Chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash: Mirziyoyev yig‘ilishda qanday topshiriqlar berdi
14:42 16.02.2022 (yangilandi: 19:28 16.02.2022)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutgan soha - chorvachilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash, sohada ilg‘or texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutgan soha - chorvachilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash, sohada ilg‘or texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Biz “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kelgusi besh yilda kambag‘allikni kamida 2 baravarga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik.
Pandemiya davom etayotgani, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi kabi omillar dunyo bo‘ylab oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.
Aholi kundalik iste’mol xarajatlarining 30 foizini go‘sht, sut va tuxum kabi mahsulotlar tashkil etadi.
Shu bois, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim tarmog‘i – chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, resurs tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish har kungidan ham dolzarb va ustuvor ahamiyat kasb etmoqda”, dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.
“Bugungi yig‘ilishni o‘zim har bir viloyat va tuman ko‘rsatkichlarini chuqur tahlil qilib o‘tkazayotganimning yana bir muhim sababi – 2022-yilda chorvachilikda kamida 300 ming, qo‘y-echkichilikda 150 ming, pillachilikda 1,2 million, jami 1 million 650 ming aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha barcha imkoniyat va zaxira mavjud”, dedi prezident.
Shu bilan birga, davlat rahbari viloyat yoki tumanda go‘sht, sut va tuxum mahsulotlariga talab qancha, bu talabni qondirish uchun 2022-yilda qanday tizimli ishlar qilish kerak, degan savollarga birorta hudud rahbarida aniq tasavvur yo‘qligini tanqid qildi.
Chorvachilik va pillachilikda bugungi vazifalarni bajarish va aytib o‘tilgan ish o‘rinlarini yaratishga shaxsan viloyat hokimlarining o‘zi mas’ul va javobgar bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.
Tuman hokimlari, agrar soha rahbarlari uchun chorvachilik, qo‘ychilik, echkichilik, pilla va jun sanoati yo‘nalishida o‘quv seminari tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2019-2021 yillarda:
chorvachilik bo‘yicha 8 turdagi subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yildi;
chorvachilikka 15 trillion so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratilib, 4,5 mingga yaqin loyiha amalga oshirildi;
naslchilik xo‘jaliklari soni 3 baravarga ko‘payib, 1 ming 414 taga yetdi;
chorva mollari soni 1,2 millionga ko‘paydi.
Lekin, respublika bo‘yicha har 2 kishiga o‘rtacha 1 ta qoramol to‘g‘ri kelsa, bu ko‘rsatkich Namangan, Farg‘onada 4 kishiga 1 ta, Toshkent viloyati va Surxondaryoda 3 kishiga 1 tani tashkil etmoqda.
Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan va Surxondaryoda yirik chorvachilik xo‘jaliklarining soni qolgan hududlarga nisbatan 1,5-2 baravar kam.
Chortoq, Narpay, Urgut, Oltinsoy, O‘rtachirchiq va Urganch tumanlarida aholini go‘sht bilan ta’minlash darajasi 40 foizga yetmasada, ushbu tuman hokimlari 2022-yilda aniq loyihalarni ishga tushirishni reja qilmagan.
Shu sababli, viloyat hokimlariga bir oyda o‘zgarish qilmagan tuman hokimlarini ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish topshirig‘i berildi.
Yig‘ilishda kooperatsiya orqali chorvani ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi va namunali tajribalar ko‘rsatib o‘tildi:
- hokim yordamchisi va fermer xo‘jaligi hamkorligida aholiga qoramol hamda qo‘y va echki tarqatilgan, yetishtirilgan sut va go‘shtni sotib olish yo‘lga qo‘yilgan Mirishkor tajribasi;
- tomorqa xizmati korxonasi aholiga 2-3 tadan naslli qoramol tarqatgan, veterinariya xizmatlarini bepul ko‘rsatayotgan, gidroponika usulida ozuqa yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan Chust hamda yer resurslari cheklangan sharoitda xonadonlarda 20 tagacha zotli qoramol boqilayotgan Baliqchi tajribasi;
Bu tajribalarni kengaytirish uchun xorijiy kreditlar 10-yil muddatga 3-yil imtiyozli davr bilan ajratiladi, 14 foizdan oshadigan qismiga kompensatsiya va kreditning 50 foiziga kafillik, gidroponikada ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi qoplab beriladi.
Parrandachilik korxonasi aholiga 50-100 bosh xonaki parranda va inkubator tarqatgan, mingtadan tuxum sotib olish va parranda ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilgan Taxiatosh tajribasi alohida qayd etildi.
Ushbu tajribalardan kelib chiqib mutasaddilarga quyidagi topshiriqlar berildi:
15 martga qadar har bir tumanda kamida 5 tadan mahallada Mirishkor tajribasini yo‘lga qo‘yish;
1 mayga qadar tomorqa xizmati korxonalari orqali Chust va Baliqchi tajribalarini barcha tumanlarda joriy etish va buning uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 300 milliard so‘m ajratish;
1 iyunga qadar Taxiatosh tajribasi asosida har bir viloyatda kamida 2 tadan loyihani ishga tushirish;
1 sentabrga qadar har bir viloyatda kamida 2 mingtadan xonadonga naslli chorva mollarini tarqatishni tashkil etish.
Umuman, viloyat hokimlari yuqoridagi 3 ta tajriba asosida 2022-yilda jami 200 ming aholi bandligini ta’minlashga shaxsan mas’ul bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.
Qo‘y-echkilar sonini keskin ko‘paytirib, aholini jundan mahsulot to‘qib, daromad topishga rag‘batlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Bu borada Angren, Koson, Romitan va Navbahordagi kooperatsiya bo‘yicha namunali tajribalar ko‘rsatib o‘tildi va ularni ikki oy muddatda 60 ta tumanda yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berildi.
Yil yakuniga qadar naslli qo‘y ko‘paytirish bo‘yicha 133 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Bunda:
- jun va sut yo‘nalishida naslli qo‘y va echki xarid qilish uchun 5-yilgacha 3-yil imtiyozli davr bilan;
- chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan aholi xonadonlaridan jun va sut mahsulotlarini sotib olishga 12 oygacha 9 oy imtiyozli davr bilan;
- yem ozuqa, shuningdek sut, go‘sht va junni qayta ishlash sexlarini tashkil etishga 10-yil muddatga 3-yil imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladi.
Aholiga ushbu kreditlar hokim yordamchilari tavsiyasi asosida 50 million so‘mgacha garov ta’minotisiz ajratiladi, kredit foizining yarmini qoplashga kompensatsiya beriladi.
Yig‘ilishda o‘n kun muddatda kooperatsiya asosida aholiga 350 ming bosh qo‘y va echkini tarqatish ishlarini boshlashga topshiriq berildi. Bunga 100 million dollar yo‘naltiriladi.
Soha mutasaddilariga viloyat va tuman hokimlari bilan birga bir hafta muddatda 67 ta yirik qo‘y va echkichilik xo‘jaliklarini tashkil etish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Viloyat hokimlari 2022-yilda qorako‘lchilik, qo‘ychilik, echkichilik va jun sanoatini rivojlantirish hisobiga 150 ming aholi bandligini ta’minlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yil yakuniga qadar 123 ta yirik loyihani ishga tushirish, har bir klasterda kamida 500 boshli chorva komplekslari tashkil etilish choralari belgilab olindi.
Bunda, 500 gektar maydonda ozuqa ekinlarini almashlab ekishni yo‘lga qo‘ygan, 2021-yilda 1 ming boshga ega yirik chorvachilik kompleksini ishga tushirib, 2022-yil yakuniga qadar 400 tonna go‘sht va 1,5 ming tonna sut ishlab chiqarishni rejalashtirgan Gurlandagi “Gurlan Baraka teks” klasteri namuna sifatida aytildi.
Bunday chorva komplekslarini kengaytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun:
- 120 million dollar mablag‘ kredit resursi sifatida yo‘naltiriladi;
- chetdan olib kelinadigan ozuqa ekish va o‘rish texnikalari bojxona bojlaridan 3-yil muddatga ozod etiladi hamda ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kungacha kechiktirib to‘lash tartibi joriy etiladi (bu texnikani 20 foizga arzon sotib olish imkonini beradi);
- kredit va lizingga olinadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari foiz xarajatining 10 foizdan ortiq qismi qoplab beriladi;
- chorva bosh soniga mutanosib ravishda ozuqa yerlari ajratiladi.
Yil yakuniga qadar 105 ta, kelgusi yilda 130 ta paxta va g‘alla klasterlarining har birida kamida 500 va 1 ming boshli chorva komplekslarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Mirziyoyev chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash masalasiga alohida to‘xtaldi.
Viloyat hokimlariga 2 million gektar suvli yer maydonining kamida 10 foiziga beda va chorva ozuqa ekinlarini almashlab ekishni ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, foydalanishdan chiqqan va yangi yerlarni o‘zlashtirish hisobiga yirik chorva komplekslari tashkil etiladi.
Bunda, Qiziltepada 2021-yilda 1 ming gektar cho‘l yerlarini o‘zlashtirib, 2 ming boshli chorva kompleksi va kuniga 40 tonna sutni qayta ishlash sexini ishga tushirgan, 2022-yilda qo‘shimcha 1 ming gektar yerni o‘zlashtirib, yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatgan holda elita urug‘chiligini tashkil etishni rejalashtirgan hamda suv tejash texnologiyasi yordamida arpa va makkajo‘xori kabi ozuqabop ekinlarni oralatib ekkan “Yangi Asr” chorvachilik xo‘jaligi misoli aytib o‘tildi.
Suvni tejash texnologiyalari yordamida ozuqa ekinlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularga:
har bir gektar uchun 8 million so‘m subsidiya beriladi;
xorijiy kreditlar 10-yil muddatga 3-yil imtiyozli davr bilan ajratiladi;
kredit foizining 14 foizdan oshadigan qismiga kompensatsiya va kredit summasining 50 foiziga kafillik beriladi;
go‘sht va sut uchun budjet hisobidan beriladigan subsidiya miqdori 2 baravarga oshiriladi.
Viloyat va tuman hokimlari yil yakuniga qadar ushbu yo‘nalishda 100 ming aholi bandligini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Prezident 2022-yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan 500 million dollar jalb etib, chorvachilikni rivojlantirish loyihalariga yo‘naltirish zarurligini qayd etdi.
Yig‘ilishda chorva mahsuldorligini oshirish, naslchilikni yaxshilash, umuman, sohaga ilm va ilg‘or tajribalarni joriy etishda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining roli kuchaytirilishi ta’kidlandi.
Ushbu institut maqomi oshiriladi, unga veterinariya, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tajriba institutlari biriktiriladi.
Institut va uning filiallari:
- barcha paxta, g‘alla va chorvachilik klasterlariga biriktiriladi, ularga amaliy va metodologik ko‘mak berib, pullik xizmatlar ko‘rsatadi;
- aholi xonadonlarida qoramol, qo‘y, echki, parranda va boshqa chorvani ko‘paytirish, ozuqa ekinlarini ekish, chorva kasalliklarini oldini olish bo‘yicha “mahallabay” ishlashni yo‘lga qo‘yib, aholi va fermerlarni qisqa muddatli kurslarda o‘qitadi.
“Chorvanasl” agentligiga har bir tuman kesimida chorvachilikda naslchilikni yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash topshirildi.