Joriy yilda OTMlarda davlat grantlari sonini 25 foizga oshirish rejalashtirilmoqda
12:43 29.03.2021 (yangilandi: 12:46 29.03.2021)
© AFP 2023 / AFP / YURI KORSUNTSEVUzbekskie studenti sdayut vstupitelnie ekzameni pod otkritim nebom v Tashkente
© AFP 2023 / AFP / YURI KORSUNTSEV
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda 2021–2022 o‘quv yilida OTMlarda davlat grantlari 25 foizga oshirilishi mumkin.
TOShKENT, 29 mar — Sputnik. O‘zbekistonda 2021–2022 o‘quv yilida OTMlarda davlat grantlarini 25 foizga oshirish taklif qilinmoqda. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi prezidentning 2021-2022 o‘quv yilida OTMlarga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risidagi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Qarorga muvofiq, 2021–2022 o‘quv yilida oliygohlarga davlat buyurtmasi qabul parametrlarini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:
davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlarini 2020–2021 o‘quv yiliga nisbatan 25 foizga oshirilgan holda belgilash;
“ijtimoiy lift” tamoyili asosida xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish maqsadida alohida grant o‘rinlarini ikki barobarga oshirish;
oliygohlarga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish bo‘yicha kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlari "quota.idm.uz" elektron portali orqali shakllantirilganligi;
vazirlik va idoralar, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyoj yuqori bo‘lgan yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlashda davlat granti nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ham berilishi;
oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlarini tuman (shahar)lar kesimida taqsimlash.
Davlat oliy ta’lim muassasalariga Davlat buyurtmasi parametrlari quyidagicha tashkil etadi:
Bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:
- kunduzgi ta’lim shakliga – 115 343 ta;
- sirtqi ta’lim shakliga – 36 211 ta;
- kechki ta’lim shakliga – 6 325 ta;
- Magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 12 914 ta;
nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlari 56 ta etib tasdiqlash ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 2000 nafar qo‘shimcha davlat granti ajratiladi.
Shu bilan birga:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 100 nafardan xotin-qizlar uchun har yili mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan;
- moliyaviy barqaror davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularning Kengashi qaroriga asosan 50 nafargacha xotin-qizlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi ko‘zda tutilmoqda.