O‘zbekistonda antik davrdan ham qadimiyroq topilmalar aniqlandi
© Depositphotos / Lufeethebear.gmail.comSkelet i arxeologicheskie instrumenti
© Depositphotos / Lufeethebear.gmail.com
Obuna bo‘lish
Arxeologik izlanishlar natijasida Xorazm viloyatida joylashgan Qatqal’a hududida miloddan avvalgi V asrga oid topilmalar aniqlangandi.
TOShKENT, 24 mar — Sputnik. O‘zbekiston respublikasi Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Jizzax, Suxondaryo, Samarqand, Buxoro, Andijon, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida 2021-yil davomida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida ilk bor arxaik davrga mansub topilmalar aniqlandi. Bu haqida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar bermoqda.
Xususan, Xorazm viloyati Shovot tumanidagi Katqal’a yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari natijasida yodgorlikning quyi qatlamlarida ilk bor arxaik davrga, mil. avv. V asrga oid topilmalar aniqlanganligi va bu o‘z navbatida Katqa’lani antik davrga emas, balki yanada qadimiylashtirishga asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Undan tashqari:
Namangan viloyati Chust tumani hududida joylashgan Buonamozor yodgorligining yuqori qatlamlari o‘rganildi. Natijada mil. avv. XI-VII asrlarga oid ko‘plab sopol komplekslari topilgan.
Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hududida bronza davriga oid 16 ta yangi yodgorlik aniqlangan.
Andijon viloyati Xonobod shahar tog‘ yon bag‘rida qabr-qo‘rg‘onlari aniqlangan hamda dala tadqiqoti mavsumida 2 ta qabr to‘liq ochilgan.
Toshkent viloyati Ohangaron tumani Chotqol-Qurama tog‘ tizmasi (O‘zbekiston) hududlarida o‘tkazilgan arxeologik qidiruv-tekshiruv ishlari natijasida Qizildara hududida 2000 ga yaqin qoyatosh rasmlari aniqlanib, ro‘yxatga olingan. Shuningdek, ushbu tumanda joylashgan Ertoshsoy tosh davri yodgorligida o‘rta paleolit davriga oid yangi manzilgohlar va ustaxonalar topilgan.
Hisobot yakunida akademik A.Asqarov o‘z fikr mulohazalarini bildirib, olib borilgan tadqiqotlarning ilmiyligi, o‘tkazilgan qazishmalarning metodik jihatdan to‘g‘riligi va qazishmalar jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar borasida tadqiqotchilarga va ishtirokchilarga ko‘rsatmalar berdi.