson omili
Inson omili tufayli havoga metan, is gazi kabi zararli gazlar chiqmoqda. Ayniqsa, issiqxonalarning ko‘payishi ekologiya buzilishiga olib kelyapti.
Hozirda avtomobilsozlik ham rivojlanyapti, ishlab chiqarishdagi zararli tutunlar va gazlarning barchasi atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Iloji boricha ishlab chiqarishdagi mana shunday zararli tutun va gazlarni havoga keng tarqalib ketishini oldini olgan zarur.
Har bir inson atrof-muhitni asrashi, tabiat in’om etgan ne’matlarni qadriga yetib, meyorida avaylab ishlatishi va kelgusi avlodga yetkazishda faol bo‘lishi lozim, - deb xulosa qiladi mutaxassis.