O‘zbekistonda inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish tartibi belgilandi - yangi qonun
© minzdrav.uzTransplantologiya v Uzbekistane
Obuna bo‘lish
Qamoqda yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda homilador ayollarning inson a’zolari transplantatsiyasi taqiqlandi.
TOShKENT, 12-may — Sputnik. O‘zbekistonda homilador ayollar, qamoqda yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan hamda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqdagi tegishli qonun prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.
Qonunga ko‘ra, inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chog‘idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Tirik donorni undan a’zosini va (yoki) to‘qimalarini olish uchun rozilik berishga majburlash taqiqlanadi.
Sun’iy ravishda yetishtirilgan a’zolar transplantatsiya obyektlari bo‘lmaydi. Shuningdek, qonunning amal qilishi:
insonning ko‘payishiga taalluqli bo‘lgan a’zolar va to‘qimalarning transplantatsiyasiga;
a’zolar va to‘qimalarning autogen (bir shaxsning o‘zi tirik donor va retsipiyent bo‘ladi) transplantatsiyasiga;
qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Quyidagilarga nisbatan inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishga yo‘l qo‘yilmaydi:
18 yoshga to‘lmagan shaxslarga (bundan suyak iligini transplantatsiya qilish hollari mustasno);
belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga, shuningdek ruhiy holatning buzilishlariga (ruhiy kasalliklarga) chalingan shaxslarga;
qamoqda yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga;
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
homilador ayollarga;
shaxsi aniqlanmagan shaxslarga;
muayan yashash joyi bo‘lmagan shaxslarga;
“Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashovchi shaxslarga;
a’zosi va (yoki) to‘qimalari ilgari transplantatsiya uchun olingan shaxslarga.
O‘zbekiston fuqarosi chet davlat fuqarosi bo‘lgan retsipiyent uchun donor bo‘lishi mumkin emas.
Transplantatsiya qilinadigan inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini O‘zbekistondan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.
Inson a’zolaridan va (yoki) to‘qimalaridan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek transplantatsiyaga muhtoj shaxslarga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining yagona davlat reyestri tashkil etiladi.
Yagona davlat reyestrida:
a’zolarning va (yoki) to‘qimalarning potensial retsipiyentlari;
o‘ziga nisbatan a’zolar (a’zoning bir qismi) va (yoki) to‘qimalarning transplantatsiyasi bajarilgan retsipiyentlar;
o‘zidan a’zolar va (yoki) to‘qimalar olinishiga notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan tirik donorlar;
o‘zining biologik o‘limi yuz berishi fakti aniqlanganidan keyin o‘z tanasidan (tanasining qoldiqlaridan) a’zolar va (yoki) to‘qimalar olinishiga tiriklik chog‘ida notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan shaxslar;
o‘zidan transplantatsiya uchun a’zolar va (yoki) to‘qimalar olingan donorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Yagona davlat reyestrida saqlanadigan ma’lumotlar shifokor siridir.
Qonunga mavofiq, inson a’zolari va to‘qimalarini olish hamda ularning transplantatsiyasi davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi, ushbu muassasalarning ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini retsipiyentlarga transplantatsiya qilish inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi zarurligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa asosida, shuningdek transplantatsiya retsipiyentning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.