O‘zbekistonliklar hayotida 1-martdan nimalar o‘zgaradi

CC0 / pixabay / Kalendar. Illyustrativnoe foto
Kalendar. Illyustrativnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.03.2022
Obuna bo‘lish
Birinchi martdan yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lgan haydovchidan ayrim hujatlar talab qilinmaydi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar beriladi – batafsil quyida.
TOShKENT, 28 fev — Sputnik. 2022 yil 1-martdan O‘zbekiston qonunchiligida qator o‘zgarishlar ro‘y beradi.
1. Haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lganida quyidagi hujjatlarni olib yurishi talab etilmaydi:
transportni boshqarish, ro‘yxatdan o‘tkazganlikka oid hujjatlar;
ishonchnoma;
sug‘urta polisi.
Bunda ushbu hujjatlar mavjudligi YPX xodimi tomonidan elektron tizim orqali mustaqil tekshiriladi.
2. Uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar o‘rniga oylik kompensatsiya to‘lovlari joriy etiladi.
Uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar o‘rniga oylik kompensatsiya pul to‘lovlari, uni olish huquqiga ega bo‘lgan barcha imtiyozli toifadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qat’i nazar to‘lab boriladi.
Ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi.
Bunda, har oylik kompensatsiya to‘lovi – pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi (130 050 so‘m) miqdorida to‘lanadi;
Yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda – pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi (289 ming so‘m) miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
3. Yoshlarga ayrim yordam turlari (13 ta) mahalladagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida beriladi.
Yosh oilalarga imtiyozli kredit olib berish, nodavlat ta’lim kurslarida o‘qish, nogironligi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashga subsidiyalar beriladi.
4. Quyidagi xizmatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda ko‘rsatiladi:
O‘zbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
chet davlat hududida O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlash bo‘yicha tegishli hujjatlar va ma’lumotnomalar olish;
sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi ma’lumotlar olish;
avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish;
jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarda saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.
5. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar beriladi.
bolalikdan nogiron bo‘lgan shaxslar va I va II guruh nogironlari daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi;
- 2024-yil 1-martgacha ish beruvchilarga nogironlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq Davlat budjetidan to‘liq qaytarib beriladi.
6. Meva-sabzavotchilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish harajatini 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) va fermer xo‘jaliklariga — eksport shartnomasi mavjud bo‘lib, meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sug‘urtalash xizmatidan foydalanganda to‘langan sug‘urta mukofotining 50 foizi, biroq sug‘urta pulining 1 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.
meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperatsiyalarga) — xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun 1 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman bo‘limlari orqali kompensatsiya qilinadi.
7. "Topilmalar stoli" faoliyati tugatiladi
Ichki ishlar vazirligi tizimidagi "Topilmalar stoli" faoliyati tugatiladi. Tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan yo‘qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilishi boshlanadi.
Shuningdek, yo‘qolgan ashyolarni qidirish bo‘yicha murojaatlar YaIDXP orqali ham qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
8. 28 ta turdagi faoliyat uchun litsenziyani “Litsenziya” axborot tizimi yoki YaIDXP orqali olish mumkin.
Ro‘yxatga, jumladan, quyidagilar kiriritilgan:
nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish;
moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini asrash,
turizm faoliyati;
xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyat;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish va boshqa faoliyatlar.
Talabgor litsenziya olish uchun ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni “Litsenziya” AT yoki YaIDXP orqali elektron shaklda yuborishi kerak.
9. Yerlardan foydalanishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi
yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha aholi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan Bosh prokuratura (1007 qisqa raqami) va Kadastr agentligiga (1097 qisqa raqami) yuborilgan fotosurat va videoyozuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda hokim yordamchilariga o‘z hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga so‘rov yuborish huquqi beriladi.
10. Sementni cheklovlarsiz eksport qilishga ruxsat beriladi
barcha yuridik shaxslarga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sement, sement klinkeri va qurilish oynalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida cheklovlarsiz (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2024-yil 1-yanvarga qadar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga (ularning vakolatli vakillariga) qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.
11. Rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish takomillashtiriladi
Rasmiy hujjatga apostil qo‘yish, murojaat etuvchining o‘z xohishiga ko‘ra, an’anaviy yoki elektron tarzda amalga oshiriladi.
Murojaat etuvchi davlat xizmatini olish uchun DXMga o‘zi keladi yoki YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tgan holda elektron tarzda murojaat etadi.
12. "E-ekspertiza" yagona elektron axborot tizimi ish boshlaydi
Tizim sud ekspertlari va ekspertiza to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, ularga ishlov berish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish, aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir ma’lumotlarni yetkazish, ekspertiza harakatlarini amalga oshirishga aloqador tashkilotlar bilan axborot hamkorligining barcha turlarini ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
Yangiliklar lentasi
0