Ijtimoiy himoyaga muhtojlar davlatdan bir martalik yordam puli olishadi

© Sputnik / Zafar XalilovSum
Sum - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.05.2022
Obuna bo‘lish
Bir martalik yordam Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — 300 ming so‘m, Toshkent shahrida — 400 ming so‘mni tashkil etadi.
TOShKENT, 25-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni "Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda "O‘zbekiston 24" dasturida xabar qilindi.
Farmonga binoan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining quyidagi qatlamlariga davlat budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi:
a) yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a’zosiga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — 300 ming so‘mdan;
Toshkent shahrida — 400 ming so‘mdan;
Shuningdek, respublika budjeti hisobidan boshqa organlar orqali pensiya oluvchilarga tegishli vazirlik va idoralar tomonidan mazkur bandning "a" kichik bandida nazarda tutilgan shartlarda va miqdorlarda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi;
b) "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga — 200 ming so‘mdan.
Jami 8,9 mln kishi bunday yordam bilan qamrab olinishi kutilmoqda.
Bir nechta toifa bo‘yicha bir martalik moddiy yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam har bir toifa bo‘yicha to‘lab beriladi.
Vazirlar Mahkamasi joylardagi mahalliy hokimiyat organlariga, Markaziy bank va tijorat banklari mazkur qarorda belgilangan bir martalik moddiy yordam to‘lovlarining ikki hafta muddatda to‘liq to‘lanishini ta’minlash topshirildi.
Uyida vaqtincha bo‘lmaganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra bir martalik moddiy yordam pullarini o‘z vaqtida ololmagan fuqarolar to‘lanmagan moddiy yordam pullarini 2022-yil 1-sentabrga qadar olish huquqiga ega.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlariga:
a) "Temir daftar"ga kiritilgan hamda mazkur qarorga asosan bir martalik moddiy yordam pullarini olmagan ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini shakllantirish hamda "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ushbu oilalarning har bir a’zosiga 20 kilogrammdan bepul un tarqatish;
b) ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan oilalarga "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi va boshqa manbalar hisobidan bepul un tarqatishni yoki naqd pul ko‘rinishida moddiy yordam ko‘rsatib borishni ta’minlash topshirildi.
Bunda, 2022-yil davomida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir mahalla fuqarolar yig‘inlarida ehtiyojmand oilalarning ahvolini muntazam ravishda o‘rganib boradi.
Qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan jami 2,2 trln so‘m, Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan 43 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Yangiliklar lentasi
0