Din ishlari bo‘yicha qo‘mita aholiga murojaat qildi

© Sputnik/Ramiz BaxtiyarovPrazdnovanie Namaz xayit v Tashkente
Prazdnovanie Namaz xayit v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.02.2022
Obuna bo‘lish
Murojaatda keltirilishicha, oxirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaxslar va diniy soha vakillarining mamlakatning din sohasidagi yagona davlat siyosatini noto‘g‘ri tushunish va baholashga urinishlari kuzatilmoqda.
TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ijtimoiy tarmoqlarda diniy masala hamda O‘zbekistonning din sohasidagi pozitsiyasi borasida turli bahs-munozaralar tarqalayotgani sabab fuqarolarga murojaat bilan chiqdi.
Qo‘mita O‘zbekiston dunyoviy, huquqiy demokratik, ko‘p millatli va turli konfessiyali davlatligini eslatgan. Qonunchilikda hech qaysi dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biror-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Ta’kidlanishicha, turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatda qonun bilan o‘rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz xatti-harakat, gap-so‘z va sa’y-harakat turli dinlarga e’tiqod qiluvchi aholi orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga hamda diskriminatsiya va turli muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida davlat idoralari mas’ul xodimlari tomonidan O‘zbekistonning dunyoviy, huquqiy demokratik davlat tamoyillaridan kelib chiqib, jamiyatda qonun ustuvorligi eslatilgan chiqishlariga nisbatan ayrim shaxslar, shu jumladan, diniy soha vakillari turli munosabat bildirmoqda.
Qo‘mita Adliya vazirligi mamlakatda diniy tashkilotlarni ro‘yxatga oluvchi yagona vakolatli davlat organi hisoblanishini hamda diniy tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Konstitutsiyasi, qonunchilik hujjatlari talablari va o‘z ustavi qoidalariga rioya etishi ustidan nazoratni olib borishini eslatgan.
“Xulosa o‘rnida, fuqarolarimizdan diniy mavzu o‘ta xassos ekanini e’tiborga olib, internet va ijtimoiy tarmoqlarda diniy masala hamda davlatning din sohasidagi pozitsiyasiga munosabat bildirganda xolis bo‘lish, ayni vaqtda, davlatning dunyoviy demokratik tamoyillarini qat’iy yodda tutgan holda shaxsiy qarashlarini ommaviy munosabat sifatida talqin qilmasliklarini so‘rab qolamiz”, - deya xulosa qilgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita.
Avvalroq adliya vaziri Ruslanbek jamoatchilikka hisoboti davomida diniy tashkilotlarning ba’zi domlalari ma’ruzalari jamiyatda bo‘linishga olib kelayotganligini ta’kidlagan edi. U vazirlik ushbu sohani nazorat qilishini eslatib, “O‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz, chunki qonun bor” degan edi.
Keyin ijtimoiy tarmoqlarda ayrim diniy soha vakillarining adliya vazirining so‘zlariga bildirgan munosabatlari tarqaldi.
Yangiliklar lentasi
0