TOShKENT, 28 dek — Sputnik. “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan 2 ta qonun va 1 ta kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, endilikda viloyat, tuman, shahar hokimi qonunda nazarda tutilgan hollarda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, dehqon xo‘jaliklari va fuqarolarga egalik qilish, foydalanish uchun va ijaraga yer berishga, ushbu subyektlarning yerga egalik qilish va undan foydalanishga bo‘lgan huquqini bekor qilishga haqli ekanligi belgilandi (ilgari hokimlar bu subyektlarning yerga egalik qilish va yerdan foydalanish huquqini to‘xtatib qo‘yishga ham haqli bo‘lgan).
Qonun bilan Yer kodeksiga ham mulkdorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, kodeksdan Vazirlar Mahkamasining, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqini belgilangan tartibda bekor qilish hamda yerlarni olib qo‘yish bilan bog‘liq vakolatlari chiqarildi.
Shuningdek, ushbu kodeksga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini tugatishning sud tartibida amalga oshirilishi holatlari belgilab qo‘yildi (ilgari yer uchastkasiga egalik qilish yoki yer uchastkasidan foydalanish huquqini tugatish barcha holatlarda hokimlarning qarorlari yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshirilgan).
Qonun bilan “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga:
- davlat organining mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qo‘yishga qaratilmagan qarori, shu jumladan, yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishi mulkdorning roziligi bilan qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimlarining olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarini buzib tashlash to‘g‘risidagi qarori faqat adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lganda qabul qilinishi;
- mol-mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarining qayta ko‘rib chiqilishiga hamda bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligiga oid qoidalar kiritildi.