Dunyoning 33 ta mamlakatdagi 650 nafar bolada noma’lum o‘tkir gepatit aniqlandi
© Sputnik / Aleksey Kudenko / Mediabankka o‘tishNII detskoy onkologii i gematologii RONS imeni N. N. Bloxina
© Sputnik / Aleksey Kudenko
/ Obuna bo‘lish
Kasallikning eng ko‘p holati Yevropada kuzatilgan, gepatitning kelib chiqishi hozirgacha aniqlanmagan.
TOShKENT, 29-may — Sputnik. Aprel boshidan buyon dunyoning 33 ta mamlakatidagi 650 nafar bolada kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan o‘tkir gepatit aniqlangan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p kasallanganlar Buyuk Britaniya (222 nafar) va AQShda (216) qayd etilgan.
Infeksiya Argentina, Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Kanada, Kipr, Daniya, Fransiya, Gretsiya, Indoneziya, Irlandiya, Isroil, Italiya, Yaponiya, Maldiv, Meksika, Moldova, Niderlandiya, Norvegiya, Falastin, Panama, Polsha, Portugaliya, Janubiy Koreya, Ruminiya, Serbiya, Singapur, Slovakiya, Sloveniya, Ispaniya va Shvetsiyada ham aniqlangan. Yevroittifoq mamlakatlarida kasallanish holatlarining 75 foizi besh yoshdan kichik bolalar ulushiga to‘g‘ri kelgan.
Ta’kidlanishicha, kasallangan bolalarda o‘tkir jigar yetishmovchiligi rivojlanmoqda. Olti foiz holatda bolalarda jigar transplantatsiyasi o‘tkazish talab qilingan, to‘qqiz nafar bola vafot etgan.
Shu bilan birga, mutaxassislar kasallanish manbasini va qo‘zg‘atuvchining yuqish usulini aniqlaganicha yo‘q. Ayrim bemorlarda adenovirus yoki koronavirus qayd etilgan.
Biroq gepatitning ushbu viruslardan keyin asorat sifatida paydo bo‘lishi haqida hech qanday dalil yo‘q. JSST mutaxassislari ushbu gipotezani o‘rganishda davom etmoqda va kasallik xavfini global darajada o‘rtacha deb baholaydi.
Noma’lum turdagi o‘tkir gepatit bilan kasallanish haqida aprel boshlarida xabar qilingan edi.23 aprel kuni JSST bir oylikdan 16 yoshgacha bo‘lgan 169 nafar bolada kasallik qayd etilgani haqida ma’lum qildi. Bu holatlarning birortasida ham gepatitning A, V, S, D va E turlari aniqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda prezident qarori bilan 1-iyuldan boshlab har yili 1 million nafargacha aholi virusli gepatit V va S turlariga skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi. 1-iyuldan nodavlat tibbiyot tashkilotlari qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlayotgan mutaxassislar gepatit B infeksiyasiga qarshi emlanadi. Tashkilot emlanish jarayonini ta’minlaydi.