Parrandachilarga subsidiyalar va imtiyozlar beriladi

© Sputnik / Aleksandr KondratukSiplyata
Siplyata - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 16.06.2021
Obuna bo‘lish
Asosiy faoliyati parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlar uchun ayrim soliq stavkalari 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi.
TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021-yil 1-iyundan QQS to‘lovchisi bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1 000 so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilandi.
2025 yil 1-yanvarga qadar:
omuxta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi;
parrandachilik loyihalarini amalga oshirish uchun ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi;
kushxona va muzlatkichlarni o‘z ichiga olgan parrandalarni so‘yishga mo‘ljallangan zamonaviy kompleksni ishga tushirgan tadbirkorlarga loyiha qiymati 40 milliard so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi.
Qarorga ko‘ra, parrandachilik loyihalarini moliyalashtirish uchun 85 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ “Mikrokreditbank” ATBga yo‘naltiriladi.
2021 yil 1-iyuldan 2024-yil 1-iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlar uchun asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi.
2022 yil 1-iyulga qadar tuxum, parranda go‘shti va mahsulotlarini eksport qiluvchi hamda soya donini import qiluvchi tadbirkorlar (ularning vakolatli vakillari)ga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.
Korova - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 04.03.2021
Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga subsidiyalar ajratiladi
Qarorga ko‘ra, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining parrandachilik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.
Yangiliklar lentasi
0