Noqonuniy kesilgan daraxt rasmi uchun pul to‘lanadi
© Pixabay / Herbert2512Virubka dereva
© Pixabay / Herbert2512
Obuna bo‘lish
Bugundan boshlab daraxtlarni noqonuniy tarzda kesish holatlari tasvirlangan foto va videolarni birinchi bo‘lib yuborgan shaxslarga 270 ming so‘m miqdorida pul mukofoti to‘lab beriladi.
TOShKENT, 1-aprel — Sputnik. Noqonuniy daraxt kesish holatlarini suratga olib yuborganlarga pul to‘lanadi. Bu haqida Toshkent shahar ekologiya va atrof - muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar bermoqda.
“Prezidentning 31-dekabrdagi farmoniga ko‘ra, aholi tomonidan yuborilgan daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi surat va videolar — maxsus avtomatlashtirilgan texnika vositalari orqali qayd etilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi”, deyiladi xabarda.
Huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan so‘ng, kelib tushgan xabarlar bo‘yicha rag‘batlantirish amalga oshirilmaydi:
pul faqatgina birinchi xabar bergan shaxsga to‘lab beriladi;
fotosurat, videoyozuv va xabarlarni taqdim etgan shaxslarning kimligi oshkor etilmaydi;
rag‘batlantirish mablag‘lari undiriladigan jarimalarning tegishli organlar hisobida qoldiriladigan qismidan qoplab beriladi;
huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi xabarlar "102" tezkor qisqa raqami yoki "Ekonazorat" axborot tizimi orqali qabul qilinadi.
Shu o‘rinda yana bir ma’lumot, Davlat ekologiya qo‘mitasiga IIV va Bosh prokuratura bilan birgalikda ikki oyda davlat ekologik nazoratining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.
Unga ko‘ra, 1-sentabrga qadar "Yashil makon" platformasi ishga tushiriladi. Ushbu platforma hududlarning tuproq-iqlim xususiyatlari, daraxtlar soni, turi va joylashuvi, aholining shaxsiy tashabbusi asosida daraxtlar ekilishi mumkin bo‘lgan manzillar, daraxtlarni kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish uchun berilgan ruxsatnomalar, aniqlangan huquqbuzarliklar kabi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Xabarda aytilishicha, jarimalar besh baravarga, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa ikki baravarga oshirildi. Daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish ham taqiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, 1-martdan "Yashil yillik" umummilliy tadbiri boshlangan edi. Bahor mavsumida loyiha doirasida 125 mln dona daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Prezident aholiga 10 million dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini bepul tarqatish vazifasini bergan.